San’at raqsga tushganda: Buxoro qo‘g‘irchoq ustaxonasi-muzeyining sehrli olami

Buxoroga borgan turistlarni nafaqat tarixiy obidalar, balki Labi hovuz ansambli yonida joylashgan milliy qo‘g‘irchoqlar muzey-ustaxonasi ham o‘ziga jalb qiladi. Har bir turistning sayohat rejasidan o‘rin oluvchi mazkur maskanda asosan, xorijliklarni uchratasiz.
Muzeyga tashrif buyuruvchi mehmonlar bolalik davriga qaytishdan tashqari, qo‘g‘irchoqlar haqidagi bilimlarini ham boyitadi. Afisha.uz muxbiri sayyohlarning sevimli manzillaridan biriga aylangan milliy qo‘g‘irchoqlar muzey-ustaxonasidan reportaj tayyorladi.
25 yil davomida turizm sohasida faoliyat yuritgan Iskandar Hakimov 90-yillar boshida O‘zbekistonda dastlabki xususiy qo‘g‘irchoq teatrlaridan biriga asos soladi. Mutaxassisligi filolog bo‘lgan Iskandar aka o‘ttiz yildirki, qo‘g‘irchoqlar yaratish bilan shug‘ullanadi.
U va shogirdlari 2009-yildan buyon hozirgi manzilda: Labi hovuz ansambli yaqinidagi tarixiy binoda ijara shartnomasi asosida qo‘g‘irchoq ustaxonasini tashkil etib, qo‘g‘irchoq namoyishi va muzeyi faoliyatini amalga oshirib kelmoqda.
Qo‘g‘irchoqlar qanday yasaladi?
Ikki qavatli binoning birinchi qavati muzey, ikkinchisi esa ustaxona hisoblanadi. Qo‘g‘irchoq yasash jarayoni bir necha bosqichni o‘z ichiga oladi: eskiz, tananing gips shakli, pape-mashe, yuzni bo‘yash, kiyim tikish. Mazkur jarayonda uchta oilaning 10 dan ziyod vakili ishtirok etadi. Erkaklar qo‘g‘irchoqlarning shakllarini yaratish bilan shug‘ullansa, ayollar ko‘ylaklar va bosh kiyimlarni tikadi.
13 yildan beri mazkur muzey-ustaxonada ishlayotgan hunarmand Farrux Ahmedovning so‘zlariga ko‘ra, bitta qo‘g‘irchoqni yasashga yetti kun vaqt ketadi. U ushbu jarayon haqida quyidagicha tushuntirdi:
“Hammani o‘ziga jalb qiladigan bu qo‘g‘irchoqlarning yasalishi oddiy tuyulishi mumkin. Ammo juda mayda ish va kishidan katta sabr talab qiladi. Har bir qo‘g‘irchoq qo‘lda yasaladi va barchasini o‘zimiz bajaramiz. Qo‘g‘irchoqlarni yasash jarayonida maxsus plastilin, qog‘oz, qum qog‘oz, un, suv-emulsionli va yog‘li bo‘yoqlar, bo‘yash va chizish uchun cho‘tkalar, turli ipak, velyur va paxta matolar, karton, yog‘och va boshqalardan foydalaniladi”, — deydi Ahmedov.
Uning aytishicha, oldin eskiz chizilib, maxsus plastilin va loy bilan qolip, ya’ni qo‘g‘irchoqning bosh qismi yasaladi. Gips yordamida ikki qismli shakl quyiladi. Un va suv bilan tayyorlangan kley yordamida mayda qog‘oz bo‘laklari forma ustidan 10−12 qavatgacha yopishtirib chiqiladi. Bir kun o‘tgach, avvaldan tayyorlangan qo‘g‘irchoq qismini qolipdan ajratilib, ortiqcha qisimlari kesiladi va qum qog‘ozda silliqlanadi. Shundan keyin 2 qatlam qog‘oz yopishtirilib, qayta silliqlangach, maxsus bo‘yoq bilan qoplanib, yana silliqlanadi.
“Keyingi jarayonlarga ham uzoq vaqt ketadi, aniq muddatini aytish qiyin. Chunki quritish va boshqa kutish talab etiladigan paytlarda boshqa qo‘g‘irchoqlar ustida ish olib boramiz. Bir vaqtning o‘zida bir nechta qo‘g‘irchoq ustida ishlanadi. Oyiga 30 tagacha qo‘g‘irchoq yasaymiz”, — deydi u.
Narxlar — 300 ming so‘mdan boshlanadi
Qo‘g‘irchoqlar muzeyi kichik ko‘rgazma zalidan iborat bo‘lib, bu yerda bir necha yuzlab turli personajlarni uchratish mumkin. Obrazlar ko‘chadagi real odamlar asosida yaratiladi.
Muzey qoshida suvenirlar do‘koni ham tashkil etilgan, unda qo‘lda harakatga keltirish mumkin bo‘lgan qo‘g‘irchoqlar sotiladi. Sayyohlar rang-barang qahramonlar: Buxoroning tarixiy shaxslari, an’anaviy sharq ertaklari va turistlarga o‘xshash qo‘g‘irchoqlarni o‘zlariga esdalik sifatida sotib olishi an’anaga aylangan.
Yuqorida qayd etilganidek, qo‘g‘irchoq yasash jarayoni juda murakkab va ko‘p vaqt oladi. Shu sababli qo‘lda yaratilgan ushbu san’at asarlarining narxi ham mehnatiga yarasha baholanadi.
“Eng oddiy qo‘g‘irchoq narxi 300 ming so‘mdan boshlanadi. Uning sifati, egnidagi liboslari va boshqa omillarga qarab, narx o‘sib boraveradi. Kuniga 10−20 tagacha sotamiz. Masalan, kunning yarmigacha hech narsa sotmasligimiz ham mumkin. Chunki bu yerga kelgan turistlar qo‘g‘irchoq xarid qilishga majbur emas va biz ham bunga undamaymiz. Kim qiziqib, yoqtirib qolsa, sotib oladi”, — deydi Farrux Ahmedov.
“Turistlarning qadami arimaydi”
O‘zbek qo‘g‘irchoqlari muzey-ustaxonasi har doim turistlar bilan gavjum. Bu yerda mahalliy sayyohlardan ko‘ra, xorijliklarni ko‘proq uchratish mumkin.
“Bilasiz, turizm mavsumi asosan, bahor va yoz oylari hisoblanadi. Kuz oxiriga borib sayyohlar oqimi pastlaydi. Pandemiyadan oldin fransuz va nemislar ko‘p kelgan bo‘lsa, oxirgi yillarda ispanlar va italyanlarning kelishi ancha ortgan. Bu yilgi mavsumda ispaniyalik turistlar charter reyslar orqali guruh-guruh bo‘lib tashrif buyurishdi. Ular bilan albatta, ingliz tilida gaplashishga harakat qilamiz. Inglizcha gapirsak ham ayrimlar tushunmaydi, tushungani gapirmasligi mumkin. Shu sababli ispanchani ham ozmi-ko‘pmi o‘rganyapmiz. Til bilishga qaysidir ma’noda majburmiz. Til bilmasak muloqot qilolmaymiz, bu savdoga ham ta’sir ko‘rsatadi”, — deydi hunarmand.
Uning qayd etishicha, Buxoroga keladigan turistlarning sayohat mashrutiga mazkur maskan ham albatta, kiritiladi, bu manzil gidlar orasida ham ancha mashhur.
“Kelgan sayyohlar kichkinaligida qo‘g‘irchoq teatriga borganini, o‘zining sevimli qahramoni bo‘lganini ta’kidlaydi. Bu yerda bo‘lganlar bolalik davrini eslab, bir zum bo‘lsa-da, o‘sha vaqtga qaytadi. 10 yoshdan 90 yoshgacha bo‘lgan turistlar muzeyimizdan albatta, xursand holda chiqib ketadi. Ular tarmoqlardagi sahifalari orqali bizni reklama qilib, videolar joylaydi. Xorijda chiqadigan kitoblarda, gazeta va jurnallardagi maqolalarda ham muzey haqida ko‘p yozishgan. Bu ham qaysidir ma’noda targ‘ibot hisoblanadi. Qayta-qayta keladigan turistlar ko‘pchilikni tashkil etadi”, — deydi Farrux Ahmedov.
Qo‘g‘irchoq muzey-ustaxonasiga tashrif buyurgan mehmonlar uchun mahorat darslari o‘tkaziladi. Shuningdek, ularga bir daqiqalik teatrlashgan namoyish qo‘yib beriladi. Bundan tashqari, turistlar o‘zbek qo‘g‘irchoqlarining noyob kolleksiyasi bilan yaqindan tanishish imkoniyatiga ega. Muzeydagi qo‘g‘irchoq teatri tarixiga oid o‘zbek, rus va ingliz tillarida yozilgan qiziqarli ma’lumotlarga ham ega bo‘lishi mumkin. Ayrim sayyohlarning o‘ziga o‘xshash egizak qo‘g‘irchoqlar bilan tushgan fotosuratlari to‘plam holatida ham saqlanadi.
Farrux Ahmedovning so‘zlariga ko‘ra, Iskandar Hakimov va uning shogirdlari tomonidan yaratilgan qo‘g‘irchoqlar kolleksiyasi o‘nlab davlatlarda o‘tkazilgan turli ko‘rgazmalarda qatnashgan. Ayrimlari chet eldagi muzeylardan joy olgan.
Manzil: Eski shahardagi Labi hovuz ansambli yoni
Mo‘ljal: Xo‘ja Nasriddin choyxonasi
Ish vaqti: har kuni soat 09:00 dan 22:00 gacha
Kirish bepul.
Material Turizm qoʻmitasi bilan hamkorlikda tayyorlandi.