Samarqand muzeylari: sharh, narx va manzil

E’lon qilingan sana· 309
Samarqand muzeylari: sharh, narx va manzil

Samarqand — tarix nafasi ufurib turadigan shahar. U — buyuk sivilizatsiyalarni ko‘rgan, sulolalar qudratiga guvoh bo‘lgan, tarix sahifalariga oltin harflar bilan yozilgan zamin. Uning muzeylari esa ana shu tarix va bugunning yo‘lini tutashtirib turuvchi ko‘prikdek. Bu maskanlar faqat eksponatlar namoyish etmaydi — ular unutilgan hikoyalarni tiklaydi, moziy ruhini zamonaviy ko‘z bilan ko‘rish imkonini beradi.

Afisha.uz ushbu jamlanmada Samarqandning diqqatga sazovor muzeylariga nazar tashlaydi — ularning tarixi, ekspozitsiyasi, mehmonlarda qoldiradigan taassuroti, manzili va kirish narxlari haqida ma’lumot taqdim etadi.

Shahar markazida joylashgan bu muzeylarga jamoat transporti yoki shaxsiy avtomobil orqali yetib olish mumkin.

O‘zbekiston madaniyati tarixi davlat muzeyi

Manzil: Mirzo Ulug‘bek ko‘chasi, 148-uy.

Ish vaqti: Dushanba-shanba 09:00 — 17:00.

Kirish: Bolalar uchun 5 000, kattalar uchun 10 000 so‘mdan boshlanadi.

Respublika miqyosidagi muzeylar faqat Toshkentda emas. Masalan, mamlakatning madaniy merosi, san’ati, tarixi va arxeologiyasiga oid eng muhim eksponatlarni saqlovchi muzeylardan biri O‘zbekiston madaniyati tarixi davlat muzeyi Samarqand shahrida joylashgan. 1876-yilda tashkil etilgan bu muzeyda qator viloyatlardan topilgan arxeologik qazilmalar, xalq hunarmandchiligi va san’ati namunalarini ko‘rishingiz mumkin.

Muzey fondida madaniy va tarixiy qiymatga ega 10 minglab noyob eksponat saqlanadi. U tarix, san’at, arxeologiya, etnografiya, tasviriy san’at, numizmatika kabi bo‘limlarga bo‘lingan.

Unda bronza davriga oid zargarlik buyumlari, VIII asr shaxmati, XX asr boshlaridagi rassomlar suratlari, qolaversa, 1941-yil suratga olingan Malik Qayumovning mashhur “Amir Temur qabrining ochilishi” video tasmasi saqlanadi. Noyob eksponatlar qatorida Samarqandning Chelak shaharchasidan topilgan V-VI asrga tegishli uchta kumush qadah ham joy olgan.

1978-yildan 2010-yilga qadar O‘zbekiston madaniyati tarixi davlat muzeyi Registon maydonida maxsus qurilgan bino ichida joylashgan. Hukumat buyrug‘i bilan muzey 2010-yildan shaharning Mirzo Ulug‘bek ko‘chasiga olib o‘tilgan.

Samarqand viloyati o‘lkashunoslik muzeyi

Manzil: Abdurahmon Jomiy ko‘chasi, 51-uy.

Ish vaqti: Har kuni 09:00 — 17:00.

Kirish: Bolalar uchun 5 000, kattalar uchun 10 000 so‘mdan boshlanadi.

Siz bu binoni bir qarashda muzeyga o‘xshatmaysiz. Boisi, u boy savdogar Abram Qalandarovning hovli saroyi bo‘lib, XX asrning boshlarida arxitektor Y.O.Nelle loyihasi asosida qurilgan. Bino keyinchalik, 1981-yildan boshlab muzeyga aylantirilgan. Uning ichki bezaklarida milliy va yevropa uslublarning mukammal uyg‘unligini ko‘rish mumkin. Muzey binosi hozirda me’morchilik yodgorligi hisoblanib, davlat muhofazasiga ham olingan.

Uning asosiy ekspozitsiyasi ikki yo‘nalishga bo‘lingan: tarix va tabiat. Tarixiy bo‘limda Samarqand va uning atrofidagi hududlarning qadimiy davrlaridan XX asrning boshlarigacha bo‘lgan paytiga oid eksponatlar taqdim etiladi. Bu yerda arxeologik topilmalar, keramika va metall buyumlar, bronza davriga mansub ayollar taqinchoqlari va boshqa madaniy meros namunalari ham uchratasiz.

