Fotosayr: Suzuk ota me’moriy majmuasi bo‘ylab

Ba’zan Toshkentning shovqinga to‘la ko‘chalaridan charchab, “pauza” tugmasini bosging keladi. Shunday paytda navigatorni Shayxontohurning qadimiy mahallalari tomon sozlang. Bu yerda sizni Suzuk ota me’moriy majmuasi kutib turadi.

Majmua buyuk mutafakkir va so‘fiy Ahmad Yassaviyning nabirasi — Suzuk ota (Mustafoqul) sharafiga qurilgan. Xalq orasida “Suzuk” nomi uning bolalikdagi laqabi bo‘lgani, ya’ni bobosi Yassaviy uni “Mening suzigim (suyukligim)” deb erkalatgani haqida rivoyatlar yuradi.

Amir Temur davrida qurilgan maqbara va masjid 2019-yilda qayta tiklangan va majmuga aylandi. Hozirda uning tarkibiga ikki mingdan ortiq namozxonni sig‘dira oladigan jome masjidi, maqbara va Hunarmandlar markazi kiradi.

Bu yerda ko‘k gumbazlarning osmon bilan uyg‘unligi, yog‘och o‘ymakorligi bilan bezatilgan ustunlar va hunarmandlar mahallasining o‘ziga xos muhiti sizni befarq qoldirmaydi.
Ayniqsa, devorlardagi koshinlar va o‘ymakor naqshlar shunchaki me’moriy dekor emas, balki ruhiyatni dam oldiradigan “vizual meditatsiya"ga o‘xshaydi. Ularning iliq ranglari va nafis geometriyasida inson qo‘lining tafti seziladi, tomoshabinni bir muddat to‘xtab tomosha qilishga chorlaydi, go‘yo.