Sun'iy intellekt, iOS18 va iPad uchun "aqlli" kalkulyator: Apple'ning yangi taqdimoti haqida batafsil

E’lon qilingan sana· 216
Sun'iy intellekt, iOS18 va iPad uchun "aqlli" kalkulyator: Apple'ning yangi taqdimoti haqida batafsil

“Apple” kompaniyasi 10-iyun kuni WWDC dasturchilar konferensiyasini ochib beruvchi taqdimot marosimini oʻtkazdi. Unda kompaniya operatsion tizimlarining navbatdagi versiyalari va o‘zining “Apple Intelligence” sun’iy intellektini taqdim etdi. Quyida tadbirda taqdim etilgan turli gadjetlardagi oʻzgarishlar haqida batafsil.

visionOS 2

“Apple” oʻzining “WWDC 2024” taqdimotini Vision Pro aralash reallik garniturasi uchun soʻnggi operatsion tizimi — visionOS’ni tanishtirish bilan boshladi. Kompaniya OTning navbatdagi asosiy versiyasi — visionOS 2'ni taqdim etdi. Uning yangi funksiyalaridan biri mavjud fotosuratlarga chuqurlik kiritish uchun mashina o‘rganuvidan foydalanishidir.

Shuningdek, operatsion tizimga menyularga kirish va batareya quvvatini tezkor koʻrish imkonini beruvchi qoʻshimcha imo-ishoralar qoʻshildi. visionOS 2 foydalanuvchilari ulangan Mac kompyuterlarining virtual displey hajmini ham sozlashi mumkin.

Vision Pro iyun oxirida Xitoy, Singapur va Yaponiyada sotuvga chiqariladi, iyul oʻrtalarida esa bir nechta boshqa davlatlarda ham sotila boshlaydi.

iOS 18

“Apple” oʻzining keyingi avlod mobil operatsion tizimini taqdim etdi. iOS 18 asosiy ekran va Boshqaruv markazini personallashtirish (foydalanuvchi oʻziga moslashtirishi) uchun qoʻshimcha imkoniyatlarni taqdim etadi.

Boshqaruv markaziga qo‘shimcha sahifa qoʻshiladi, foydalanuvchilar ularga ko‘proq narsalarni joylashtirish orqali oʻziga moslashtirishi mumkin. Markazning dizayni ham qayta ishlab chiqilgan.

iOS 18 da bloklangan holatdagi ekranda tezkor kirish uchun ilovalarni oʻzgartirish mumkin. Masalan, Kamera yoki Chiroqchani “Snapchat” yoki boshqa dastur bilan almashtirish mumkin boʻladi.

“Xabarlar” ilovasi endi xabar yuborilishini rejalashtirish va matnni formatlash imkoniyati paydo boʻladi.

iOS 18 operatsion tizimida ishlaydigan “iPhone” foydalanuvchilari xabarlarga turli effektlarni qo‘llashi mumkin bo‘ladi. Ular faqatgina ikkinchi tomon “iMessage"dan foydalansagina ishlaydi.

“Wallet” ilovasiga bir “iPhone"dan boshqasiga ularni bir-biriga yaqinlashtirish / tekkazish orqali pul jo‘natish imkoniyatini qo‘shiladi.

iOS 18'da oʻyin rejimi paydo boʻladi. Bu boshqa ilovalarning fon faolligini pasaytiradi. Bu ishga tushirilgan oʻyinlarda kadrlar chastotrasi tezligini oshirish imkonini beradi.

iOS 18'dagi “Photos” ilovasi butunlay qayta ishlangan. “Apple” dasturga kiritilgan oʻzgarishlarni ilova tarixidagi eng kattasi deb atadi.

Xususan, “Photos"da biz turli mavzular yoki sanalar boʻyicha toʻplangan rasmlar va toʻplamlarning umumiy tasmasi qoʻshildi. Ushbu “aqlli” tanlovlar real vaqtda shakllanadi. iOS 18 foydalanuvchilari oʻzlarining saralangan suratlariga tezroq kirish uchun Toʻplamlar tartibini sozlashlari mumkin boʻladi.

