Oʻzbekistonda “Silk Road Tourism Awards” tanlovi tashkil etiladi

2024−2025-yillarda turistlarga faol xizmat ko‘rsatib kelayotgan mahalliy turoperatorlar, mehmonxonalar, transport va tibbiy muassasalar, oilaviy mehmon uylari hamda gid-tarjimonlarni e’tirof etish maqsadida “Silk Road Tourism Awards” tanlovi e’lon qilindi.
Tanlov ikki bosqichda o‘tkaziladi. Dastlab ishtirok etmoqchi bo‘lganlar 10-noyabrga qadar o‘z hududining turizm boshqarmasiga elektron shaklda ariza yuborishi va so‘nggi ikki yilda amalga oshirilgan ishlar haqida ma’lumot taqdim etishi kerak.
Tanlov 10 ta nominatsiya bo‘yicha o‘tkaziladi:
- “Kirish turizm yo‘nalishida eng faol turoperator”;
- “Ichki turizm yo‘nalishidagi eng faol turoperator”;
- “Ziyorat turizmi yo‘nalishidagi eng faol turoperator”;
- “Xorijiy sayyohlarni qabul qilishda eng faol sanatoriy”;
- “Tibbiy turizm targ‘ibotini tashkil etishda eng faol sanatoriy”;
- “Xorijiy sayyohlarni qabul qilishda eng faol oilaviy mehmon uyi”;
- “Qo‘shimcha xizmatlar tashkil qilgan kreativ oilaviy mehmon uyi”;
- “Turizm logistikasida faol transport tashkiloti”;
- “Eng faol gid”;
- “Eng kreativ gid”.
Keyingi bosqichda saralangan nomzodlar haqidagi ma’lumotlar 18-noyabrga qadar maxsus veb-saytga joylashtiriladi va ular uchun onlayn ovoz berish jarayoni yo‘lga qo‘yiladi.
Ovoz berish 23-noyabr kuni yakunlanadi, natijalarga ko‘ra, har bir nominatsiyada eng ko‘p ovoz to‘plagan ishtirokchilar g‘olib deb topiladi.
Taqdirlash marosimi 29-noyabr kuni CAEx markazida bo‘lib o‘tadigan “Ipak yo‘lida turizm” Toshkent xalqaro turizm yarmarkasi doirasida o‘tkaziladi.