Samarqand qogʻozi geografik koʻrsatkich maqomini oldi

E’lon qilingan sana· 38
Samarqand qogʻozi geografik koʻrsatkich maqomini oldi

Samarqand viloyatning an’anaviy yodgorligi va hunarmandchilik namunasi bo‘lgan Samarqand qog‘ozi O‘zbekiston geografik ko‘rsatkichlari reyestriga kiritildi. Samarqand viloyati adliya boshqarmasi va Intellektual mulk markazining taklifiga ko‘ra, Adliya vazirligi tomonidan tegishli qaror qabul qilindi.

Geografik ko‘rsatkich maqomi shuni anglatadiki, “Samarqand qog‘ozi” iborasi endi qonun bilan himoyalangan — faqat Samarqandda an’anaviy texnologiya bo‘yicha ishlab chiqarilgan mahsulotlar ushbu nomga ega bo‘lishi mumkin. Avvalroq “Samarqand non”, “G‘ijduvon kabob”, “Andijon do‘ppi” kabi o‘zbek brendlari ham shunday maqomga ega bo‘lgandi.

Samarqand qogʻozi tut poʻstlogʻidan qoʻlda tayyorlanadi:

  • avval suvda ivitiladi, so‘ngra po‘stlog‘ining ustki qatlami olinadi va qozonda 5−6 soat qaynatiladi;
  • shundan so‘ng tolalar parchalanadi va bir xil massa hosil bo‘lguncha yog‘och qoliplarda maydalanadi;
  • hosil bo‘lgan bo‘tqa ramkalar orqali oʻtkaziladi, presslanadi va maxsus marmar plitalarda quritiladi.

Samarqand qog‘ozi rassom va restavratorlar uchun qadrli hisoblanadi. U mahalliy miniatyura rasmlari, xattotlik, shuningdek, qadimiy qoʻlyozmalarni tiklashda, shu jumladan, chet elda, masalan, Yaponiyada ham qoʻllaniladi.

Geografik koʻrsatkichni roʻyxatdan oʻtkazish quyidagilarga yordam beradi:

  • noyob hunarmandchilikni qalbakilashtirishdan himoya qilish va uning an’anaviy usullarini saqlab qolish;
  • Samarqandning madaniy brend sifatida tan olinishini oshirish;
  • mahalliy hunarmandchilik tarmoqlarini rivojlantirishga ko‘maklashish va hududning tarixiy an’analariga e’tibor qaratish.

Samarqand qog‘ozi endilikda viloyat hududi va texnologiyasi bilan bog‘liq an’anaviy mahsulot sifatida rasman qonun bilan himoyalangan. Bu Samarqandning madaniy o‘ziga xosligini mustahkamlaydi, noyob qog‘oz yasashning qadimiy an’analarini saqlab kelayotgan hunarmandlarni qo‘llab-quvvatlaydi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling