“Daraxtlar ovozi” art-loyihasiga arizalar qabuli boshlandi
Samarqand shahridagi "Ipak yo‘li" xalqaro turizm va madaniy meros universitetining "Art Station" rezidensiyasida Britaniya Kengashining "Creative Collaborations" dasturi ko‘magida “Daraxtlar ovozi” ekologik badiiy loyihasida ishtirok etish uchun arizalar qabuli boshlandi.
Loyiha daraxtlarni kesish va O‘zbekistonda o‘sib borayotgan urbanizatsiya oqibatlari kabi dolzarb masalalarga badiiy javob yaratishga qaratilgan.
Unda o‘zlariga badiiy jamoa topish va badiiy mahoratini kengaytirishga intilayotgan samarqandlik yosh shoirlar, yozuvchilar, rassomlar va fotograflar ishtirok etishlari mumkin. Tashkilotchilar adabiyot, falsafa, jurnalistika yoki ingliz filologiyasi fakultetlaridan original matn yozishga qiziqqan talabalar, shuningdek, ijodkor yoshlar, ekologiya va san’at faollari, loyiha mavzusiga va rivojlanib borayotgan "Art Station" san'at hamjamiyatiga qoʻshilishni istagan faollarni taklif etadi.
Loyihada ishtirok etish uchun 2024-yil 15-avgustgacha mazkur havola orqali ariza qoldirish kerak.
Ishtirokchilarning yoshi 17 yosh va undan katta bo‘lishi lozim.