Muzeyning tabiat bo‘limidan esa viloyatning flora va faunasiga oid eksponatlar, shuningdek, tabiiy tarixga oid materiallar joy olgan. Bu bo‘limda mahalliy biologik xilma-xillik va ekologik ahamiyatga ega obyektlar ko‘rsatiladi.

Samarqand viloyati o‘lkashunoslik muzeyining alohida e’tiborga molik eksponatlari qatoriga Amir Temur hamda Temuriylar hukmronligi davrining qazilma materiallari, ya’ni metall buyumlar to‘plami, suyaklar, shishalar va tangalarni kiritish mumkin.

“Afrosiyob” arxeologiya muzeyi

Manzil: Islom Karimov ko‘chasi, 7.

Ish vaqti: Dushanba — shanba 09:00 — 17:00.

Kirish: Bolalar uchun 5 000, kattalar uchun 10 000 so‘mdan boshlanadi.

Samarqand shahrining qadim tarixi bo‘yicha muhim madaniy muassasa qidirayotgan bo‘lsangiz, 1970-yilda tashkil etilgan bu muzey yaxshi tanlov. Uning Afrosiyob deb nomlanishi ham bejiz emas — viloyatning xuddi shu nomdagi qadimiy shahri hududida joylashgan.

Muzeyda Samarqand o‘tmishidan, xususan, Afrosiyob shaharchasining paydo bo‘lishidan tortib, turli davrlarga oid ko‘rgazmalar mavjud. Muzeydagi eksponatlar orasida Afrosiyob shaharchasida topilgan qurilish materiallari, keramika, metall buyumlar va boshqa arxeologik topilmalarni tomosha qilish mumkin.

Muzey zallarida miloddan avvalgi birinchi ming yillikning o‘rtalaridan XIII asrning boshlarigacha bo‘lgan shahar tarixini yorituvchi eksponatlar, xususan, sopol, shisha, tosh, metal, suyak va me’moriy naqshlardan iborat boy to‘plamlar saqlanadi. Bular qariyb 20 mingdan ortiq osori-atiqalarni tashkil qiladi.

Sadriddin Ayniy uy-muzeyi

Manzil: Registon ko‘chasi, 7B-uy

Ish vaqti: Dushanba-juma 09:00—18:00.

Kirish: Bolalar uchun 5 000, kattalar uchun 10 000 so‘mdan boshlanadi.

Sadriddin Ayniy uy-muzeyi — bu mashhur o‘zbek va tojik yozuvchisi, adabiyotshunos olim Sadriddin Ayniy hayoti va ijodiga bag‘ishlangan yodgorlik muzeyidir. U Samarqand shahrining markazida, Registon ko‘chasida joylashgan bo‘lib, Registon maydoni va Amir Temur maqbarasidan uncha uzoq bo‘lmagan hududda joylashgan.

Ayniy 1917-yilda Buxoro amiri Said Olimxon ta’qibidan so‘ng ushbu uyga ko‘chib o‘tgan va 1950-yillarning boshigacha, deyarli 35-yil davomida shu yerda yashagan. Muzey 1967-yilda tashkil etilgan bo‘lib, unda yozuvchining hayoti va ijodiga oid ko‘plab eksponatlar: fotosuratlar, plakatlar, shaxsiy buyumlar, mebellar mavjud. Qolaversa, uning ish xonasi asl holatda saqlangan. Bu eksponatlar orqali XX asr boshlaridagi Samarqand ziyolilarining hayoti haqida tasavvur hosil qilish mumkin.

Muzey ochilganidan beri uning ekspozitsiyasi ikki marta yangilangan. Oxirgi marta 2018-yil 15-aprel kuni buyuk olimning 140-yilligi munosabati bilan uy-muzeyga Sadriddin Ayniyga tegishli bo‘lgan hujjatlar keltirilgan.

Mahmudxo‘ja Behbudiy uy-muzeyi

Manzil: Mirsaid Baraka ko‘chasi, 47-uy

Ish vaqti: Har kuni 09:00 — 17:00.

Kirish: Bolalar uchun 5 000, kattalar uchun 10 000 so‘mdan boshlanadi.

O‘zbekistonning ma’rifatparvarlik tarixida muhim o‘rin tutgan shaxs — Mahmudxo‘ja Behbudiyning hayoti va faoliyatiga bag‘ishlangan bu muzey uning boy merosini yodga olish va o‘rganish maqsadida 2021-yilda tashkil etilgan.

Muzeyda Behbudiyning shaxsiy buyumlari, asarlari, maqolalari, fotosuratlari va jadidchilik harakatiga oid turli eksponatlar namoyish etiladi. Bu yerda mehmonlar Behbudiyning ma’rifat, matbuot, teatr va ta’lim sohalaridagi faoliyati bilan yaqindan tanishishlari mumkin. Uning “Samarqand” gazetasi va “Oyina” jurnalidagi maqolalari, shuningdek, 1914-yilda sahnalashtirilgan “Padarkush” dramasi haqidagi ma’lumotlar muzeyning muhim qismlaridan biridir.

Muzeyning “Mahmudxo‘ja Behbudiyning ijodxonasi” deb nomlangan ekspozitsiyasi alohida ahamiyatga ega. Mazkur bo‘limda Behbudiy foydalangan kreslo mavjud. Shuningdek, XIX asr oxiri XX asr boshlarida foydalanilgan uy-ro‘zg‘or buyumlari — mis ko‘za, kitob o‘qish uchun lavh, qalamdon, kitob tashish uchun teridan ishlangan xalta va boshqa ashyolar joylashtirilgan.

Hoji Abdulaziz Abdurasulov uy-muzeyi

Manzil: Hoji Abdulazizov ko‘chasi, 49-uy.

Ish vaqti: Har kuni 09:00 — 17:00.

Kirish: Bolalar uchun 5 000, kattalar uchun 10 000 so‘mdan boshlanadi.

O‘zbekiston xalq hofizi, mashhur bastakor va maqom san’atining yirik namoyondalaridan biri bo‘lgan Hoji Abdulaziz Abdurasulov (1852−1936) xotirasiga bag‘ishlangan muzey 2019-yil avgust oyida, “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivali arafasida ochilgan.

Uning tashkil etilishi uchun hofiz yashagan va ijod qilgan xonadon to‘liq ta’mirlanib, u yerda saqlanayotgan shaxsiy buyumlar, musiqa asboblari va kitoblar to‘plangan. Hoji Abdulaziz Abdurasulov — o‘zbek maqom san’ati rivojiga beqiyos hissa qo‘shgan, “Guluzorim”, “Gullar bog‘i”, “Beboqcha”, “Samarqand ushshog‘i” kabi yuzlab qo‘shiqlar muallifi.

Shashmaqomni o‘rganish va keng targ‘ib etishda Hoji Abdulaziz Abdurasulovning xizmatlari katta bo‘lgan. Samarqand maqom yo‘llari, soz chalish va ashula aytish bo‘yicha ko‘plab yoshlarga ustozlik qilgan, ularga o‘z san’atini o‘rgatgan. Jumladan, O‘zbekiston xalq artisti Yunus Rajabiy ham uning Samarqanddagi xonadonida yashab, hofizdan saboq olgan.

Xalqlar do‘stligi va diniy bag‘rikenglik muzeyi

Manzil: Shohruh ko‘chasi 96-uy (SamDUning sobiq rektorati).

Ish vaqti: Har kuni 09:00 — 17:00.

Kirish: Bolalar uchun 5 000, kattalar uchun 10 000 so‘mdan boshlanadi.

2022-yil sentyabrda ochilgan mazkur muzey turli millat va din vakillari o‘rtasidagi hamjihatlik, bag‘rikenglik va o‘zaro hurmatni targ‘ib qiluvchi zamonaviy muzey hisoblanadi. Urush yillarida 14 nafar bolani tarbiyaga olgan taniqli temirchi Shoahmad Shomahmudov va uning turmush o‘rtog‘i haqidagi ma’lumotlar hamda kichik haykali ham o‘rnatilgan.

Muzeyda arman, ozarbayjon, turk, koreys, nemis va yahudiylaring milliy kiyimlari, buyumlari, suratlari kabi 100 ga yaqin eksponatni tomosha qilish mumkin. Bundan tashqari, shaharning yosh rassomlari ko‘rgazmasi ham o‘rin olgan.

Material Turizm qoʻmitasi koʻmagida tayyorlandi.

Shohruh Haydarov
Muallif
Shohruh Haydarov
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling