O‘tmish bilan yuzma-yuz: Buxorodagi uch yuz yillik uy haqida

Buxoroning eski shahar qismidagi jin ko‘chalar bo‘ylab yurib borarkansiz, XVIII asrlarda qurilgan uylarni eslatuvchi ikki qavatli binoga ko‘zingiz tushadi.
Bu — asrlar davomida o‘z holicha saqlab kelinayotgan “tirik” o‘tmish, 300-yillik tarixga ega uy-muzey.
Darvozadan nazar tashlasangiz, avval bir o‘rindiq va undan keyin cho‘zilgan tor yo‘lak ko‘rinadi. Yo‘lakdan chiqishingiz bilan sizni mo‘jazgina ichki hovli va ayvonlar qarshilaydi. Buxorocha naqshindor ustunlar va eshik-derazalardagi o‘yma naqshlar haligacha o‘sha davr nafasini berib turadi.
Imorat ikki qavatdan iborat bo‘lib, hozirda Qambarovlar suloloasi davomchilari — uchinchi avlod bo‘lmish ikki aka-uka va uning oilasi — jami 10 kishi istiqomat qiladi.
Shuning uchun ham bu uyga kirgan har bir mehmon nafaqat muzey ekspozitsiyasini, balki haqiqiy oila turmush tarzini, Buxoroning ijtimoiy va madaniy muhitini yaqqol his qiladi.
Biroq vaqt va zamon uyni ham sinovdan o‘tkazmoqda. Asrlar shohidi bo‘lgan bu maskan bora-bora ta’mirga muhtoj bo‘lib borishi tabiiy.
Shu sababdan uyni davlat muhofazasi ostiga olish va ilmiy asosda ta’mirlash ishlarini olib borish zarur.
Uy-muzey Samarqand ko‘chasi 77-uyda, aniqroq qilib aytganda, Labi Hovuz majmuasidan bor-yo‘g‘i 5 daqiqalik masofada joylashgan. Buxoroga sayohat reja qilsangiz, mana shunday tarix bilan yuzma-yuz uchrashish imkonidan albatta foydalanib qoling. Muzeyga kirish — 10 000 soʻm.
Material Turizm qoʻmitasi bilan hamkorlikda tayyorlandi.
