Turizm sohasi fidoiylari koʻkrak nishoni bilan taqdirlandi

E’lon qilingan sana· 147
Turizm sohasi fidoiylari koʻkrak nishoni bilan taqdirlandi

24-sentyabr kuni Toshkentdagi “Hyatt Regency Tashkent” mehmonxonasida 27-sentabr — “Butunjahon turizm kuni” munosabati bilan bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi. Unda vazirlik va idoralar, diplomatik korpuslar, xalqaro tashkilotlar, taniqli san‘atkorlar va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Tadbirni ochib bergan O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov Oʻzbekistonda turizm sohasida ko‘plab ijobiy o‘zgarishlar amalga oshirilganini ta’kidladi.

“Davlatimiz rahbari tashabbuslari bilan joriy yilda soha tadbirkorlariga koʻplab yangi imtiyozlar taqdim etildi, dolzarb muammolarga yechim topildi. Jumladan, yangi mehmonxonalar qurish, dunyoning nufuzli mehmonxona brendlarini jalb qilish xarajatlarini qoplash uchun subsidiyalar 2027-yilgacha uzaytirildi, — dedi vazir. — Shuningdek, toʻsiqsiz, inklyuziv turizmga alohida eʼtibor qaratilyapti. Ming nafar nogironligi boʻlgan shaxslarga mamlakat boʻylab sayohatlarining 50 foizi, mehmonxonalarga nogironlarga oʻz obyektlarini moslashtirish xarajatlarining bir qismi qoplab beriladi. Bundan tashqari, kadrlar salohiyatini oshirish maqsadida Samarqand shahrida „Ipak yo‘li“ turizm va madaniy meros xalqaro universiteti, Xalqaro turizm akademiyasi ochildi”.

Yaqin yilllarda O‘zbekistonning turizm borasidagi xalqaro imiji yaxshilandi. “The New York Times”, “The Guardian”, “The Independent”, “Global Muslim Travel Index”, “National Geographic Traveler Awards”, “Lonely Planet” va boshqa yetakchi xorijiy nashrlarda Oʻzbekiston turizmi haqida koʻplab maqola va materiallar e’lon qilindi.

Tadbir davomida turizm rivojiga o‘z hissasini qo‘shgan san’at va madaniyat arboblari, davlat va xalqaro tashkilotlar vakillari, tadbirkorlar va ommaviy axborot vositalari xodimlarining 60 nafari “Turizm fidoyisi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.

“2030-yilga kelib yurtimizga tashrif buyuradigan xorijlik sayyohlar sonini 15 millionga yetkazishni maqsad qilganmiz. Ishonchim komilki, sizlar bilan birga buni uddalaymiz va yana koʻplab qiziqarli loyihalarni birgalikda amalga oshiramiz”, — dedi vazir Aziz Abduhakimov.

Tadbir so‘nggida ishtirokchilar uchun bayram dasturxoni yozildi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling