Nukusdagi Savitskiy muzeyi: yangi qiyofadagi "Cho‘ldagi Luvr" yoxud restavratsiya va qayta ekspozitsiyadan keyingi ko‘rinishi

E’lon qilingan sana· 53
Nukusdagi Savitskiy muzeyi: yangi qiyofadagi "Cho‘ldagi Luvr" yoxud restavratsiya va qayta ekspozitsiyadan keyingi ko‘rinishi

Qoraqalpog‘iston haqida so‘z ochilsa, ko‘pchilikning ko‘z oldida tobora qurib borayotgan Orol dengizi hamda Nukus shahridagi Savitskiy muzeyi gavdalanadi. Yarim asrlik tarixga ega mazkur madaniyat muassasasining nomi nafaqat o‘zbekistonlik, balki xorijlik turistlarning ham tiliga tushgan. I.V. Savitskiy nomidagi Qoraqalpog‘iston davlat san’at muzeyiga yiliga yuz minglab sayyohlar tashrif buyuradi. Afisha.uz muxbiri ushbu muzeydan fotoreportaj tayyorladi.

9 oyda salkam 17 ming xorijlik turist

O‘zbekistondagi asosiy madaniyat o‘chog‘idan biri hisoblangan I.V. Savitskiy nomidagi Qoraqalpog‘iston davlat san’at muzeyi tarixi haqida ko‘p va xo‘p gapirilgan, maqolalar yozilgan. Xususan, Afisha.uz ham bir nechta materillar tayyorlagan. Bu safar esa bu yerda qo‘yilayotgan ko‘rgazmalar, kelgusi rejalar va ayni paytdagi muzeyga kirish chiptalari narxi haqida hikoya qilamiz.

Muzey direktori Gulbahor Izentayevaning ma’lum qilishicha, joriy yilning o‘tgan 9 oyida 69 996 nafar turist tashrif buyurgan. Shundan, 16 827 (24 foizi) xorijliklar, 53 169 nafari esa mahalliy sayyohlarni tashkil etadi. Tahlillarga ko‘ra, eng ko‘p mehmonlar Italiya, Rossiya, Fransiya, Xitoy, Germaniya, AQSH, Avstraliya, Niderlandiya kabi davlatlardan kelgan.

“Hozirgi kunda muzeyda 100 mingdan ziyod eksponat mavjud. Asosiy fondda xalq amaliy san’atiga oid 9 666 ta eksponat: yog‘och o‘ymakorligi, gilamchilik, kashtachilik va zargarlik namunalari hamda numizmatika san’atiga oid buyumlar saqlanmokda”, — deydi Gulbahor Izentayeva.

Uning ta’kidlashicha, ayni vaqtda muzeyning 2-bino ekspozitsiya zallarida “Sahrodagi Avangard” hamda “Igor Savitskiy dunyosi” ko‘rgazmalari faoliyat olib bormoqda.

Muzeydagi renovatsiya va reeskpozitsiya ishlari

Gulbahor Izentayevaning qayd etishicha, 2025-yilning yanvaridan aprel oyiga qadar muzey 2-binosining 3-qavatidagi ekspozitsiya zalida renovatsiya va reeskpozitsiya ishlari olib borildi. Renovatsiya va reespozitsiya ishlari natijasida zamonaviy ekspozitsiya muhiti yaratildi va bu davlat muzeylari orasida birinchilardan bo‘lib I.Savitskiy muzeyida tashkil qilindi. Renovatsiya va reekspozitsiya ishlari Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi tashabbusi bilan Italiyaning KaFoscari universiteti prfessorlari: Djuzeppe Barberi va Silviya Bruni kuratorligida muzey jamoasi bilan birgalikda amalga oshirildi.

“Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi mamlakatimizdagi muzeylar tizimini rivojlantirish hamda boy madaniy merosni asrab-avaylash yo‘lida keng ko‘lamli ishlarni amalga oshirmoqda. Muzeylarni xalqaro standartlar darajasiga ko‘tarish yo‘nalishida muzey infratuzilmasini yaxshilash, ekspozitsiya ishlarini takomillashtirish, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish va soha mutaxassislarini tayyorlash bo‘yicha samarali dasturlar amalga oshirilmoqda”, — deydi muzey direktori.

Uning so‘zlariga ko‘ra, kelgusida yangi ko‘rgazma binolarini yaratish va muzey infratuzilmasini rivojlantirish rejalashtirilmoqda. “Bu esa ko‘proq mehmonlarni qabul qilish va yirik xalqaro ko‘rgazmalar hamda ilmiy konferensiyalar o‘tkazish imkonini beradi.

Savitskiy muzeyi nafaqat o‘ziga xos merosni saqlovchi, balki madaniy muloqot va kelajak avlodni ilhomlantiruvchi tirik makon bo‘lib qolishini maqsad qilganmiz", — deya qo‘shimcha qildi Gulbahor Izentayeva.

“Yaqin yillar ichida muzeyning 1-blok binosi rekonstruksiya qilinib, zamonaviy xizmat ko‘rsatish joylari — konferensiya zali, kafe, muzey do‘koni va boshqa obyektlar bilan ta’minlangan holda ishga tushirilishi rejalashtirilgan. Shu bilan birga, ekspozitsiya bo‘limlari yangilanib, maxsus yoritish tizimi va zamonaviy ekspozitsiya konsepsiyasi joriy etiladi. Mazkur ishlar muzey mehmonlari uchun qulayliklar yaratish, ko‘rgazmalarni zamon talablariga mos ravishda tashkil etish va muzey infratuzilmasini takomillashtirishga xizmat qiladi”, — deydi muzey direktori.

Chiptalar narxlari qancha?

Gulbahor Izentayevaning aytishicha, har bir inson muzeyga tez-tez tashrif buyurishi va ularni mamlakatning boy madaniy merosi bilan yaqindan tanishtirish maqsadida O‘zbekiston fuqarolari uchun arzonlashtirilgan tariflar joriy qilingan.

Muzeyga kirish chiptalari narxi (O‘zbekiston fuqarolari uchun):

  • kattalar uchun — 20 000 so‘m (20 kishigacha bo‘lgan ekskursiya xizmati — 80 000 so‘m);
  • talaba — 16 000 so‘m (20 kishigacha bo‘lgan ekskursiya xizmati — 64 000 so‘m);
  • bolalar (12 yoshgacha) — 8 000 so‘m (20 kishigacha bo‘lgan ekskursiya xizmati — 40 000 so‘m).

Ekskursiya xizmatlarining boshqa turlari (O‘zbekiston fuqarolari uchun):

  • muzey ko‘rgazmalariga maxsus ekskursiya — 600 000 so‘m (20 kishigacha);
  • saqlash joyiga tashrif buyurish (faqat Madaniy meros agentligi ruxsati bilan) — 1 000 000 so‘m (10 kishigacha);
  • Director’s Talk (muzey direktori bilan maxsus suhbat, bu ham Madaniy meros agentligi ruxsati bilan) — 1 800 000 so‘m (10 kishigacha);
  • muzey direktori bilan maxsus ekskursiya (faqat Madaniy meros agentligi ruxsati bilan) — 2 800 000 so‘m (20 kishigacha).

Muzeyga kirish chiptalari narxi (chet ellik turistlar uchun):

  • kattalar uchun — 100 000 soʻm (20 kishigacha boʻlgan ekskursiya xizmati — 200 000 soʻm);
  • talaba — 80 000 so‘m (20 kishigacha bo‘lgan ekskursiya xizmati — 200 000 so‘m);
  • bolalar (12 yoshgacha) — 60 000 soʻm (20 kishigacha boʻlgan ekskursiya xizmati — 160 000 soʻm).

Ekskursiya xizmatlarining boshqa turlari (chet ellik turistlar uchun):

  • muzey ko‘rgazmalariga maxsus ekskursiya — 800 000 so‘m (20 kishigacha);
  • saqlash joyiga tashrif buyurish (faqat Madaniy meros agentligi ruxsati bilan) — 2 000 000 so‘m (10 kishigacha);
  • Director`s Talk (muzey direktori bilan maxsus suhbat, bu ham Madaniy meros agentligi ruxsati bilan) — 2 000 000 so‘m (10 kishigacha);
  • muzey direktori bilan maxsus ekskursiya (faqat Madaniy meros agentligi ruxsati bilan) — 3 200 000 so‘m (20 kishigacha).

“Bundan tashqari, muzeyda professional fotoapparatda suratga olish, professional uskunalar bilan video yozish, muzey kutubxonasi va konfrensiya zalidan foydalanish, ilmiy ma’lumotlar bilan ishlash, muzey haqidagi filmlarni ko‘rish, ekskursovod xizmatlari (oldindan buyurtma asosida, turli tillarda) uchun to‘lov qilinadi, ya’ni pullik xizmat ko‘rsatiladi”, — deydi Gulbahor Izentayeva.

Muzeyga kirish kimlar uchun bepul?

Prezident tomonidan imzolangan bir qator farmon va qarorlarda quyidagi fuqarolarning muzeyga bepul kirish huquqi mavjudligi qayd etilgan:

  • “O‘zbekiston Qahramoni” unvoniga sazovor bo‘lganlar;
  • 18 yoshgacha bo‘lgan bolalar (haftaning har seshanba va juma kunlari maktab o‘quvchilari);
  • I va II guruh nogironligi bo‘lgan fuqarolar hamda ularning hamroh shaxslari;
  • Urush va mehnat faxriylari (jumladan, Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi va ularga tenglashtirilgan faxriylar, Afg‘onistondagi harbiy harakatlar, Chernobil falokati oqibatlarini bartaraf etishda qatnashganlar);
  • Bolalar uylari tarbiyalanuvchilari va kam ta’minlangan oilalar farzandlari (ijtimoiy himoya reestriga kiritilganlar);
  • San’at va madaniyat sohasi xodimlari (ish joyidan taqdim etilgan guvohnoma bilan);
  • ICOM, UNESCO a’zolari;
  • har oyning birinchi yakshanbasida o‘tkaziladigan “Ochiq eshiklar kuni"da barcha fuqarolar bepul kirishi mumkin.

Ma’lumot uchun: muzey dushanba (dam olish kuni)dan tashqari haftaning har kuni soat 9:00—18:00 gacha faoliyat yuritadi. Agar oldindan buyurtma berilsa, dushanba kuni ham muzey ochiq bo‘ladi.

Material Turizm qoʻmitasi bilan hamkorlikda tayyorlandi.

Mirolim Isajonov
Muallif
Mirolim Isajonov
Yevgeniy Sorochin
Fotosuratchi
Yevgeniy Sorochin
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling