Buxoroda qayerlarda aylanish mumkin? 8 ta diqqatga sazovor joy

E’lon qilingan sana· 3 104
Buxoroda qayerlarda aylanish mumkin? 8 ta diqqatga sazovor joy

Manzillar, ish vaqti va tashrif narxi 2024.

Ark qal’asi

Buxoroning eng qadimgi tarixiy me’morchilik yodgorligi hisoblangan Ark qal’asi bir yarim ming yil avval katta va dehqonchilik madaniyatiga ega davlat hukmdorlarining yashash joyi bo‘lgan. Balandligi 16 metrdan 20 metrgacha sun’iy tepalikda joylashgan ushbu ARK devorlarining uzunligi 750 metrdan ziyod, maydoni esa 4 gektar atrofida.

Ark bir qancha bosqinchilik urushlari davomida vayronaga aylangan va qayta barpo etilgan. Hozirgi qiyofasi asosan, Shayboniylar sulolasi davrida, ya’ni XVI asrda shakllangan. Buxoroning 2500 yilligi munosabati bilan qal’a ichkarisidagi taxt joylashgan hovli ta’mirlanib, o‘z holiga keltirildi. Ark devorlari yangilandi, “Go‘riyon” darvochasi qayta tiklandi va boshqa obodonlashtirish ishlari olib borildi.

YUNЕSKO Butunjahon madaniy merosi ro‘yxatiga kiritilgan Ark qal’asi bugungi kunda turistlarning sevimli maskaniga aylangan. Har yili minglab sayyohlar tashrif buyuradigan mazkur tarixiy majmuada hozirda 2 900 ta eksponat ko‘rgazmaga qo‘yilgan.

Chipta narxi: maktab o‘quvchilari uchun 2 ming so‘m, talabalarga 5 ming so‘m, mahalliy sayyohlar uchun 10 ming so‘m, chet ellik turistlarga 40 ming so‘m.

Ish vaqti: yozgi mavsumda soat 09:00 dan 21:00 gacha, qishda esa soat 09:00 dan 18:00 gacha dam olish kunlarisiz faoliyat yuritadi.


Sitorai Mohi Xossa

Sitorai Mohi Xossa xalq amaliy bezak san’ati muzeyi Buxorodagi mang‘itlar sulolasining 3 avlodiga mansub saroy-bog‘ bo‘lib, viloyat markazidan 4 km shimolda joylashgan. Asosiy binolar amir Mir Sayyid Olimxon davrida bunyod etilgan. Majmua 1911−1918-yillarda qurib, tugatilgan. Uning maydoni 6 gektar, eski saroy, g‘isht to‘shalgan uch hovli va ko‘pgina xonalardan iborat.

Ushbu muzeyga kuniga yuzlab turistlar keladi. Ular 700 ga yaqin eksponat bilan tanishish va tarixiy ma’lumotlar olish imkoniga ega.

Chipta narxi: mahalliy aholiga 10 ming so‘m, talabalar uchun 8 ming so‘m, xorijlik sayyohlarga 40 ming so‘m.

Ish vaqti: har kuni soat 09:00 dan 21:00 gacha.


Labihovuz ansambli

Buxoroning markaziy maydonlaridan biri bo‘lgan me’moriy ansambl XVI — XVII asrlarda qurilgan. Hudud Ko‘kaldosh va Nodir devonbegi madrasalari hamda Nodir devonbegi xonaqohi binolaridan tashkil topgan, atrofi Nodir begi hovuzi bilan birlashtirilgan. Ansamblning o‘lchami taxminan 150×200 metrni tashkil etadi.

Labihovuz O‘rta asrlarda gavjum savdo maydoni hisoblangan, bunga savdo gumbazlari asosiy savdo ko‘chasiga yaqinligi va odamlarning haddan tashqari gavjumligi sabab bo‘lgan.

Bugungi kunga kelib Labihovuz ansambli yangi qiyofaga kirgan va shahar aholisi hamda sayyohlarning sevimli go‘shasiga aylangan. Labihovuzda kechki vaqtlarda ham odam gavjum bo‘lib, mehmonlarga barcha turdagi xizmatlar ko‘rsatiladi.


