Oʻzbekiston Kann festivalida: milliy pavilon nimalarni taqdim etdi?

12−20-may kunlari bo‘lib o‘tayotgan 79-Kann xalqaro kinofestivalida O‘zbekiston Marché du Film kinobozorida to‘rtinchi marotaba o‘zining Milliy pavilyonini namoyish etdi. Bu yil respublika Turizm qo‘mitasi ko‘magidagi delegatsiya faoliyatining asosiy yo‘nalishi kinoturizmni jadal rivojlantirish va xorijiy sarmoyalarni jalb etishga qaratildi.

Jahon kinostudiyalarini jalb etishning asosiy vositalari sifatida e’lon qilingan dasturlar: mamlakat ichidagi xarajatlar uchun 25 foizlik ribeyt (keshbek) hamda “country placement” qo‘shma moliyalashtirish tizimi xizmat qildi. Milliy kinokomissiya tomonidan tashkil etilgan pavilyonga faoliyati davomida dunyoning yuzdan ortiq prodakshn va distribyutorlik kompaniyalari vakillari tashrif buyurdi. AQSH, Fransiya, Ispaniya, Buyuk Britaniya, Kanada, Yaponiya va Avstraliya prodyuserlari kino, serial va reklama suratga olish uchun O‘zbekiston lokatsiyalariga katta qiziqish bildirdi.

Oʻzbekiston delegatsiyasi oʻz imkoniyatlarini taqdim etishdan tashqari, kinoturizm allaqachon iqtisodiyotning muhim qismiga aylangan mamlakatlar, xususan, Malta, Turkiya, Saudiya Arabistoni, Marokash va Yaponiya tajribasini faol ravishda oʻzlashtirdi.

“Film in Uzbekistan” global promo-kampaniyasini ishga tushirish maqsadida O‘zbekiston delegatsiyasi dunyoning yetakchi kinobozorlari va ixtisoslashgan ommaviy axborot vositalari top-menejmenti bilan bir qator muhim uchrashuvlar o‘tkazdi. O‘zbekistonni kinolokatsiya sifatida targ‘ib qilish yuzasidan muzokaralar olib borilgan asosiy hamkorlar quyidagilardir:

- Paskal Diot — Venetsiya biyennalesi (Venice Production Bridge) kinobozori rahbari;
- Robin Bert — Amerika kinobozori (AFM) vakili;
- Klara Le — Londondagi FOCUS lokatsiyalar ko‘rgazmasi koordinatori;
- Harshad Bxargvat — Hindiston prodyuserlarining xalqaro anjumani direktori;
- Dunyoning yetakchi kinonashrlari — Variety, Deadline Hollywood, Screen International va Ecran Total rahbarlari va vitse-prezidentlari.
