O‘rol Tansiqboyev uy-muzeyi: o‘zbek rassomchiligi asoschilaridan birining rekonstruksiya qilingan uy-muzeyi bo‘ylab sayr

Ba’zi Toshkentning hamma joyiga borib chiqqanman, qiziq joy qolmadi, deb oʻylab qolasizmi? Aslida unday emas, poytaxtning ochilmagan qirralari, nuqtalari juda koʻp. Sirlari oxirigacha ochilmagan, yetarlicha piar qilinmagan shunday yoʻnalishlardan biri — uy-muzeylari. Ba’zida odam shahar shovqinidan charchab, sokin manzil qidirib qoladi. Shunday paytlarda muzeyga borish nafaqat tanani, balki qalbni ham tinchlantiradi. Bugun mana shunday manzillardan biri — xalq rassomi Oʻrol Tansiqboyevning uy-muzeyini onlayn sayr qilamiz. Lekin bu baribir oʻzingiz borib, real tomosha qilganingizga yetmaydi.
Oʻrol Tansiqboyev
Oʻrol Tansiqboyev 1904-yil Toshkentda tugʻilgan. Yetti yillik maktabni tugatib, zavodga ishga kiradi. Tansiqboyev yoshligidan rangtasvirga qiziqqan, yigirma yoshidan rasm chizishni boshlaydi.

Oʻzining birinchi suratlari u ishlagan zavodning klubida namoyish etilgan. Shundan soʻng u e’tiborga tushishni boshlaydi, hatto 1924-yili zavoddagi ushbu koʻrgazma va rassom haqida “Turkiston haqiqati” gazetasida “O‘rol Tansiqboyev ismli ishchi-rassom haqida” maqolasi e’lon qilinadi. Uy-muzey ish yurituvchisi va ekskursovodning ta’kidlashicha, ushbu gazetadan parchalar haligacha rassomning uy-muzeyida saqlanadi.

U koʻproq manzalarni chizishni yaxshi koʻrgan. San’atshunoslarning ta’kidlashicha, O‘rol Tansiqboyev o‘zining ijodiy izlanishlari tufayli, o‘zbek manzarashunoslik san’atini butunlay o‘zgartirgan, plener etyudi doirasidan chetlashib, manzara-kartinasini yaratgan.
Tansiqboyev ijodining erta pallalaridagi ijod namunalaridan uning atrof-muhitga bo‘lgan muhabbatini payqash mumkin. Masalan, Tansiqboyevning uy-muzeyida turgan “Ona diyor” asarida u Chorvoqni tasvirlagan. Ekskursovodning ta’kidlashicha, kartinadagi joylar hozir Chorvoq suv omboriga aylantirilgan (rasm 1951-yilda chizilgan). Oʻrtada tik turgan qizaloq esa jiyani boʻlgan, bundan tushunish mumkinki, rasm oilaviy safar davomida chizilgan.

Safarlar haqida gap ketganda, ekskursovod Tansiqboyevning yana bir qiziq jihatini aytib berdi: u safarlarga chiqish va u yerlardan suratlar chizishni yaxshi koʻrgan. Manzarasevar rassom boshqa qanday qilsin?! Tansiqboyev oʻziga safarlar uchun maxsus sumka yasagan, unga kichik oʻlchamdagi qogʻoz va anjomlarini solib yurish qulay boʻlgan. U manzaraning kichik variantini oʻsha joyda chizib olib, oʻz ustaxonasida esa uni katta oʻlchamlarga koʻchirgan.

Uning ustaxonasi esa mana shunday koʻrinishda boʻlgan.

Rassom nafaqat manzarani, portretlarni ham maromiga yetkazib chizgan. U birinchi oʻqituvchisi Rozanov qoʻl ostidagi davrning oxirgi yillarida “Oʻzbek portreti” (A. Toshkenboyev portreti) nomli ishini bitiradi.

