Zamonaviylikka yo‘g‘rilgan tarix: Arda Xivaga sayohat

E’lon qilingan sana· 134
 Zamonaviylikka yo‘g‘rilgan tarix: Arda Xivaga sayohat

Xiva — oʻzida koʻplab diqqatga sazovor joylarni jamlagan, Oʻzbekistonning gʻarbida joylashgan tarixiy hududlardan biri. Shuningdek, yaqin tarixda mamlakat hududida joylashgan uchta katta davlatning (xonliklar va amirlikning) biri boʻlgan. Tarixiy obidalar, turistlar oqimi va boshqalar boʻyicha boshqa katta shaharlar Samarqand va Buxoro bilan hozir ham raqobat qiladi.

Shu vaqtgacha Xiva haqida gap ketganda asosan Ichan qal’a majmuasi haqida eslanardi. Biroq 2025-yilning may oyida tarix va zamonaviylikni birlashtira olgan yangi Arda Xiva majmuasi ochildi. Bu Samarqandda joylashgan Boqiy shaharni eslatib yuboradigan kompleks boʻlib, koʻplab xizmatlarni va diqqatga sazovor joylarni bir yerga toʻplagani bilan ajralib turadi.

Afisha.uz muharrirlari ham yangi ochilgan joyga sayohat qildi va quyida bu haqda ma’lumot beradi.

Majmuaning “Arda Xiva” nomi “port shahri” deb tarjima qilinadi, bu hududning joylashuvidan kelib chiqqan. Qayd etilishicha, bir vaqtlar bu yerda, Xiva yaqinida Amudaryo o‘zani o‘tgan, hatto bu o‘zan Kaspiy dengiziga quyilgan, degan ma’lumotlar ham uchraydi. Bugungi kunda Amudaryodan bu yerda bir nechta yirik ko‘llar qolgan.

Hudud markaz hisoblangan Ichan qal’adan biroz uzoqdagi Gaukul koʻli yonida joylashgan boʻlib, 25 gektar maydonga qurilgan. Shu sababdan sayohatchilar issiq kunlarda koʻl yoniga borib, salqinlanishi ham mumkin. Shuningdek, Arda Xiva ichidagi kichik koʻl boʻylab gondolalarda suzish imkoniyati mavjud boʻlib, bu orqali butun kompleksni tomosha qilish mumkin.

Arda Xivada har bir yoshdagi mehmonlarning xohishlari e’tiborga olingan, deyish mumkin. Hududda “Ummu park” deya nomlangan akvapark mavjud boʻlib, unda bolalar va oʻsmirlar gavjum boʻladi. Shuningdek, bir qancha restoranlar, muzeylar va boshqalarni koʻrish mumkin. Bu yerga kelgan oila a’zolarining har bir vakili oʻziga qiziq boʻlgan jihatni topadi.

Kompleks ichidan oʻtuvchi kichik koʻl boʻylab yursangiz, amfiteatrning oldidan chiqasiz. Ha, katta tadbirlar, konsertlar va boshqa bayramlar oʻtkaziladigan maydon xuddi Boqiy shahardagi amfiteatrni eslatadi. Biroq bu yerning farqi shundaki, muxlislar oʻtiradigan tribunalar va sahnani suv ajratib turadi. Koʻl issiq kunlarda salqinlikni ta’minlaydi.

Bu amfiteatr ham tarixiy uslubda bino etilgan. Muxlislar oʻrindiqlarining orqasida peshtoqlarni, sahna ortida esa Ichan qal’a maketini koʻrish mumkin. Shuningdek, hududda Xivaning mashhur qadamjolaridan biri boʻlgan Kalta minorning ham maketi bor. Shu sabab Arda Xivani bemalol “kichik Xiva” deb ham atash mumkin.

Sayr davomida tashrif buyuruvchilar kech tushishi bilan ancha koʻpayishini sezish mumkin.

“Eski shahar uslubidagi zamonaviy inshootlar. Sayr qilish uchun ajoyib joy, ayniqsa quyosh botayotganda: bu vaqtda butun majmua chiroyli qum rangiga bo‘yaladi va sayr qilish qulayroq bo‘ladi, bu vaqtda issiq ham ancha chekinadi. Turli rakurslardan qiziqarli suratlar olish mumkin, ular bir-birini takrorlamaydi, lekin bitta lokatsiyada bo‘ladi”, — deydi Arda Xiva mehmonlaridan biri.

Tarixiylik va zamonaviylik bir yerda uygʻunlashtirilgan maskanda alohida Chorsu bozori ham mavjud. U yerda kerakli mahsulotlardan tashqari, sovgʻa uchun suvenirlarni ham topish mumkin. Bozor boʻylab mehmonlarga musiqa hamrohlik qiladi. Bu yerda asosan Jahongir Otajonov va Asl Wayne kabi xonandalarning qoʻshiqlarini tinglaysiz (shu oʻrinda ularning ikkisi ham xorazmlik ekanini ta’kidlab oʻtishni lozim topdik). Bozor yirik gumbazlar ostida joylashgan va uning oʻrtasidan koʻl ham oʻtgan.

Bundan tashqari, bir nechta restoranlar va boshqa xizmat koʻrsatish shohobchalari ham mavjud. Umumiy qilib, aytganda Arda Xivaga tashrif buyurish orqali “kichik Xiva"ni sayr qilish, ovqatlanish va koʻlda gondolada suzib Venetsiya vaybini his qilish ham mumkin.

Arda Xivaga kirish bepul.

Material Turizm qoʻmitasi koʻmagida tayyorlandi.

Azimbek Xushmamatov
Muallif
Azimbek Xushmamatov
Arina Melnichuk
Fotosuratchi
Arina Melnichuk
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling