Aktyorlardan balet jamoasigacha: Muqimiy teatriga sayohat

E’lon qilingan sana· 8 520
Aktyorlardan balet jamoasigacha: Muqimiy teatriga sayohat

O‘zbek teatr san’ati rivojiga hissa qo‘shish va mamlakatdagi teatrlarni ichkaridan ko‘rsatish maqsadida Afisha.uz yangi loyihani yo‘lga qo‘ydi. Loyiha davomida O‘zbekistondagi teatrlarning nafaqat spektakl jarayoni, balki ibratxona tarixi, sahna ortida ishlayotgan xodimlar mehnati va jamoa rejalari yoritib boriladi.

Loyihaning ilk sonida Afisha.uz muxbirlari Muqimiy nomidagi O‘zbekiston davlat musiqali teatrida mehmon bo‘lib, u yerdan maxsus repeortaj tayyorlashdi.

Teatr tarixi

O‘tgan asrning 20-yillarida Toshkent shahrining o‘zida uchta davlat musiqali drama teatri faoliyat ko‘rsatgan. O‘zbek davlat musiqali teatri 1939-yil 14-iyulda o‘zbek musiqali komediya teatri nomi bilan tashkil qilingan. Hamzaning “Maysaraning ishi” musiqali komediyasi teatrning ilk spektakli hisoblanadi. Teatr 1940-yilning 11- noyabrida Muqimiy nomidagi o‘zbek musiqali drama va komediya teatriga aylantirilgan.

40-yillarda Andijon viloyat musiqali drama teatrining badiiy rahbari To‘xtasin Jalilov boshchiligidagi o‘nlab taniqli aktyorlar poytaxtga olib kelingan va To‘xtasin Jalilov teatrning badiiy rahbari deb e’lon qilingan. 1941-yil bahorida teatrga Lutfixon Sarimsoqova va Zuhur Qobulov kelib qo‘shilgan.

Teatr dastlabki yillari Toshkent viloyatidagi Yangiyo‘l shahri va poytaxtdagi Tashsovet binosida ish boshlagan. 1943-yilda teatrning yangi binosi bitgach, jamoa Beshyog‘och dahasidagi hozirgi binoga ko‘chirilgan. 1950-yillarda teatrda sahnalashtirilgan “Farhod va Shirin”, “Ravshan va Zulxumor”, “Vatan ishqi” kabi spektakllar shuhrat qozongan. 1953-yilning oxirida premera qilingan “Muqimiy"spektakli teatr tarixida alohida o‘rin tutadi. Unda Muqimiy rolini Razzoq Hamroyev ijro etgan.

Keyinchalik sahnalashtirilgan “Tohir va Zuhra”, “Nurxon”, “Oltin ko‘l”, “Toshbolta oshiq”, “Momo yer”, “O‘jarlar”, “Gul va navro‘z” kabi spektakllar musiqali drama san’atining yorqin va ko‘rkam namunasi hisoblanadi. Bu spektakllar O‘zbekistondagi barcha viloyat musiqali drama teatrlari repertuariga qo‘shilgan, Tojikiston, Qirg‘iziston va Turkmaniston sahnalarida qo‘yilgan.

Aktyorlar, orkestr, balet va xor jamoalari

Teatr direktori o‘rinbosari Xayrulla Inog‘omovning qayd etishicha, mazkur teatr mamlakatda musiqali drama taraqqiyotiga xizmat qiluvchi asosiy teatrlardan biridir.

“Teatrning ushbu binosi 1943-yilda ishga tushgan. Unga qadar teatr jamoasi sayyor truppa sifatida turli kolxozlar va viloyatlarda gastrol safarlarida bo‘lgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, teatrda ilk bor „Maysaraning ishi“ spektakli qo‘yilgan. Yillar davomida teatr repurtuari ham, aktyorlar jamoasi ham asta-sekin shakllanib borgan. Bu yerda o‘zbek san’atining buyuk darg‘alari faoliyat yuritib, teatr poydoveri va rivojiga hissa qo‘shgan. O‘zbekiston xalq artistlari Lutfixonim Sarimsaqova, To‘xtasin Jalilov, Yunus Rajabiy, Mahmudjon G‘ofurov, E’tibor Jalilova, Omina Fayozova, Soyib Xo‘jayev, Hamza Umarov, Razzoq Hamroyev, Fayzulla Ahmedov, Farog‘at Rahmatova, Husan Sharipov singari juda ko‘plab ustozlar turli janrdagi spektakllardagi rollari bilan xalq mehrini qozongan. Ularning kinodagi rollarini haligacha yoshu-keksa sevib tomosha qiladi. Lekin teatrdagi faoliyati ko‘proq katta avlod vakillariga yaxshi tanish”, — dedi u.

Uning qo‘shimcha qilishicha, otaxon teatrlardan biri hisoblangan ushbu ibratxonagа madaniy hordiq chiqarish uchun keladigan tomoshabinlar ko‘pchilikni tashkil etadi.

“Musiqali teatrimiz boshqa teatrlardan shunisi bilan ham ajralib turadiki, bu yerda orkestr, ya’ni sozandalar guruhi, balet hamda xor jamoalari bor. Ularning har birini spektakllarda o‘z o‘rni bor, sahna asarlariga bezak beradi. Har bir sahna asarida ariyalar, duyetlar, raqslar bo‘lgani uchun ham tomoshabinlar ko‘p keladi”, — dedi Xayrulla Inog‘omov.

“Zamon bilan hamnafas bo‘lish lozim”

2023-yilning fevralida teatrga direktor etib tayinlangan O‘zbekiston va Qozog‘istonda xizmat ko‘rsatgan artist Azim Mullaxonovning aytishicha, Muqimiy teatrini nafaqat O‘zbekistonda, balki butun dunyoda yagona deyish mumkin.

“Chunki musiqali teatr huddi shunday shakl-shamoyilda boshqa davlatda uchramaydi. To‘g‘ri, shunga yaqinroqlari bor. Operetta va boshqa teatrlarni misol sifatida keltirish mumkin. Ammo ular bizning teatrdek emas. Sababi bu dargoh haqiqiy milliy musiqali teatr hisoblanadi. Mazkur ibratxonada Alisher Navoiydan tortib, zamonaviy ijodkorlarning ham asarlari sahnalashtirilgan va bu davom etib kelmoqda. Har bir spektaklda o‘zbekona ruhdagi ariyalar va maqomlardan ijro etiladi. Teatrda ijod qilgan va haligacha sahnada rollar o‘ynayotgan buyuk ustoz san’atkorlarning faoliyati bilan ham tanishish mumkin”, — dedi u.

Teatr rahbari kelgusidagi faoliyati haqida gapirarkan, shunday dedi:

“Teatrimizda yosh ijodkorlar ham ko‘pchilikni tashkil etadi va ular ustozlar yo‘lini davom ettirib kelmoqda. Lekin bugungi kunda baribir zamon bilan hamnafas bo‘lish lozim. Men ham bu teatrga o‘z g‘oyalarim, rejalarim bilan kelganman. O‘ylaymanki, teatr san’atini rivojlantirish, yana-da xalqchil va yoshlarga yaqinroq qilish yo‘lidagi harakatlarimiz orqali ijobiy natijaga erishamiz. Buning uchun yangi yo‘nalishlarda ijod qilib ko‘rish kerakdir, degan fikrdaman. San’atning o‘zi tajribadan iborat, tajribalar orqali esa shakllanamiz”, — dedi Azim Mullaxonov.

“Tikkan liboslarimiz ba’zan aktyorlarga yoqmasligi mumkin”

13 yildan buyon mazkur teatrda aktyorlarga liboslar tikib, sahna ortida mehnat qilib kelayotgan Ma’suda Bilolova kiyimlar yaratish jarayoni haqida quyidagi fikrlarni bildirdi:

“Sahna asari qahramonlari uchun liboslar tikish albatta, oson emas. Bu ishga kirishishdan oldin liboslar bo‘yicha rassom eskizlarni olib keladi. Birgalikda spektakl janrini gaplashib, to‘liq tasavvur va tushunchaga ega bo‘lganimizdan keyin aktyorlarni chaqiramiz va ularning bo‘yini o‘lchab olamiz. Liboslar tikish jarayoni spektakl janri va unda qatnashuvchi aktyorlar soniga bog‘liq. Misol uchun, tarixiy asarda rol o‘ynaydiganlarga kiyimlarni bir oy vaqt ichida tayyorlaymiz, bu ko‘p degani. Ayrim spektakllar uchun esa 10−15 kunda bitiramiz. Ishimizni o‘ziga yarasha qiyinchiliklari ham bor. Ba’zan liboslar chiroyli chiqmasligi yoki aktyorlarga yoqmasligi mumkin. Shunday paytlarda qo‘l orqali kamchiliklarni to‘g‘rilaymiz. Qisqasi, iloji boricha aktyorlarga yoqadigan darajada tikishga harakat qilamiz”, — dedi tikuv sexi boshlig‘i Ma’suda Bilolova.

Mirolim Isajonov
Muallif
Mirolim Isajonov
Azizbek Xamrakulov
Fotosuratchi
Azizbek Xamrakulov
Afisha.uz saytidagi ma‘lumotlarni ko‘paytirish, nusxalash, tarqatish va boshqa maqsadlarda foydalanish faqat tahririyatning yozma ruxsati bilan mumkin. Foydalanuvchi kelishuvi
Elektron OAV guvohnomasi №0400. Berilgan sanasi 13-avgust 2019-yil
Muassis: «Afisha Media» MChJ
Bosh muharrir: Sapayeva Galina Vyacheslavovna
Manzil: 100007, Toshkent, Parkent ko‘chasi, 26А / Pochta: info@afisha.uz
© 2005-2024 Afisha.uz
«Afisha Media» MChJ