Oʻzbekistonlik sayyohlar uchun maxsus Telegram bot ishga tushirildi

O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasi Yaqin Sharq mamlakatlariga turoperator va turagentlar xizmatlari orqali sayyohlik maqsadida borgan fuqarolar noqulay vaziyatlarda qolib ketishining oldini olish maqsadida maxsus Telegram bot @tourism_murojaat_bot ni ishga tushirdi.
Mazkur bot orqali O‘zbekiston fuqarolari o‘zlari haqida yoki ularning yaqin qarindoshlari tomonidan zarur ma’lumotlarni kiritgan holda Turizm qo‘mitasini xabardor qilishlari mumkin. Taqdim etilgan ma’lumotlar asosida tegishli idoralar tomonidan fuqarolarimizga yordam ko‘rsatish va ularni birinchi navbatda O‘zbekiston Respublikasiga qaytarish bo‘yicha zarur choralar ko‘riladi.
Turizm qo‘mitasi barcha fuqarolardan bot orqali murojaat qoldirishda aniq va to‘liq ma’lumot taqdim etishlarini so‘raydi. Bu murojaatlarni tezkor ko‘rib chiqish va zarur yordamni tashkil etishga xizmat qiladi.