Ukropdan YUNESKOgacha: Xorazm taomi shivit oshi haqida

Shivit oshi “xorazmcha lag‘mon”, “yashil lag‘mon” nomlari bilan dunyo taomnomasidan joy olgan. Bu milliy taom Xiva ahlining jazirama kunlardagi tansiq ovqati hisoblanadi. U chiroyli yashil ko‘rinishi va darmondorilarga boyligi bilan turistlarning ham sevimli ovqatlari ro‘yxatiga kiritilgan. Shivit oshi qanday tayyorlanadi, u nega faqat Xorazmda qilinadi, Xivadagi qaysi restoranlarda bu taomni tanovul qilish mumkin? Afisha.uz shu kabi savollarga topish maqsadida gid Gulshoda Odamboyeva bilan suhbatlashdi.
Gulshoda Odamboyeva, o‘zbek-fransuz tili bo‘yicha gid
— Faoliyatimni boshlaganimga ikki yil bo‘ldi. Turistlarga fransuz-o‘zbek tilidan gidlik qilaman. Fransiya, Belgiya, Shveysariyadan kelgan sayyohlarga xizmat ko‘rsataman. Ular ko‘proq Xiva va Qoraqalpog‘istondagi tarixiy joylarga borishni, u yerdagi obidalar va maskanlar bilan yaqindan tanishishni istaydi. Xorazm milliy taomi bo‘lgan shivit oshi ham turistlar orasida ancha taniqli. Quyida ushbu taom haqida bilgan ma’lumotlarimni sizlar bilan o‘rtoqlashmoqchiman.
Shivit oshi qanday tayyorlanadi?
Bu taomni lag‘mon, deyish ham mumkin. Faqat unga shivit o‘simligining sharbati solinib, rangi yashil tusga kiradi. Bu ovqatni tayyorlash jarayoni shivitni maydalab, uning suvini olishdan boshlanadi. Shivit suviga 3 donagacha tuxum, tuz va un solinib, xamir qoriladi. Tuxum xamirning qattiq bo‘lishida juda muhim ahamiyatga ega. Xamir 20 yoki 30 daqiqa tin olgach, u o‘rtacha qalinlikda yoyiladi va qo‘lda yo apparat orqali kesilib, lag‘mon holatiga keltiriladi. Shundan so‘ng, tuz solingan qaynoq suvda lag‘mon qaynatiladi. Bu jarayondan keyin lag‘mon sovuq suvda birrov sovutiladi va unga ozgina o‘simlik yog‘i solinadi.
Mazkur jarayondan keyin shivit oshi sousi tayyorlanadi. Dastlab go‘sht o‘simlik yog‘ida qovuriladi, ustiga piyoz, kartoshka va sabzi solinib, pishiriladi. Tomat pastasi yoki pomidor ham solishni unutmaslik kerak. Barcha mahsulotlar solingach, biroz qaynatiladi. Shivit oshini ustiga sous hamda qatiq yoki suzma solinib, dasturxonga tortiladi.
Bu taom nega faqat Xorzamda qilinadi?
Shivit oshi bundan 100−150 yil oldin paydo bo‘lgani haqida turli taxminlar mavjud. XX asr boshlarida to‘ylar hamda mehmondorchilikda bu taom dasturxonga tortilgani to‘g‘risida ko‘p eshitganman. Mazkur taom gastronomik meros sifatida YUNESKO tomonidan ham tan olingan.
Ushbu ovqatning asosan, Xorazmda tayyorlanishi iqlim bilan bog‘liq bo‘lsa kerak, deb o‘ylayman. Ya’ni bizning viloyat iqlimi yozda juda issiq va quruq bo‘ladi. Bu mavsumda odamlar baliq, palov va shu kabi yog‘li hamda kuchli ovqatlarni unchalik xush ko‘rmaydi. Issiq oylarda qatiq yo ayron qo‘shib yeyiladigan taomlar, salatlar ko‘proq iste’mol qilinadi. Shivit oshi ham asosan, yozda tayyorlanadi. U yengil va to‘yimli taom bo‘lgani uchun ham oshqozonga og‘ir botmaydi, oson hazm bo‘ladi. Shivitning barcha foydali jihatlarini bu taomda uchratish mumkin.
Shivit oshini turistlar sevib tanovul qiladi. Ular Xorazmga kelganida, albatta, milliy taomlarimiz haqida so‘raydi va biz shivit oshini ham tavsiya qilamiz. Tatib ko‘rishganidan keyin iliq fikrlar aytishadi. Ayrim yemakxonalarda shivit oshining tayyorlanishi bo‘yicha sayyohlarga mahorat darslari ham o‘tiladi.
Shivit oshini Xivadagi qaysi restoranlardan topish mumkin?
Mazkur taomni Xorazmning boshqa hududlarida ham tayyorlashadi, lekin keng ommalashmagan. Xivaning deyarli barcha ovqatlanish joylari va xonadonlarida esa ko‘p qilinadi. Ichan qal’a majmuasi ichidagi barcha yemakxonalar menyusida shivit oshini uchratish mumkin. Misol uchun, Xorazm art, Ayvon, Tapas, Mirzaboshi, Terassa kabi restoranlar, shuningdek, Ichan qal’adan tashqarida joylashgan Sofra restoranida ham shivit oshi tayyorlanib, xo‘randalarga tortiq qilinadi.
- Tapas restorani dagi narx:
Bir porsiyasi 45 ming so‘m. - Xorazm art restorani dagi narx:
Bir porsiyasi 50 ming so‘m. - Terrassa restorani dagi narx:
Bir porsiyasi 78 ming so‘m. Bu narx ichida turistlarga shivit oshi tayyorlash bo‘yicha mahorat darsi ham o‘tiladi. - Ayvon restorani dagi narx:
Bir porsiyasi 55 ming so‘m. - Sofra restorani dagi narx:
Bir porsiyasi 40 ming so‘m.
Material Turizm qoʻmitasi koʻmagida tayyorlandi.
