O‘zbek milliy nonushtasi — turizmni kuchaytiruvchi zamonaviy gastroloyiha

Milliy turizm mahsulotlarini faol targ‘ib qilish orqali mamlakatga sayyohlar oqimini oshirish va ichki turizm rivoji uchun yangi lokatsiyalar tashkil etish yo‘lida bir qator loyihalar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, O‘zbekiston hududlarining o‘ziga xos gastronomik imkoniyatlarini ochib berish maqsadida Toshkent shahrida mashhur oshpaz Bahriddin Chustiy tashabbusi bilan “Parvarda” milliy nonushta markazi faoliyati yo‘lga qo‘yildi.

Shirinliklar bilan tayyorlanadigan milliy o‘zbek nonushtasi oddiy ertalabki ovqatlanish emas, balki O‘zbekistonning boy mehmondo‘stlik madaniyati va gastronomik merosini aks ettiruvchi haqiqiy falsafadir.

Aynan ertalabki taomlar gastronomik turizmni rivojlantirishda muhim yo‘nalish bo‘lib, Sharqning haqiqiy ta’mini kashf etishga intiladigan sayyohlarni o‘ziga jalb qiladi.

Bugun milliy nonushta markazida, mamlakatimizga xorijdan sayyohlar oqimini oshirishda xizmat ko‘rsatayotgan turkompaniya vakillari, turagentlar va ommaviy axborot vositalari vakillari uchun ochiq muloqot tashkil etildi.
Zamonaviy dunyoda gastronomiya sayohatchilik tajribasining eng muhim qismiga aylanib bormoqda va o‘zbek nonushtasi jahon oshxona brendlari orasida munosib o‘rin egallashga qodir.