“Turistlarning ham sevimli bosh kiyimi – choʻgirma”. Xivalik hunarmand bilan intervyu

Xiva qalbida bugungi kungacha o‘z ahamiyatini saqlab kelayotgan qadimiy xorazmcha bosh kiyim tarixi va an’analari.
Qadimiy va navqiron Xivaga borgan deyarli barcha sayyoh bir marta bo‘lsa-da cho‘girma kiyib, rasmga tushishi shubhasiz. Ammo ushbu Xorazm milliy bosh kiyimi nimadan va qay tariqa tayyorlanishi haqida ko‘pchilikda ma’lumot yetarli emas. Afisha.uz muxbiri xivalik cho‘girmachi-po‘stindo‘z Ergash Bobojonov bilan suhbatlashib, hammani qiziqtirgan savollarga javoblar oldi.
45 yoshli Ergash Bobojonov Xivadagi Ichan qal’a davlat muzey-qo‘riqxonasi hududidagi mehmonxona vazifasini o‘tayotgan Muhammad Aminxon madrasasi oldidagi do‘konlarning birida savdo qiladi. U yerda o‘nlab do‘konlar bo‘lib, bir qanchasi Bobojonovlar sulolasi vakillariga tegishli.
“Ota-bobolarim cho‘girmachi-po‘stindo‘z sifatida o‘z davrida nomdor hunarmad bo‘lishgan. Shu hunar ortidan non yeganimiz, ajdodlarimning mehnatini ko‘rib, kichkinaligimdan tikishni boshlaganman. Sulolamizning uchinchi avlodiman. Aka-ukalarim ham oilalari bilan shu hunarni davom ettirmoqda”, — deydi u.
Cho‘girma nimadan tayyorlanadi?
Hunarmandning aytishicha, cho‘girma bosh kiyimi qo‘zichoq terisidan tayyorlanib, bitta qo‘zichoqdan bir dona sifatli cho‘girma chiqadi.
“Bizning asosiy xom-ashyomiz qo‘zichoq terisi hisoblanadi. Yangi tug‘ilgan, ya’ni ikki-uch oylik qo‘zichoq terisi 10−12 sm bo‘lgach, undan cho‘girma tayyorlaymiz. Qo‘zichoqlarni cho‘ponlar, bozorlardan sotib olamiz, ba’zan qassoblar ham teri yetkazib beradi. Terini xarid qilishda uning sifatiga katta ahamiyat qaratamiz. Agar teri jingalak bo‘lsa, cho‘girma chiroyli va sifatli chiqadi. Teri dastlab ivitiladi, oshlanadi, qayta-qayta ishlov beriladi va quritiladi. Shundan keyingina bichiladi. Bu jarayon qiyin va uzoq vaqt oladi, jamoaviy mehnat qilish shart. Hamma jarayonlarni oilaviy birgalikda qilamiz. Bitta cho‘girma uzog‘i o‘n kunda tayyor bo‘ladi”, — deydi Ergash Bobojonov.
Uning qo‘shimcha qilishicha, hunarmand cho‘girmadan tashqari 15 xil bosh kiyimi tayyorlab sotadi. Bunda qo‘y, tulki, bo‘ri kabi hayvonlar terisidan foydalanadi.
“Cho‘girmaning narxi teri va uning sifatiga qarab turlicha baholanadi. Oppoq teridan tayyorlangani qimmat sotiladi. Bizda narxlar 200 mingdan 1,5 mln so‘mgacha etib belgilangan”, — deydi u.
“Hozir “konditsioner"ga talab kamayib ketdi”
Ergash Bobojonovning so‘zlariga ko‘ra, cho‘girma qadimda “konditsioner” vazifasini bajargan: u boshni yozda salqin, qishda issiq tutgan.
“Xiva xoni davrida barcha erkaklar: 7 yoshdan 70 yoshgacha cho‘girma kiygan. Shu sababli cho‘girmachi-po‘stindo‘zlar el-yurt oldida ancha obro‘li bo‘lgan. Ular odamlarning mansabiga qarab, qo‘y terilaridan cho‘girmalar tikkan. O‘tmishda cho‘girmani asosan xon, vazir kabi badavlat kishilar kiygan. Cho‘girma boshni yozda salqin, qishda issiq qiladi. Ota-bobolarimiz yoz kunlarida boshini bir terlatib, issiq paytlarda ham kiyib yuravergan. Qisqasi, „konditsioner“ vazifasini bajargan”, — deydi hunarmand.
“Bugungi davrga kelib esa cho‘girma kiyish kamayib ketdi. Hozirgi paytda ham yoshi ulug‘ insonlar kiyadi, lekin ular soni juda kam. Yoshlar orasida ham turli tadbir va to‘ylarda kiyib, “Lazgi"ga raqs tushish uchun sotib oladiganlar bor. Ammo cho‘girmani ommaviy kiyib yurish odati yo‘q, qiziqish susayib boryapti”, — deydi u.
“Turistlar orasida cho‘girma sotib oluvchilar ko‘p”
Hunarmandning Ichan qal’a davlat muzey-qo‘riqxonasi hududida joylashgan mo‘jazgina savdo do‘koni hamisha sayyohlar bilan gavjum. U o‘z hunari orqali Xorazm cho‘girmalari dovrug‘ini dunyoga yoymoqda.
“Bosh kiyimlarning hammasini uyda tayyorlaymiz, ya’ni ustaxona xonadonimizda joylashgan. Do‘konimiz esa dunyoga mashhur o‘sha Ichan qal’a majmuasi hududida. Uyimiz bu yerga juda yaqin, orasi 3−4 km masofani tashkil etadi. Mendan oldingi ajdodlarim ham shu yerda savdo qilishgan. Aka-ukalarim, qarindoshlarim ham o‘z mahsulotlarini Ichan qal’a hududida sotadi. Ichan qal’a biz uchun qaynoq savdo markazi hisoblanadi”, — deydi u.
Uning qayd etishicha, cho‘girma sayyohlarning ham sevimli bosh kiyimi bo‘lib, xarid qiluvchilar ko‘pchilikni tashkil etadi.
“Ichan qal’aga kirgan turistlar albatta, cho‘girmalarni ushlab ko‘rib, uning tarixi, nimadan tayyorlanishi va o‘ziga xos xususiyatlari haqida so‘raydi. Biz barcha ma’lumotlarni aytganimizdan so‘ng ularda qiziqish paydo bo‘ladi va cho‘girma xarid qiladi. Xorijliklar orasida cho‘girma sotib oladiganlar ko‘p. Bu bosh kiyim asosan, Xivada tayyorlangani uchun Xorazm brendiga aylangan, desam xato bo‘lmaydi. Cho‘girmani ham turistlarni jalb qilishda hissasi bor, deb o‘ylayman. Chunki aynan cho‘girma olish uchun yillar o‘tib ham keladiganlar, xorijda turib, uni onlayn sotib oluvchi sodiq mijozlarim ham bor”, — deydi Ergash Bobojonov.
Hunarmandga ko‘ra, uning mahsulotlarini nafaqat mahalliy va xorijlik turistlar, balki o‘zbekistonlik taniqli san’at vakillari ham xarid qiladi.
“Xorazmlik marhum hofizlar Rahmatjon Qurbonov hamda Ortiq Otajonovlarning ijodiy jamoalariga cho‘girma, telpak tayyorlab berganman. Ozodbek Nazarbekov ham xaridor sifatida sotib olgan. Hozirgi kunda Og‘abek Sobirovning ansambli bilan hamkorlik qilyapmiz. Biz tayyorlagan bosh kiyimlarga taniqli odamlar ham qiziqish bildirib, xarid qilishi albatta, quvontiradi. Hunarim orqali kam bo‘layotganim yo‘q. Sulolamizni farzandlarim ham davom ettiryapti, ularga hunar sirlarini o‘rgatib kelyapman”, — deydi Ergash Bobojonov.
Material Turizm qoʻmitasi koʻmagida tayyorlandi.
