Video: Alisa SI assistenti Andijondagi futbol oʻyinida boshlovchilik qildi

O‘zbekiston futboli tarixida ilk marta professional o‘yinda boshlovchiga yordamchi sifatida sun’iy intellekt ishtirok etdi. 28-aprel kuni Yandex Uzbekistan’ning Alisa assistenti Andijondagi “Bobur Arena” stadionida O‘zbekiston Superligasi 10-turidan o‘rin olgan “Andijon” — “Dinamo Samarqand” uchrashuvini sharhlashda ishtirok etdi.
O‘yin boshlanishidan oldin Alisa professional boshlovchiga qo‘shilib, o‘zbek tilida tomoshabinlarni qutladi, jamoalar tarkibini tanishtirdi va tribunalardagi muhit haqida ma’lumot berdi. Tanaffus paytida taymerni ishga tushirdi, o‘yin yakunlanganidan so‘ng esa natijalarni sarhisob qilib, g‘olib jamoa — “Andijon"ni tabrikladi.
Alisani stadionda namoyon bo‘lishi Yandex Uzbekistan va O‘zbekiston Professional futbol ligasi o‘rtasida 2025 yil fevralda e’lon qilingan strategik hamkorlik doirasida amalga oshirildi. Ushbu hamkorlikdan maqsad — mamlakatda futbol sanoatini rivojlantirish va zamonaviy texnologiyalar asosida muxlislar uchun yangi imkoniyatlar yaratishdan iborat.
Alisa “aqlli” kolonkalarda 2025-yil sentyabridan boshlab o‘zbek tilida so‘zlasha boshlagandi. SI assistent Yandex Uzbekistan’ning yirik til modeli asosida ishlaydi. Ushbu modelni o‘qitishda professional muharrirlar va filologlar ishtirok etgan, sinov jarayonida esa O‘zbekistonning 13 hududidan 300 nafar foydalanuvchi jalb qilingan.