Tog‘lar bag‘rida sokinlikka cho‘mgan qishloq: Gʻelon boʻylab fotohikoya

E’lon qilingan sana· 280
Tog‘lar bag‘rida sokinlikka cho‘mgan qishloq: Gʻelon boʻylab fotohikoya

Afsonaviy Gʻelon qishlogʻi haqida koʻpchilik eshitgan — vohaning baland vapurviqor togʻlari ichida joylashgan moʻʼjaz va bahavo bu maskan qishin yozsayyohlarni oʻziga jalb qilib keladi. Biroq bu yerga etib olish oson emas.

Agar siz Toshkentdan yengil mashinada boradigan boʻlsangiz, saxar vaqtni tavsiya qilamiz. Soat 6 da yoʻlga chiqsangiz, taxminan 17 larda manzilga yetib borasiz. Yoʻl olis boʻlsa-da, biroq qiziqarli manzillarga boy.

Avvalo, Jizzaxda yoʻl boʻyida toʻxtab, mazali somsalardan tatib, nonushta qilib olish zarar qilmaydi. Shundan soʻng Samarqandning Urgut tumanidan oʻtasiz, bu yergayam birrovga qoʻnib oʻting: mashhur Teshiktogʻ darasi va Apachilar koʻngilochar maskani sizni kutmoqda. Kirish bepul.

Keyingi manzil — Qashqadaryoning Shahrisabz tumani. Bu yerda soʻlim Miraki qishlogʻidan oʻtasiz. Miraki turistik maskan boʻlib, yaqindagina u yerda kattador yoʻli ochildi. Dor yoʻli kattalar uchun 50 ming, bolalarga 25 mingdan.

Bu yerdan vohaning butun goʻzalligi kaftdan namoyon boʻladi. Shundan soʻng sizni Hisorak suv ombori qarshi oladi: dengizdek mavjlangan manzarani tomosha qilib, koʻnglingiz yayraydi. Shuningdek, motorli qayiqlarda suv ombori boʻylab zavqli sayohat ham qilishingiz mumkin. Choʻmilish mumkin emas.

Ana endi, yoʻlimizning mushkul qismi boshlanadi — Gʻelon qishlogʻi tomon yoʻl olamiz. Togʻ yoʻllari biroz xavfli, haydovchidan ehtiyotkorlikni talab etadi. Yoʻlovchilar uchun esa goʻzal va betakror manzaralarni tuhfa etadi: yirik toshli togʻlar, katta shoshqin soy, yashil daraxtlar, ot uyurlari va albatta, toza sof havo. Shu palla telefonlarda aloqa va internet ham oʻchadi.

Gʻelonga yetib kelganingizdan soʻng antikvar qishloq boshlanadi. Bu yerda uymehmonxonalar yetarlicha topiladi.

Dam olish kunlari hostellar band, begim kunlari esa bemalol boʻladi. Siz oʻzingizga maʼqul xonadonni tanlab joylashib olasiz. Uylarda barcha sharoitlar mavjud: kattalar uchun yotoqxona, bolalar uchun krovatlar, oshxona, issiq suv, tapchan, basseyn va boshqalar. Narxlarga keladigan boʻlsak, odam boshiga bir sutkaga oʻrtacha 100 ming soʻmdan. Ovqatni esa oʻzingiz tayyorlaysiz yoki qishloqdagi kafelarga kirishingiz mumkin. Bu yerda doʻkonlarda hamma kerakli narsalarni harid qilsa boʻladi. Tabiiy saryogʻ, qurt, asal kabi mahsulotlardan albatta, tatib koʻring.

Joylashib hordiq chiqargach, sayohatlaringiz rejasini tuzib oling. Bu yerda Niva mashinasi oʻz xizmatlarini taklif qiladi: soyga olib tushish, toqqaolib chiqish singari. Baland togʻlar bagʻrida piknik qilish yoki shoshqin soy boʻyida oʻchoqda taom pishirishning gashti oʻzgacha. Havo harorati iyul oyida12−17 darajani tashkil qiladi. Shunga mos kiyimlar olishni unutmang.

Tabiat goʻzalligiga yaxshilab toʻyganingizdan soʻng madaniy maskanlarga hamborishni tavsiya qilamiz. Bular — rassom ustaxonasi, ziyoratgoh, gʻorli uy hamda qadimiy tegirmon. U yerda siz Gʻelon tarixi haqida maʼlumotlarga ega boʻlasiz. Qishloqdagilarning millati tojik, ular samimiy, doim yordamgashay, dilkash insonlar. Sizga yoqib qoladi.

Shunday qilib, uyingizga dilingiz yangilangan, jismingiz yoshargan holda qaytasiz. Ayniqsa, musaffo havo sogʻligʻingizga ham ijobiy taʼsir qiladi. Gʻelon ekstrim sarguzashtsevarlarga ham, odamlardan holi tinch dam olishni istovchilarga ham, oilaviy yoki doʻstlar davrasida maroqli hordiq chiqarmoqchi boʻlganlarga ham birdek mos keladi. Har faslda takrorlanmas manzaraga ega. Vaqt va imkon topib albatta, keling deymiz.

Material Turizm qoʻmitasi bilan hamkorlikda tayyorlandi.

Nodirabegim Ibrohimova
Muallif
Nodirabegim Ibrohimova
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling