National Geographic Xivani 2026-yilda sayohat qilish uchun eng yaxshi manzillar ro‘yxatiga kiritdi

National Geographic jurnali oʻzining an’anaviy “Best of the World” loyihasining 2026-yilga moʻljallangan roʻyxatini e’lon qildi. Jurnal Xivani ushbu roʻyxatga kiritdi.
Maqola muallifi Italiyaning Milan, Filippinning Manila, Kanadaning Vankuver, Braziliyaning Rio de Janeyro va dunyoning yana boshqa shaharlari qatorida Xivani ham alohida qayt etib oʻtgan. Xorazmga tashrif buyurish uchun sabab sifatida u “Ipak yoʻli"da joylashgan shaharlar ichida ajralib turishi"ni keltirgan.
“1990-yildan beri YUNESKOning Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan, geometrik naqshli koshinli yodgorliklar, yog‘och ustunli masjid va hashamatli saroylar mukammal ta’mirlangan “Ichan qal’a” qal’asida kunlar davomida sayr qilishingiz mumkin. Lekin Xiva faqat me’morchilik ixlosmandlari boradigan joy emas.
Ipak yo‘li mavzusidagi yangi Arda Xiva kurorti akvapark va jonli shoular uchun amfiteatrga ega, u sayohatga chiqqan oilalar uchun jozibadorlikni oshiradi. Xivaning yillik tadbirlar taqvimidan Xorazm an’anaviy raqs shakllari bayrami — “Lazgi” xalqaro raqs festivali, XIV asr shoiri, kurash chempioni va Xiva homiysi sharafiga nomlangan Pahlavon Mahmud polvonlar o‘yinlari, Xivaning sevimli mevasi sharafiga o‘tkaziladigan uch kunlik shovqin-suronli “Qovun sayli” qovun sayli festivallari o‘rin olgan", deb yozadi maqola muallifi Sofi Ibbotson.
U, shuningdek, 2026-yilda ishga tushirilishi rejalashtirilgan Toshkent-Xiva tezyurar poyezdini qayd etib, bu turistlar uchun yoʻlni ikki baravar qisqartirishini aytgan. “Siz Toshkentdagi Chorsu bozorining mozaika gumbazlari ostida nonushta qilishingiz va Islom Xo‘ja minorasi ostida shivit oshi yeyish uchun Xivaga yetib borishingiz mumkin”, deb yozadi u.
Eslatib oʻtamiz, Toshkentdan Xivaga tezyurar poyezdlar qatnovi 2026-yildan yoʻlga qoʻyilishi rejalashtirilgan. Natijada yo‘lga ketadigan vaqt ikki baravarga qisqarib, 7 soat-u 40 daqiqani tashkil etadi. Yiliga 3 milliondan ortiq yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatilishi va kelgusida ushbu tezyurar poyezdlar Nukusgacha yetib borishi koʻzda tutilgan. Poyezdlarga Jaloliddin Manguberdi nomi beriladi.