Ko‘kaldosh madrasasi

Buxoro xonining vaziri Qulbobo Ko‘kaldosh qurdirgan mazkur me’moriy yodgorlik 1568—1569-yillarda bunyod etilgan. U ikki qavatli imorat bo‘lib, Labihovuz ansamblining shimolida joylashgan. Madrasadagi hujralarda nafaqat Buxoro amirligi, balki butun O‘rta Osiyo, Orenburg, Qozon, hatto Qrimdan kelgan talabalar ham tahsil olgan.

Minoraning dekorativ gumbazlari noyob silliqlangan g‘ishtdan “o‘rgimchak inisimon” qilib terilgan. Bu gumbazlarni Buxoro maktabi uslubida ishlangan eng yaxshi monumental san’at namunalari deyish mumkin. Qulbobo Ko‘kaldosh Amir Abdullaxon Shayboniy bilan birga sut emishganligi uchun “Ko‘kaldosh”, ya’ni “ko‘krakdosh” deb atalgan. Madrasa ichida Buxoro adabiyot tarixi muzeyi ochilgan.

Chipta narxi: madrasa ichidagi muzeyga kirish mahalliy aholiga 5 ming so‘m, xorijliklarga 20 ming so‘m.

Ish vaqti: har kuni soat 08:00 dan 20:00 gacha.


Buxoro gilamalar tarixi muzeyi

Buxoro davlat muzey-qo‘riqxonasi tarkibidagi ushbu muzey shahardagi Mag‘oki Attori masjidi ichida joylashgan bo‘lib, 1989-yilda tashkil topgan. Mazkur muzey ko‘rgazmasida mitan, taka, yovmut, nayman, ersari, bashir, saroy urug‘lari gilamboflik na’munalari saqlanib kelinmoqda.

Bundan tashqari, XVIII-XX asrlarga oid o‘zbek, turkman, eron, qozoq, arman gilamlarining nafis namunalari, xurjinlar, o‘tovlar uchun bezak buyumlari ham muzey ko‘rgazmasidan o‘rin olgan.

Chipta narxi: mahalliy aholi uchun 5 ming so‘m, chet ellik mehmonlarga 20 ming so‘m.

Ish vaqti: soat 09:00 dan 18:00 gacha ish, chorshanba dam olish kuni.


Fayzulla Xo‘jayev uy-muzeyi

Suronli davrda Buxoro Xalq Sho‘rolar Respublikasini to‘rt yil, O‘zbekiston Sovet Sotsialistik Respublikasini (O‘zSSR) oʻn ikki yil boshqargan Fayzulla Xo‘jayev nomi ko‘pchilikka yaxshi tanish. Bu tarixiy shaxs istiqomat qilgan xonadon mustaqillikning ilk yillarida uy-muzeyga aylantirilgan. Uy-muzey XIX asr me’morchiligining yorqin namunasi hisoblanib, dastavval mashhur savdogar Ubaydullo Xo‘ja Qosim Xo‘jayevga tegishli bo‘lgan, keyin uning o‘g‘li Fayzulla Xo‘jayevga o‘tgan.

Yirik siyosatchi va davlat arbobi Fayzulla Xo‘jayev oilasi istiqomat qilgan qadimiy hovli sayyohlar orasida ancha mashhur. Majmua XIX asr oxirlari Buxoro tarixi va madaniyati, o‘sha davrdagi savdogarlar hayoti, uy jihozlari va nodir san’at namunalari bilan tanishish imkonini beradi. Uy-muzeydan 500 dan ortiq eksponat o‘rin olgan.

Buxoro shahrining markazi, Abdulla To‘qay ko‘chasi, 70-uyda joylashgan uy-muzey maydoni 3 gektarni tashkil etadi.

Chipta narxi: mahalliy sayyohlarga 5 ming so‘m, chet ellik turistlarga 30 ming so‘m.

Ish vaqti: har kuni soat 09:00 dan 18:00 gacha ishlaydi.


Yetti pir ziyoratgohi

Xojagoniya tariqatining yetti ulug‘ piri mangu qo‘nim topgan qadamjolarni ziyorat qilish uchun har yili dunyoning turli nuqtalaridan ko‘plab musulmonlar tashrif buyuradi. Bugungi kunda mazkur ziyoratgohlar majmualari rekonstruksiya qilinib, zamonaviy holga keltirilgan.

Quyida yetti pir ziyoratgohlari nomi va ularning qaysi hududda joylashganini keltiramiz:

“Xoja Abdulxoliq G‘ijduvoniy” ziyoratgohi — G‘ijduvon tumanida;

“Xoja Muhammad Orif Revgariy Mohitobon” ziyoratgohi — Shofirkon tumanida;

“Xoja Mahmud Anjir Fag‘naviy” ziyoratgohi — Vobkent tumanida;

“Xoja Ali Romitaniy” ziyoratgohi — Romitan tumanida;

“Xoja Muhammad Boboyi Samosiy” ziyoratgohi — Romitan tumanida;

“Sayyid Amir Kulol” ziyoratgohi — Kogon tumanida;

“Bahouddin Naqshband” ziyoratgohi — Kogon tumani Qasri Orifon qishlog‘ida joylashgan. Ushbu ziyoratgohda muzey mavjud bo‘lib, unga kirish pullik. Ziyorat qilish esa bepul.

Ish vaqti: ziyoratgohlarning barchasiga har kuni bomdod namozidan keyin (soat 05:00 da) tashrif buyurish mumkin. Ish faoliyati xufton namozigacha (20:00 gacha) davom etadi.


Bukhara Desert Oasis & SPA majmuasi

Buxoro vohasining Qizilqum mintaqasida joylashgan Bukhara Desert Oasis & SPA innovatsion turistik klasteri 2020 yil mart oyida ishga tushirilgan bo‘lib, hududi 8 gektardan iborat. Mahalliy va xorijiy sayyohlarga turistik xizmatlar ko‘rsatishga mo‘ljallangan klaster yiliga 24 000 nafar xorijiy sayyoh va 270 000 nafar mahalliy sayyohlarni qabul qilish imkoniyatiga ega.

Majmuada 30 xildan ortiq turistik xizmatlar yo‘lga qo‘yilgan. Jumladan, Buyuk ipak yo‘li chorrahasida joylashgan, tarixni o‘zida zamonaviy namoyon qilgan 700 o‘rinli “Shotyor Emira” (“Amir chodiri”) restorani, ochiq havoda dam olish maqsadida 3000 o‘rinlik “Karvon Saroy” maydoni, 35 000 o‘ringa mo‘ljallangan “Varaxsho” restorani, 30,0 gektar maydonda agro-eko bog‘lar va innovatsion issiqxonalar barpo etilgan.

Milliy sport o‘yinlari, turli tadbirlar va xalqaro miqyosdagi turli xil konferensiyalar o‘tkazish imkoni mavjud. Xalqaro sport o‘yinlari (boks, aralash jang MMA) o‘tkazish uchun barcha sharoitlar yaratilgan.

Bukhara Desert Oasis & SPA klasterida ekstremal va ekoturizmni rivojlantirishga katta e’tibor qaratilmoqda. Djiplar va kvadrotsikllar yordamida sayr qilish, parashyutdan sakrash, ot va tuya poygalari kabi sayyohlarni qiziqtiruvchi bir qator xizmatlar mavjud. Turizmning eko, agro, tibbiy, gamtronomik, ekstremal, arxeologik, sport, ov, MICE kabi turlari yo‘lga qo‘yilgan.

Bukhara Desert Oasis & SPA narxlari (mahalliy turistlar uchun):

Majmuaga kirish:

  • kattalarga — 40 000 soʻm;
  • bolalar va nogironlar — bepul;
  • talabalar — 20 000 soʻm.

Oʻtovlar (1 sutka, nonushta bilan):

  • Standart (5 kishilik) — 150 000 soʻm (kishi boshiga);
  • Yarim lyuks (5 kishilik) — 200 000 soʻm (kishi boshiga);
  • Lyuks (2 kishilik) — 250 000 soʻm;
  • Prezident lyuksi — 400 000 soʻm.

Ijara:

  • soʻri — 100 000 soʻm;
  • shiyponcha — 100 000 soʻm;
  • shisha-bar restorani — 100 000 soʻm;
  • “Varahsha” restorani — 100 000 soʻm;
  • “Amir chodiri” restorani — 300 000 soʻm.

Safari xizmatlari:

  • jipda (1 marotaba aylanish, 5 km) — 250 000 soʻm;
  • kvadrosiklda (1 marotaba aylanish, 3 km) — 75 000 soʻm;
  • ot yoki tuyada (1 marotaba aylanish 10 daqiqa) — 25 000 soʻm.

Material Oʻzbekiston Respublikasi Turizm qoʻmitasi koʻmagida tayyorlandi.