AirPods va Apple TV

Endi “Apple” quloqchinlari imo-ishoralarni payqay oladi. Misol uchun, foydalanuvchi qoʻngʻiroq kelganda boshini u yoqdan bu yoqqa qimirlatish orqali uni rad etishi mumkin boʻladi. Bundan tashqari, quloqchinlar qoʻngʻiroq paytida atrofdagi tovushlarni kamaytiruvchi ovozli izolyatsiyani qoʻllab-quvvatlaydi.

“Apple TV” filmlardagi foydali ma’lumotlarni koʻrsatuvchi “InSight"ni qoʻllab-quvvatlaydi, shuningdek, tomonlar nisbati 21:9 boʻlgan proyektorlar bilan mos keladi.

watchOS 11

“Apple Watch” yangi operatsion tizimini olgandan soʻng unda mashgʻulot ogʻirligini hisoblash imkoniyati paydo boʻladi. Aqlli soat foydalanuvchilari qanchalik samarali mashq qilayotganini yaxshiroq koʻrishlari mumkin boʻladi.

Shuningdek, foydalanuvchilar iPhone orqali soat ekranini sozlashi mumkin boʻladi. Bundan tashqari, “Apple Watch” “Vitals” ilovasi qoʻshiladi. U foydalanuvchining umumiy sogʻligʻini baholaydi va zarur hollarda oʻzgarishlar haqida xabar beradi. watchOS 11'da qoʻshimcha siferblatlar paydo boʻladi.

iPadOS 18

Navbatdagi iPad operatsion tizimida Bosh ekran, Boshqaruv markazi va “Photos” ilovasi toʻliq qayta ishlab chiqilgan. iPadOS 18'da ilk marotaba “Kalkulyator” ilovasini paydo boʻladi. Va nihoyat, “Apple” ushbu ilovani qoʻshishga qaror qildi va “Apple Pencil"ni ham qoʻllab-quvvatlashini e’lon qildi. Ya’ni kalkulyatordan foydalanishda “Pencil” orqali misollarni yozish mumkin (xuddi qogʻozga yozgandek), ilova esa avtomatik tarzda ularni ishlab beradi.

“Notes” ilovasi ham endi “Apple Pencil” bilan bir qancha amallarni bajara oladi, masalan, endi u stilus yordamida yozilgan soʻzlardagi xatolarni tuzatish imkoniyatiga ega.

macOS 15 Sequoia

MacOS’ning keyingi versiyasi “Sequoia” deb nomlanadi. Mac uchun operatsion tizim iOS 18 va iPadOS 18'ning barcha asosiy yangiliklari, masalan, “aqlli” “Notes” ilovasini ham oʻziga olgan.

macOS 15 Sequoia’ga “iPhone"ni Mac orqali toʻliq boshqarish imkoniyati qoʻshildi. Foydalanuvchilar nafaqat smartfon ekranini ko‘rish, balki barcha ilovalarni boshqarish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Bunda “iPhone” qulflangan holda qoladi.

“Apple: boshqa platformalarda ham paydo boʻladigan “Passwords” ilovasini taqdim etdi. Bu barcha xizmatlar va Wi-Fi uchun parollarni bir joyda saqlash imkonini beradi.

“Safari” brauzeri SI yordamida veb-sahifadagi barcha muhim ma’lumotlarni avtomatik ravishda ajratib koʻrsatish imkoniyatini taqdim etdi. U, shuningdek, sahifadagi ortiqcha narsalarni olib tashlaydigan va matn mazmuni uchun mundarijani yaratadigan yangi Oʻqish rejimiga ega boʻladi.

“Apple” “Game Porting Toolkit 2"ni taqdim etdi. Bu oʻyinlarni Windows’dan Mac’ga, shuningdek, Mac’dan iPhone va iPad’ga oʻtkazishni yanada osonlashtiradi.

Apple Sun’iy intellekti

Kompaniya generativ neyron tarmoqlarga asoslangan sun’iy intellekt — “Apple Intelligence"ni taqdim etdi. “Apple” ushbu sun’iy intellektning asosiy xususiyati uning foydalanuvchilar bilan shaxsiy munosabati ekanini ta’kidladi. “Apple” sun’iy intellekti kompaniyaning barcha operatsion tizimlarida qoʻllab-quvvatlanadi.

