Bo‘stonliq hamda Shahrisabzda 2 ta dor yo‘llari ochiladi

E’lon qilingan sana· 89
Bo‘stonliq hamda Shahrisabzda 2 ta dor yo‘llari ochiladi

29-yanvar kuni 2024-yil sarhisobi va 2025-yildagi rejalarga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda Turizm qo‘mitasi raisi Umid Shadiyev hamda Qo‘mitaning mas’ul xodimlari, viloyat hokimliklarining turizm masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlari va hududiy turizm boshqarma xodimlari ishtirok etdilar.

Ta’kidlanishicha, 2025-yilda Oʻzbekistonda mehmonxonalar va joylashtirish vositalar soni 6600 tadan oshirilib, ulardagi o‘rinlar sonini 166 mingga yetkaziladi.

Turoperatorlar va turagentlarning soni 3800 taga olib chiqilishi, xorijdagi 20 ta xalqaro turizm ko‘rgazma va yarmarkalarida Oʻzbekiston ishtiroki kutilmoqda. Qo‘shimcha 400 ta yangi gid-tarjimonlar o‘qitilib, o‘rnatilgan tartibda faoliyati yo‘lga qo‘yiladi va turistik xizmat ko‘rsatish sifati oshiriladi, deyiladi xabarda.

Ma’lumotga koʻra, 10 000 nafardan ortiq nogironligi bo‘lgan shaxslarning sayohatlari tashkil etilishi koʻzda tutilgan.

Turizm barqarorlini ta’minlash maqsadida 2 ta mahalla, 4 ta qishloqqa “Turizm qishlog‘i”, “Turizm mahallasi” maqomi beriladi, “Milliy turizm yagona platformasi” ishga tushirilishi maqsad qilingan.

G‘arbiy Yevropa, Osiyo, Ko‘rfaz hamda Amerika qit’asida turizm targ‘iboti kuchaytirilib, sayyohlarning respublikada o‘rtacha qolish muddati 10−12 kunga yetkaziladi.

Buxoro, Qoraqalpog‘iston, Qashqadaryo va Namangan viloyatlarida 4 ta turizm klasterlari, Farg‘ona viloyatida 1 ta turizm rekreatsion zona va Bo‘stonliq hamda Shahrisabzda 2 ta dor yo‘llari foydalanishga topshiriladi.