Telegram’ning t.me domeni yana ishlay boshladi

Telegram’dagi qisqa havolalar nega ishlamay qolgani ma’lum bo‘ldi. Domen operatori bunga AQSh Moliya vazirligining OFAC talablari sabab bo‘lganini bildirdi.
Telegram asoschisi Pavel Durov X ijtimoiy tarmog‘ida .me domeni operatoriga murojaat qilib, t.me havolalaridagi nosozlik sababini so‘ragan. Operator javobida domen OFAC talablariga rioya qilish maqsadida vaqtincha to‘xtatilgani, hozir esa xizmat yana tiklanganini ma’lum qildi.
OFAC — AQSh Moliya vazirligi tarkibidagi Xorijiy aktivlarni nazorat qilish boshqarmasi bo‘lib, turli davlatlar, tashkilotlar va shaxslarga nisbatan iqtisodiy sanksiyalar joriy etish bilan shug‘ullanadi.
13-iyul kuni brauzer orqali Telegram kanallari, postlari va profillariga olib boruvchi t.me havolalari ishlamay qolgandi. “Kod Durova” portali buni domenning DNS tizimidan chiqarilishiga olib keluvchi serverHold holati bilan bog‘lagan edi.
TechCrunch nashri ekspert Jon Aragon fikriga tayanib yozishicha, nosozlik AQSh Moliya vazirligi tovlamachilik dasturlarini tarqatishda foydalanilgan VPN-provayderiga sanksiyalar joriy etgan kun bilan bir vaqtda yuz bergan. Taxminlarga ko‘ra, domen registratori sanksiyalar talablariga rioya qilish maqsadida t.me domenining faoliyatini vaqtincha to‘xtatgan bo‘lishi mumkin.