Durov firibgarlik bilan shugʻullanadigan Telegram kanallar bloklanishini e'lon qildi

Telegram bosim o‘tkazish maqsadida shaxsning roziligisiz uning ma’lumotlarini e’lon qilish va tovlamachilik bilan shugʻullanadigan kanallarni bloklaydi. Bu haqda messenjer asoschisi Pavel Durov xabar berdi.
“Firibgarlar foydalanuvchilarni shantaj qilib, ularni (Telegramning noyob raqamlari va foydalanuvchilarining ismlarini) berishga majburlashga urinayotganini ko‘rib turibmiz. Shuningdek, shaxsiy yoki maxfiy ma’lumotlarni oshkor qilish bilan tahdid qilib, pul undirayotgan kanallar haqida xabarlar kelib tushmoqda. Biz bunga toqat qilmaymiz”, — deb yozdi Durov oʻz kanalida.
Avvalroq Durov Telegram foydalanuvchilari firibgarlik holatlari boʻyicha shaxsan uning oʻziga murojaat qilishi mumkinligini aytgandi. 12-avgust kuni esa messenjer egasi koʻplab shikoyatlar boʻlganini, shu sababli hafta oxirigacha bir qancha kanallar bloklanishini ma’lum qildi.
“Ushbu sababga ko‘ra bloklash shuni anglatadiki, bizda kanal ma’murlari odamlarni obro‘sizlantiruvchi postlarni joylagani, keyin esa pul evaziga ularni o‘chirib tashlashini ma’lum qilgani haqida rad etib bo‘lmaydigan dalillar mavjud”, — deb yozdi Telegram asoschisi.
Ma’lumot uchun, Telegram boʻyicha soʻnggi yangilanish 1-avgustda e’lon qilingandi.