Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi Yosh elchilar dasturiga tanlov e’lon qildi

O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi 2026-yilda Venetsiya shahrida bo‘lib o‘tadigan Homo Faber 2026 xalqaro ko‘rgazmasi doirasida Yosh elchilar dasturida ishtirok etish uchun ochiq tanlov e’lon qildi.
Tanlov kreativ sanoat, san’at, dizayn, madaniyat menejmenti yoki biznes yo‘nalishida tahsil olayotgan talabalar, bitiruvchilar hamda 18−35 yoshdagi yosh mutaxassislar uchun mo‘ljallangan. Nomzodlardan ingliz tilini erkin bilish talab etiladi, italyan tilini kamida A2+ darajada bilish esa ustunlik beradi.
Shuningdek, ishtirokchilar xalqaro madaniy amaliyotga qiziqishi yuqori, professional rivojlanishga intiluvchan hamda 2026-yil 18-avgustdan 1-oktabrgacha Venetsiyada faoliyat yuritishga tayyor bo‘lishi lozim.
Dastur doirasida saralangan nomzodlar uchun yashash, avia parvoz va akkreditatsiya xarajatlari qoplanadi. Yosh elchilar xalqaro darajadagi hunarmandlar, kuratorlar va ekspertlar bilan ishlash, noyob tajriba orttirish hamda professional tarmoqni kengaytirish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.
Arizalar 2026-yil 27-fevralga qadar qabul qilinadi. Ariza topshirish tartibi va qo‘shimcha ma’lumotlar Jamg‘armaning rasmiy veb-sayti dan bilib olishingiz mumkin.