Open AI ChatGPT'ning yangi versiyasi — GPT-5'ni taqdim etdi

Open AI kompaniyasi ChatGPT sun’iy intellektining yangi versiyasi — GPT-5'ni taqdim etdi.
“Biz bugungi kundagi eng yaxshi sun’iy intellekt tizimi — GPT-5'ni taqdim etmoqdamiz. Bu qachon tezkor javob berish kerakligini va qachon ekspert darajasidagi javoblarni ta’minlash uchun uzoqroq o‘ylash kerakligini biladigan yagona tizimdir”, — deyiladi kompaniya saytida.
Ma’lumot uchun, modelning asosiy versiyasi bepul taqdim etilgan. Open AI rahbari Sem Altmanning so‘zlariga ko‘ra, yangi model shunchalik aqlliki, 2023-yilda chiqarilgan GPT-4 uning oldida “juda achinarli” ko‘rinadi.
“Bu menga iPhone ulkan pikselli eski modellardan Retina displeyiga qanday o‘tganini eslatadi”, — deya qo‘shimcha qilgan u.
Qayd etilishicha, yangi versiyadagi oddiy prompt yordamida hatto ishlaydigan veb-ilova yaratish mumkin. Taqdimotda fransuz tilini o‘rganish uchun to‘liq dizaynli platforma yaratildi.
GPT-5'da quyidagi oʻzgarishlar boʻlgan:
- endi ChatGPT’ning Free, Plus, Pro, Team, Enterprise hamda Edu versiyalaridan foydalanish mumkin;
- modelning kontekst maydoni 256 000 tokengacha kengaydi, bu esa katta hujjatlar va uzoq suhbatlarni yodda saqlash imkonini beradi;
- kod yozish, mantiqiy muammolarni hal qilish va murakkab vazifalarda xatolik (hallucination) ehtimoli kamaytirildi;
- API’da yangi parametrlar — javob uzunligini va mantiqiy ishlov darajasini boshqarish imkoniyati qo‘shildi;
- foydalanuvchi uslubiga moslashish, emotsional ohangni tushunish va shaxsiylashtirish imkoniyatlari yaxshilandi.
Oldinroq grossmeyster Magnus Karlsen shaxmatda ChatGPTni magʻlub etgani haqida xabar berilgandi.