“Apple” sun’iy intellekti bildirishnomalarga ustuvorlik berishi, matnni tahrirlashda yordam berishi, boshqa uslubdagi matnlarni qayta yozishi va boshqa qator vazifalarni bajarishi mumkin.

Xususan, “Apple Intelligence” matn so‘rovi, jumladan, kontaktlar fotosuratlari asosida tasvirlarni yaratishi mumkin bo‘ladi. SI kontekstni yaxshiroq aniqlash uchun turli ilovalardagi ma’lumotlardan foydalanadi. Bu sizga Siri ovozli yordamchisiga, masalan, “oʻtgan hafta rafiqam yuborgan podkast haqida” kabi murakkab soʻrovlarni soʻrash imkonini beradi. Yordamchi bu soʻrovni tushunadi va kerakli ma’lumotlarni topadi. Kompaniya bu sun’iy intellekt xavfsiz ekani, foydalanuvchining hech qanday ma’lumoti serverlarda saqlanmasligini ma’lum qildi.

Siri “Apple Intelligence” tufayli ancha aqlli boʻladi. Xususan, foydalanuvchi tutilib qolsa yoki notoʻgʻri gapirsa ham soʻrovlarni tushunadi. Ovozli yordamchi endi kontekstni yaxshiroq tushunadi. “Apple” Siri dizaynini oʻzgartirdi. Endi yordamchiga murojaat qilingandan maxsus animatsiya paydo boʻladi. Shuningdek, endi unga matnli soʻrovlar ham kiritish mumkin.

Siri ilovalarda va ilovalar oʻrtasida yaxshiroq ishlashni oʻrgandi. Misol uchun, agar siz unga: “Anyaning 2023-yilda tushirilgan sariq bluzkadagi fotosuratlarini top”, deb aytsangiz, u bu fotosuratlarni qidirib topadi. Keyin ovozli buyruq yordamida fotosurat sifatini yaxshilash mumkin.

“Apple Intelligence” tufayli kompaniya qurilmalari matn bilan ishlash uchun sun’iy intellekt funksiyalariga ega bo‘ladi. Shunday qilib, foydalanuvchilar Siri’dan matnni boshqa soʻz bilan qayta yozishni yoki undan qisqacha koʻchirma qilishni soʻrashlari mumkin boʻladi. Shuningdek, SI matn soʻrovi asosida smaylik yaratishi mumkin. Kompaniya uni “Genmoji” deb atadi.

SI bilan “Apple” qurilmalarida ilgʻor fotosurat generatori paydo boʻladi. Bu sizga matn so‘rovi asosida illyustratsiyalar yaratish, ular uchun uslub tanlash va ularni do‘stlaringizga yuborish imkonini beradi. Rasmlarni alohida “Image Playground” ilovasida ham yaratish mumkin.

“Apple Intelligence” qurilmalarga “Image Wand” funksiyasini qoʻshdi. U matn kontekstiga mos tasvirlarni yarata oladi. “Apple” qurilmalari foydalanuvchilari matnli so‘rovlar orqali videolar ichidan qidirish va rasmlardan obyektlarni olib tashlash imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Siri “ChatGPT 4” bilan integratsiya qilinadi. Siri chatbotni oʻzi mos va foydali deb hisoblaganda foydalanishni taklif qiladi. “Apple” qurilmalari egalari ChatGPT’da hisob yaratishlari shart emas. Kelajakda kompaniya o‘z gadjetlariga ChatGPT’dan tashqari boshqa modellarni qo‘llab-quvvatlamoqchi.

“Apple Intelligence"ni faqatgina iPhone 15 Pro, Pro Max va M chipli Mac va iPad’da mavjud boʻladi. SI dastlab faqat ingliz tilida ishlaydi.

Taqdim etilgan barcha operatsion tizimlarning sinovdan o‘tayotgan versiyalari dasturchilarga 10-iyun kuni taqdim etiladi. Beta versiyalar iyul oyida, yakuniy versiyalar esa 2024-yilning kuzida chiqariladi.