Bu rassomning osoyishta palitra, burchakli shakllar va zalvarli haykaltaroshlik belgilari ustunlik qiladigan dastlabki ishi. Unda ekspressionizm va postkubizmning ta’siri keskin chiziqlarda seziladi. Timsol go‘yo qora matodan o‘yib ishlangan — unda davr ta’sirida inson shaxsiyatining shakllanish dramatizmi sezilib turadi. U hozirda Moskvadagi Sharq xalqlari san’ati davlat muzeyida saqlanadi.

Yuqoridagi rasm esa xuddi shu nomli portretning boshqacharoq — 1934-yilda chizilgan varianti. Koʻp ehtimol siz bu suratni koʻrgansiz. Ushbu asarda dekorativlik paydo bo‘lgan, shakl yanada umumlashgan, fon to‘yingan rangda va uslubga solingan. Unda xolst va moyboʻyoqdan foydalanilgan. Suratning original varianti Nukusdagi Savitskiy nomidagi Qoraqalpog‘iston Respublikasi davlat san’at muzeyida saqlanadi.
Uy-muzeyi
Bu muzey joylashuv va ichki muhitda tomonidan haqiqatdan oʻz nomiga mos — haqiqiy uy-muzey: joylashuv shundoqqina oddiy koʻp qavatli uylar oldida, oddiygina mahallada. Rassom 1966-yildagi yirik zilziladan keyin ushbu manzilga koʻchib kelgan va vafotigacha (1974-yil) shu yerda yashab, ijod qilgan.

Bu Oʻzbekistondagi eng birinchi uy-muzeylardan (bundan oldin esa faqatgina Oybek uy-muzeyi boʻlgan — u 1980-yilda ochilgan) biri hisoblanadi — 1981-yil 16-yanvarda Oʻzbekiston davlat sanʼat muzeyi filiali sifatida ochilgan. Muzey ochish tashabbusi rassomning turmush oʻrtogʻi Yelizaveta Yakovlevna tomonidan chiqqan va u muzeyning ilk direktori boʻlgan.

Chapdagi rasmda Oʻrol Tansiqboyev va Yelizaveta Yakovlevna
Muzey (hovli) ikki qismdan iborat: kiraverishda rassom yashab, ijod qilgan uy, orqa tarafda esa 1994-yil Oʻrol Tansiqboyevning 90 yilligi munosabati bilan tashkil qilingan koʻrgazmalar zali. Darvozaxonada rassomning oʻzi ekkan bir necha yillik daraxt saqlanib keladi.

Ekskursovodning soʻzlariga koʻra, ushbu uyni Tansiqboyev va uning rafiqasi loyihalashtirilgan — bu uy boʻylab sayr qilayotganingizda ham seziladi — er-xotin yashashi uchun maksimal qulay. Masalan, xonaga kirishdagi mana bu kiyim ilgichni olaylik — uni, aytilishicha, rassomning oʻzi yasagan. Buning oʻzgachaligi shundaki, burchakni shundayligicha qoldirmay, sal qayiribroq, estetik jihatdan chiroyliroq koʻrinishga keltirgan.

Yuqoridagi suratning oʻng tomonidagi eshikka kirsangiz, Tansiqboyevning asarlari yaratilgan manzilda paydo boʻlasiz — ustaxona. Hozirda ustaxonada rassomning original suratlari va anjomlari va kitob javoni saqlanadi.

Ushbu xonadan tashqariga, ya’ni hovliga chiqish eshigi ham bor — rassom kunduzi, havo yaxshi boʻlib turgan paytlarda tashqarida ijod qilishni yaxshi koʻrgan, kechga yaqin esa anjomlarini koʻtarib, yana xonasiga qaytib kelgan.

Huv burchakda turgan byustda Tansiqboyevning oʻzi tasvirlangan — bu unga sovgʻa qilingan va hozirda uy-muzeyida saqlanadi. Koʻrinib turgan kichik molbertni esa Tansiqboyev safarlarda oʻzi bilan birga olib yurgan. Ta’kidlanishicha, muzeydagi obyektlar joylashuvi ochilganidan beri oʻzgartirilmagan — xotini Yelizaveta qanday joylashtirib ketgan boʻlsa, xuddi shundayligicha qolmoqda. 2−3 yilda esa asarlar yangilanib, oʻzgartirib turiladi, bu yerdagi suratlarning barchasi original variantlari.

Endi didaktik zonadan uning qarshisidagi xonaga oʻtamiz. Bu — mehmonxona. Rassom oʻz oilasi bilan baxtli onlarini aynan mana shu yerda yashagan. Barcha mebellar oʻsha paytlarda foydalanilgan, yuqorida ta’kidlanganidek, hatto joylashuvi ham oʻzgartirilmagan. Tansiqboyev huv kresloda oʻtirib, kitob mutolaa qilishni sevgan — buni muzeyga borsangiz, ekskursovod aytib beradi.

Ushbu xonadagi yana bir e’tiborga molik narsa bor — rasm. Ushbu asarni (oʻrtadagi kvadrat shakldagi gullar natyurmorti nazarda tutilmoqda) rassom turmush ortogʻiga atab chizgan. Aytilishicha, u bu chizmani xotini bozorga ketgan vaqtda boshlab, 2 soat ichida tugatib, unga sovgʻa qilgan.

Ikkinchi qavatda esa yana bir kichik ijodxona va yotoqxona joylashgan. Tansiqboyev kravatning (suratdagi) chap tomonidan yotishga odatlangan. Ammo ular yashab yurgan vaqtlarda yotoxonada devordagi surat boʻlmagan. Bu “Angrendagi daryo” asari boʻlib, 1963-yilda chizilgan.

Toshoyna va deraza oʻrtasidagi boʻshliqqa esa 1964-yilda chizilgan “Tungi manzara” asari osib qoʻyilgan. Umuman olganda, mazkur imorat 2025-yilning sentyabr oyida Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamgʻarmasi tomonidan restavratsiya qilingan va interyer qismlari toʻlaligicha oʻz holida saqlab qolingan.
Bu xona oʻsha davr uchun juda qimmatli hisoblangan, ancha-muncha odam bunday mebellarni “oʻziga ravo koʻrolmagan” — ularni oʻsha paytlarda faqatgina alohida “tanish-bilishi” bor yoki yuqori mavqega ega odamlargina xarid qila olardi. Bundan kelib chiqadiki, rassom anchagina oʻziga toʻq yashagan. Bu yerga eltuvchi zina devorlariga ham hozir rassomning turli asarlari qoʻyib chiqilgan.

Endi uy-muzeyning ikkinchi — orqa tomonida tomonda joylashgan koʻrgazmalar zaliga oʻtsak. Hovli boʻylab yurib borar ekansiz, ma’muriy binodan oldin hovli oʻrtasida Tansiqboyevning mana bunday byustiga duch kelasiz.

Bu ham ikki qavatli bino boʻlib, uning birinchi qavatida multimedia koʻrgazmalari, ma’lumot beruvchi peshlavhalar oʻrnatilgan boʻlib, ba’zida bu yerda ma’ruzalar va vorkshoplar ham tashkil qilinadi.
Ikkinchi qavatda esa katta koʻrgazmalar zali. Bu yerda ijodkorning turli yillarda chizgan suratlarini tomosha qilish mumkin.

Muzey ma’murlarining ta’kidlashicha, bu zalda ba’zida boshqa rassomlarning koʻchma koʻrgazmasi ham tashkil qilib turiladi. Bu muzeyga yanada koʻproq tashrif buyuruvchi va “joziba” olib keladi.
Biroq kirish bepul bo‘lsa ham, muzey vakillarining so‘zlariga ko‘ra, kuniga bir-ikki kishi tashrif buyuradi. Shu bilan birga, u dunyoning barcha mamlakatlaridagi tasviriy san’at va tarix ixlosmandlari uchun qimmatli topilma sifatida koʻriladi.

Oʻrol Tansiqboyev uy-muzeyi Toshkent shahri, Mirzo Ulug‘bek tumani, 1-Bo‘z, 3-mavze manzilida joylashgan. Muzey har kuni soat 10:00 dan 18:00 gacha ishlaydi. Kirish bepul.
Material Turizm qoʻmitasi bilan hamkorlikda tayyorlandi.


