Yangi rekordlar: Zaamin Ultra yugurish musobaqasi qanday oʻtdi?

13 va 14-iyun kunlari Zomin milliy tabiat bog‘ida oltinchi marta Zaamin Ultra xalqaro ultramarafoni bo‘lib o‘tdi. Samarkand Marathon seriyasiga kiruvchi yugurish musobaqalaridan biri boʻlgan tadbir koʻplab havaskor va professional yuguruvchilarni oʻzida jamladi.

Ushbu yugurish musobaqasi Samarkand Marathon seriyasidagi Buxoro va Samarqanddagi startlardan qiyin boʻlsa-da, Amirsoyda oʻtkaziladigan “Sky Camp"dan osonroq hisoblanadi. Shunga qaramay, trassaning tekis emasligi qiyinchilikni oshiradi. Zominga yugurish uchun 19 ta mamlakatdan 4473 nafar ishtirokchi kelgan.

An’anaviy tarzda yugurishni 13-iyun kuni bolalar KIDS RUN musobaqalari bilan boshlab berdi. Unda turli yosh toifalaridagi kichik qatnashchilar 1000 m, 600 m, 300 m, 60 m masofalarda startga chiqdi.
Ularning gʻoliblik sari intilishi va harakat qilishiga ota-onalar hamda boshqa ishtirokchilarning qoʻllab-quvvatlashi hamrohlik qildi. Umuman olganda, ba’zi ota-onalarning koʻzidagi hayajon, ba’zilarining esa gʻoliblikka boʻlgan xohishi bolalarnikidan ham koʻproq edi.

Shuningdek, 13-iyun kuni 2 kilometr masofada yugurish musobaqasi ham oʻtkazildi. Startda ilk bor qatnashayotgan yuguruvchilarni ham, gʻoliblik uchun kurashadigan va ancha yillik tajribaga ega ishtirokchilarni ham koʻrish mumkin edi. Ammo asosiy maqsad nafaqat birinchi oʻrinni olish, balki yugurish bilan birlashgan goʻzal tabiatdan zavqlanish ham edi.
Gʻoliblar roʻyxati quyidagicha boʻldi.
Erkaklar:
- Poʻlatxoʻjayev Fayzullo — 00:07:05
- Mirzahmedov MuhammadAmin — 00:08:32
- Nizomov Javohir — 00:09:28.
Ayollar:
- Kogan Alina — 00:10:58.
- Amonova Diana — 00:11:03.
- Bulantsova Marina — 00:11:56.

Samarkand Marathon’ning oʻziga xos jihatlaridan biri boʻlgan plogging (yugurish paytida chiqindini yig‘ish) ham “Avvalgidan tozaroq” shiori ostida oʻtkazildi. Unda ishtirok etganlarga “Bukhara Night Race"da yigʻilgan va qayta ishlangan chiqindilardan yasalgan medallar topshirildi.
Ma’lumot uchun, ploggingda oʻsha joyning oʻzida ro‘yxatdan o‘tgan holda bepul ishtirom etish mumkin. Keng ko‘lamli sport tadbiri o‘tkazilgandan so‘ng chiqindilar yig‘ilib, qayta ishlashga yuboriladi.

Tashkilotchilar ishtirokchilarni tadbirda plastik miqdorini kamaytirish uchun o‘zlari bilan termokrujkalar va termoslarni olib kelishga chaqiradi, shuningdek, 50 km masofasi ishtirokchilari uchun start paketida ovqatlanish joylarida foydalanish uchun silikon stakanlar taqdim etildi. Bu qadamlarning barchasi ultramarafon o‘tkaziladigan joyni avvalgiga qaraganda tozaroq qoldirish imkonini beradi.

Kun yakunida tashrif buyuruvchilar uchun musiqiy dastur ham tashkil etildi. Bundan tashqari, ishtirokchilar fud-kortlar, dam olish va bolalar zonalari tashkil etilgan hamda hamkorlarning stendlari oʻrnatilgandi.

14-iyun, yakshanba kuni erta tongda 5, 10, 21 (yarim marafon) va 50 (ultra marafon) km yugurishga start berildi. Unda gʻoliblar quyidagicha boʻldi:
50 km, erkaklar:
- Begaliev Nurziyad — 04:06:00 (musobaqadagi yangi rekord);
- Xudoyberganov Bunyod — 04:11:42;
- Xusainov Voxid — 04:24:33.
Ayollar:
- Yusupova Shirin — 06:19:37;
- Xoʻjaboyeva Elvira — 06:21:28;
- Milusheva Inga — 06:31:01.
21 km, erkaklar:
- Tuliyev Bekzod — 01:37:20;
- Borisov Aleksey — 01:49:01;
- Allamuradov Dilshod — 01:52:03.

Ayollar:
- Akberdina Nadejda — 02:21:18;
- Nurgaliyeva Aliya — 02:23:58;
- Nazarova Yuliya — 02:24:01.
10 km, erkaklar:
- Fadeyev Yevgeniy — 00:41:36;
- Kozachok Maksim — 00:45:15;
- Shayaxmetov Timur — 00:45:24.
Ayollar:
- Tadjibaeva Nigora — 00:56:56;
- Jiltsova Aleksandra — 00:59:45;
- Kojaeva Ilsiya — 01:00:39.

“Birinchi ishtrokim uchun trassa biroz qiyinroq boʻldi, lekin men xursandman chunki buni uddayal oldim va 10 kilometrni 1 soatu 13 daqiqada bosib oʻtdim. Birinchi ishtirok uchun yomon emas deb oʻylayman, keyingi marafonlarda ham qatnashish xohishim yanada oshdi”, — dedi musobaqada ilk bor qatnashgan ishtirokchilardan biri.

5 km, erkaklar:
- Xoʻjamshukurov Shohruh — 00:21:13 (trassadagi yangi rekord);
- Shakirov Sharif — 00:22:52.
- Najmutdinov Ixtiyor — 00:23:13.
Ayollar:
- Bogdanova Anna — 00:27:39 (trassadagi yangi rekord);
- Panova Veronika — 00:28:07;
- Panova Valeriya — 00:28:16.

Ma’lumotlarga koʻra, Zaamin Ultra’ning asosiy masofasi boʻlgan 50 kilometrlik start ham faol rivojlanishda davom etmoqda. 2025-yilda ushbu masofaga 80 nafar ishtirokchi ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lsa, 2026-yilga kelib ularning soni 159 nafarga yetgan.
Shuningdek, ayol ultramarafanchilar sonining o‘sishi kuzatilgan. 2021-yilda 50 km masofaga bir nafar — O‘zbekistondagi birinchi ayol ultramarafanchi bo‘lgan Dilfuza Allayarova startga chiqqan edi. 2026-yilga kelib masofadagi ayollar soni 16 nafarga yetdi.

“Samarkand Marathon” seriyasidagi keyingi yugurish musobaqasi “Sky Camp” boʻlib, 23-avgust kuni Toshkent viloyatining Boʻstonliq tumanida oʻtkaziladi.