Buyuk Britaniyada o‘zbek milliy taomlari namoyish etiladigan gastroturi tashkil etiladi

Buyuk Britaniyada o‘zbek milliy taomlari, an’anaviy san’ati va sayyohlik imkoniyatlarini namoyish etuvchi “O‘zbekiston karvoni” deb nomlangan madaniy-gastronomik tur tashkil etiladi.
London, Manchester, Liverpul, Edinburg, Oksford va Kardiff shaharlarining markaziy nuqtalarida o‘tadigan ushbu tur davomida mehmonlar o‘zbek milliy taomlarini tatib ko‘rishi hamda O‘zbekistonning sayyohlik imkoniyatlari haqida batafsil ma’lumot olishi mumkin bo‘ladi.
Gastrotur O‘zbekiston Turizm qo‘mitasi, mamlakatning Buyuk Britaniyadagi elchixonasi, Londondagi mashhur “Oshpaz” restorani hamda taniqli oshpaz Bahriddin Chustiy jamoasi hamkorligida tashkil etilmoqda.
Jadval:
- 5-iyun — Edinburg, The Gyle;
- 7-iyun — Manchester, Spinningfields — Crown maydoni;
- 8-iyun — Liverpul, Church Street (Primark ro‘parasida);
- 12-iyun — Kardiff, Cherchill yo‘li;
- 15-iyun — Oksford, Bonn maydoni;
- 17-iyun — London, Angel Islington.
Tadbirlar soat 12:00 dan 17:00 gacha davom etadi.
“Oʻzbekiston karvoni” turi 21−22 iyun kunlari Londonning eng mashhur nuqtalaridan biri — “Tower Bridge” oldida bo‘lib o‘tadigan “O‘zbek madaniyati va milliy taomlari” katta festivalining kirish bosqichi hisoblanadi.