O‘zbekistonda turistik obyektlar tunda ham ishlashi mumkin

E’lon qilingan sana· 145
O‘zbekistonda turistik obyektlar tunda ham ishlashi mumkin

O‘zbekistonda turistik obyektlarning tungi vaqtda ham faoliyat yuritishi yo‘lga qo‘yiladi. Shuningdek, madaniy meros obyektlari va muzeylarga kirish chiptalari raqamlashtirilib, ularni oldindan onlayn xarid qilish imkoniyati yaratiladi. Bu haqda Gazeta.uz xabar berdi.

Xabarga ko‘ra, Vazirlar Mahkamasi, Madaniy meros agentligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Savdo-sanoat palatasi hamda Ichki ishlar vazirligi 2025-yil dekabriga qadar muzey va madaniy meros maskanlariga tashriflar oqimini oshirish bo‘yicha qaror loyihasini ishlab chiqadi. Shuningdek, Turizm qo‘mitasi, Madaniy meros agentligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasiga 2025-yil noyabriga qadar “Moddiy-madaniy meros obyektlaridan foydalanishda davlat-xususiy sheriklik mexanizmlarini keng joriy qilish to‘g‘risida"gi Prezident qarori loyihasini tayyorlash topshirilgan.

Nimalar o‘zgaradi?

  • Madaniy meros obyektlari va muzeylarda chiptalar raqamlashtiriladi, tashrif buyuruvchilar chiptani oldindan onlayn sotib olishi mumkin bo‘ladi;
  • Turistik obyektlar uchun tungi ish rejimi joriy etilib, dam olish va sayohat imkoniyatlari kengayadi.

Bundan tashqari, madaniy meros obyektlarini davlat-xususiy sheriklik asosida uzoq muddatga ijaraga berishning yagona Heritage Hotels of Uzbekistan dasturi yo‘lga qo‘yiladi. Bu jarayonda davlat sherigi sifatida “Heritage Hotels of Uzbekistan direksiyasi” davlat muassasasi tashkil etiladi. Obyektlardagi restavratsiya va tiklash ishlari ushbu muassasa orqali Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.

Mazkur islohotlar sayyohlar uchun qo‘shimcha qulayliklar yaratishi, muzey va madaniy meros obyektlariga kirishni osonlashtirishi, turizm infratuzilmasini modernizatsiya qilish va xususiy investitsiyalarni jalb etishga xizmat qilishi kutilmoqda. Shu bilan birga, mamlakatda madaniy hayotning kechki payt ham faollashishi, yangi ekskursiyalar, ekspozitsiyalar va tematik tadbirlarga keng imkoniyatlar ochilishi rejalashtirilgan.

Shuningdek, xalqaro yuqori toifali mehmonxona tarmoqlari jalb etilishi, butik mehmonxonalar tashkil etilishi davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanadi. Dastur ishtirokchilari foyda, mol-mulk va yer solig‘idan muayyan muddatga to‘liq ozod qilinadi hamda ularga bojxona imtiyozlari beriladi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Tungi avtobuslar Toshkent boʻylab qaysi koʻchalardan oʻtadi? Roʻyxat

Toshken shahri boʻylab 2025-yil oxiriga qadar tungi avtobuslarning dastlabki yoʻnalishi yoʻlga qoʻyilishi ma'lum qilindi.