“Cho‘ntakdagi tarix”: pullarimizdagi Samarqand va Xiva yodgorliklari

E’lon qilingan sana· 32
“Cho‘ntakdagi tarix”: pullarimizdagi Samarqand va Xiva yodgorliklari

Ko‘pchiligimiz uchun pul — bu shunchaki do‘konda hisob-kitob qilish vositasi, hamyondagi qog‘oz yoki plastik kartadagi raqamlar. Lekin oxirgi marta qachon qo‘lingizdagi kupyurani diqqat bilan, xuddi san’at asarini tomosha qilgandek kuzatdingiz?

Aslida, hamyonimizni kichik bir ko‘rgazma zali, desa ham bo‘ladi. Boisi aksariyat davlatlarning milliy kupyuralari nafaqat iqtisodiy buyum, balki majoziy ma’noda mamlakat bo‘ylab bepul sayohat qilish imkonini beradi, jumladan O‘zbekistonniki ham. Ish bilan bo‘lib, Samarqandning moviy gumbazlarini ko‘rishga vaqt topolmayapsizmi? Yoki Xivaning ertaknamo ko‘chalarini sog‘indingizmi? Shunchaki cho‘ntagingizga qo‘l soling.

Bugun biz siz bilan doim ishlatadigan, lekin e’tibor bermaydigan pullarimizdagi Samarqand va Xivaning eng mashhur yodgorliklari haqida so‘z yuritamiz.

5000 so‘m: “Yashil Samarqand”

Agar hamyoningizda yashil rangli besh ming so‘mlik bo‘lsa, demak siz dunyoga mashhur Registon maydonining qoq markazida turibsiz. Bu kupyura bizni 1619−1635-yillarga, Samarqand hokimi Yalangto‘sh Bahodir davriga yetaklaydi: kupyuraning old tomonida Samarqandning eng mashhur obidalaridan biri — Sherdor madrasasi tasvirlangan. Madrasaning nomi forschadan tarjima qilinganda “Sherlari bor” degan ma’noni anglatadi. Sherdor Mirzo Ulug‘bek madrasasining “aksi” sifatida qurilgan bo‘lib, ular bir-biriga yuzma-yuz qarab turadi. Madrasaning eng e’tiborga loyiq jihati uning peshtoqidagi mashhur mozaikadir. Diqqat bilan qarasangiz, unda ohuni quvayotgan sher (aniqrog‘i, sher qiyofasidagi yo‘lbars) va uning ortidan nur sochib chiqayotgan inson yuzli quyosh tasvirini ko‘rasiz.

Bu tasvir o‘z davrida haqiqiy jasorat hisoblangan, chunki islom an’analarida jonzotlar va odam qiyofasini me’morchilikda aks ettirish taqiqlangan edi. Ammo Samarqand hokimi Yalangto‘sh Bahodir va me’mor Abdujabbor bu taqiqni chetlab o‘tib, Samarqandning qudrati va ilm nurini ifodalovchi ushbu betakror ramzni yaratgan.

Puldagi tasvirda madrasaning nafaqat peshtoqi, balki uning mahobatli gumbazlari va minoralari ham aks etgan.

Kupyuraning orqa tomonida Samarqandning eng qadimiy obidalaridan biri bo‘lgan, milloddan avvalgi VIII-V asrlarga oid “Afrosiyob” arxeologik yodgorligi va X asrga tegishli naqshinkor sopol lagan hamda ko‘za aks etgan. Bu esa bizga shaharning tarixi Sherdordan ancha oldin, miloddan avvalgi asrlarda boshlanganini va Samarqand doimo madaniyatlar kesishmasida bo‘lganini eslatib turadi.

5 ming so‘mning yashil rangda bo‘lishi esa go‘yoki shaharning bahoriy va barhayot ruhini ifodalagandek bo‘ladi.

100 000 so‘m: “Oltin Xiva”

Agar qo‘lingizda och jigarrang va tillarang tovlanuvchi yuz ming so‘mlik bo‘lsa, bilingki, “Ochiq osmon ostidagi muzey” maqomiga loyiq ko‘rilgan Xivadagi Ichan qal’adasiz. Bu kupyura bizni afsonaviy Xorazm vohasiga yetaklaydi.

Markazda Xivaning yuragi — Ichan-qal'aning umumiy ko‘rinishi va uning mashhur devorlari aks etgan. Bu yerda siz nafaqat qal’ani, balki Xorazm me’morchiligining eng nozik detallarini ham ko‘rishingiz mumkin. Puldagi tasvirga boqib, go‘yoki ming yil avvalgi ertaklar olamiga tushib qolgandek bo‘lasiz. Bu yer har bir g‘ishti tarixdan so‘zlaydigan haqiqiy jonli muzey.

Pulning ikkinchi tomonida esa Xorazmning cho‘l bag‘rida yashiringan III-IV asrda qurilgan Angkaqal’a sirli yodgorligi aks etgan. U Xorazmning “yuz qal’a"dan iborat mudofaa tizimining bir qismi bo‘lgan. Tasvirdagi qal’a qoldiqlari va u yerdan topilgan miloddan avvalgi I asrga tegishli bo‘lgan kumush tanga hamda miloddan avvalgi X asrga oid sopol idish bizga bu vohaning ildizlari naqadar chuqur ekanini eslatib turadi.

100 ming so‘mlikdagi naqshlar va detallar Xorazmning mashhur yog‘och o‘ymakorligi uslubida ishlangan. Agar diqqat bilan qarasangiz, kupyura chetlarida qadimiy Xorazm davlatining ramzlari va milliy matolarimizning elementlarini ham payqash mumkin.

Bu gal yuz minglikni qo‘lga olganingizda, uning chetidagi yog‘och o‘ymakorligi naqshlarini topishga harakat qilib ko‘ring.

Kupyurada aks etgan majmua haqida gap ketganda, uning YUNESKO Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan O‘zbekistondagi birinchi obyekt ekanini alohida qayd etib o‘tish joiz.

Bu pullar bilan to‘lov qilar ekansiz, siz aslida insoniyat tarixining eng qadimiy va boy sahifalaridan birini qo‘lingizda tutib turgan bo‘lasiz. Endi Samarqand yo Xivaga otlanganingizda yoningizdagi kupyuralarni chiqarib, uni reallik bilan taqqoslab ko‘ring. Puldagi tasvir va ko‘z oldingizdagi haqiqiy obida bir nuqtada birlashgan lahza sizga o‘zgacha his berishi, shubhasiz. Bu lahzani esa suratga muhrlashni unutmang.

Naqd pul bilan to‘lov qilayotganingizda, bir soniyaga to‘xtang va kaftingizdagi “san'at asari"ga nazar soling. Samarqandning moviy gumbazlari yoki Xivaning loy devorlari sizga tasavvur qilganingizdan ham yaqinroq. Hamyoningizda nafaqat pul, balki mana shunday boy tarixga bo‘lgan qiziqish ham doim hamroh bo‘lsin. Xo‘sh, sizning cho‘ntagingizda hozir qaysi shaharga “virtual chipta” bor?

Material Turizm qoʻmitasi bilan hamkorlikda tayyorlandi.

Shohruh Haydarov
Muallif va fotosuratchi
Shohruh Haydarov
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
“Cho‘ntakdagi tarix”: pullarimizdagi Samarqand va Xiva yodgorliklari — Toshkent Afishasi