Chevrolet Spark Xitoy krossoveri asosida rivojlanadi

E’lon qilingan sana· 782
Chevrolet Spark Xitoy krossoveri asosida rivojlanadi

Chevrolet kompaniyasi Chevrolet Spark’ning keyingi avlodi suratlarini e’lon qildi — model Xitoyning Baojun Yep Plus (shuningdek, Yueye Plus nomi bilan ham tanilgan) elektromobili asosida kichik xetchbekdan ixcham shahar krossoveriga aylanadi. U GM va SAIC qo‘shma korxonasida ishlab chiqilgan.

Chevrolet ilgari Xitoy avtomobil kompaniyalari tomonidan ishlab chiqarilgan avtomobillarni oʻz brendi ostida ishlab chiqargan. Baojun 530 negizida ikkinchi avlod Chevrolet Captiva krossoveri shular jumlasidan.

Yangi Chevrolet Spark’ni Xitoydagi asl nusxasidan faqat emblemalari va shildiklariga qarab ajratish mumkin bo‘ladi. Avtomobil “to‘rtburchak” kuzov, haybatli bamperlar, yaltiroq qora plashka bilan birlashtirilgan LED faralar, orqa chiroqlarning vertikal bloklari va ochiladigan bagaj eshigiga ega. Baojun Yep Plus’ning uzunligi 3 996 mm, kengligi 1 760 mm, balandligi 1 726 mm, g‘ildirak bazasi 2 560 mm hisoblanadi.

Yangi Spark salonini Baojun modelidan ruldagi Chevrolet logotipi orqali farqlash mumkin bo‘ladi. Salonda panel va multimedia tizimining alohida ekranlari, old o‘rindiqlar orasida esa stakanlar ham qo‘yish mumkin boʻlgan tirsak qo‘ygich o‘rnatiladi.

Yangi mashinaning xususiyatlari haqida rasman hech narsa ma’lum emas.

Yangi Chevrolet Spark EUV’ni O‘zbekistonda sotish haqida ham xabarlar berilmagan.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling