Venetsiyadagi O‘zbekiston Milliy pavilioni uchun mediatorlar tanlovi e’lon qilindi

E’lon qilingan sana· 16
Venetsiyadagi O‘zbekiston Milliy pavilioni uchun mediatorlar tanlovi e’lon qilindi

O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi 2026-yilda Italiyada bo‘lib o‘tadigan Xalqaro san’at biyennalesi doirasida amalga oshiriladigan ko‘rgazma loyihalari uchun mediatorlar uchun ochiq tanlov e’lon qildi. Tanlov Venetsiyadagi O‘zbekiston Milliy pavilioni hamda biyennalenining parallel dasturi doirasidagi ko‘rgazma loyihalarida ishlashni qamrab oladi.

Mediatorlar biyennale davomida ko‘rgazma maydonlarining asosiy vakillari sifatida faoliyat yuritib, xalqaro auditoriya, san’atshunoslar, OAV vakillari va professional hamjamiyat bilan kundalik muloqotni ta’minlaydi.

Tanlov O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalari talabalari va bitiruvchilari, shuningdek zamonaviy san’at, kuratorlik va madaniy loyihalarga qiziqadigan yosh mutaxassislar uchun ochiq. Ingliz tilini erkin bilish, zamonaviy san’at va O‘zbekiston madaniyati haqida yaxshi tasavvurga ega bo‘lish asosiy talablar qatoriga kiradi.

Mediatorlar 2,5 oygacha bo‘lgan uch davrda ishlaydi. Har bir davr uchun 4 nafardan nomzod saralab olinadi. Ishtirokchilar uchun turar joy, aviachipta, tibbiy sug‘urta, biyennale akkreditatsiyasi va professional tashkiliy ko‘mak taqdim etiladi.

Batafsil ma’lumotlarni jamg‘armaning rasmiy veb-saytidan bilib olishingiz mumkin.

Tanlovda qatnashish uchun nomzodlar 2026-yil 22-fevralgacha ingliz tilidagi motivatsion xat, rezyume va qisqa videoni ushbu elektron manziliga yuborishlari lozim: biennale@acdf.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling