Britaniya Kengashi Alumni Awards g'oliblarini taqdirlash marosimini o‘tkazdi

Buyuk Britaniya va O‘zbekiston o‘rtasida ta’lim sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha keng ko‘lamli tadbirlar doirasida 3-mart Study UK Alumni Awards xalqaro tanlovining milliy darajadagi g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Buyuk Britaniya elchisi qarorgohida boʻlib oʻtgan tadbirda Buyuk Britaniyaning Oʻzbekistondagi elchisi Tim Torlot, Britaniya Kengashining Oʻzbekistondagi direktori Denis Vodinxem gʻoliblar nomini eʼlon qildi va Britaniya universitetlarining oʻz mamlakatlari rivojiga hissa qoʻshayotgan bitiruvchilarga faxriy kuboklarni topshirdi.
Bitiruvchilar uchun mukofotlar ilk bor 2014-yilda Britaniya Kengashi tomonidan butun dunyo bo‘ylab Buyuk Britaniya universitetlarining muvaffaqiyatli bitiruvchilarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida taqdim etilgan.
Buyuk Britaniya elchisi Tim Torlot barchani o’z qarorgohida kutib oldi va Study UK Alumni Awards g’oliblarni takdirlash marosimida ishtirok etgani uchun o’z minnatdorchiligini bildirdi.
“Buyuk Britaniyada tahsil olib, oʻqishdan bahramand boʻlgan oʻzbekistonlik talabalar ilm-fan, ijodkorlik, taʼlim, jamoat ishlari, huquq, biznes va innovatsiyalar kabi oʻz faoliyat sohalarida yetakchi boʻlib qaytmoqdilar. O‘zbekistonga qaytib, bitiruvchilar o‘z sohalarining rivojiga hissa qoʻshmoqdalar va men yosh avlod buni birgalikda amalga oshirayotganidan xursandman”, — deydi u.
Marosimda o‘z nutqi davomida Britaniya Kengashi direktori Denis Voddingem Study UK Alumni Awards mukofotini O‘zbekistonda o‘tkazish maqsadlari bilan o‘rtoqlashdi va milliy bosqichda g’oliblarning nomini e’lon qildi. Shuningdek, Voddingem xonim xalqaro mukofot g‘oliblari 2024-yil yozida professional aloqalarni kengaytirish uchun Buyuk Britaniyaga taklif etilishi eslatib o’tdi.
“Men Buyuk Britaniya va O‘zbekiston o‘rtasidagi xalqaro talabalar mobilligi uzoq muddatli aloqalar va o‘zaro manfaatli munosabatlarni yuzaga keltirishiga ishonaman. Study UK Alumni Awards Buyuk Britaniya ta’limining ahamiyatini va uning jamiyatlarga ta’sirini ko’rsatadigan Buyuk Britaniyaning taniqli bitiruvchilari yutuqlarini nishonlaydi. Bugun o‘zbek talabalari o‘z mamlakatidan chiqmasdan Britaniya universitetlarida oliy ta’lim olish imkoniyatiga ega bo‘lganini nihoyatda muhim deb bilaman”.
Bu yil Bitiruvchilar mukofotlari g‘oliblari to‘rtta nominatsiya bo‘yicha taqdirlandilar: Toshkentdagi Vestminster universiteti bitiruvchisi, mijozlar tajribasini raqamlashtirish bo‘yicha mutaxassis Azizbek Qurbonov “Biznes va innovatsiyalar” nominatsiyasi bo‘yicha mukofot g‘olibi bo‘ldi. Biznes va innovatsiyalar mukofoti biznesda innovatsion va ijodiy loyihalar va yechimlarni faol amalga oshirayotgan va ishlab chiqishga hissa qo‘shayotgan bitiruvchilarga beriladi.
Azizbek Oʻzbekistondagi birinchi sugʻurta xizmatlari bozoriga aylangan “Sugʻurta Bozor” startapining hammuassisi va marketing boʻyicha direktori. Azizbek va uning hamkorlari bevosita rahbarligida “Sugʻurta Bozor” tashkil topganidan beri ikkinchi yildirki, foydalanuvchilarga sugʻurta polislarini onlayn xarid qilish uchun platforma taqdim etib, oʻz mijozlari va sugʻurta tartib-qoidalari oʻrtasidagi tafovutni bartaraf etishga yordam bermoqda. Azizbek Qurbonovning soʻzlariga koʻra, “Sugʻurta Bozor” fuqarolarga xavf-xatarlardan oʻzini sugʻurtalash imkoniyatini yaratib, sugʻurta agentliklari uchun qoʻshimcha savdo kanallarini targʻib qilmoqda. Azizbek talabalik yillarini alohida hayajon bilan eslaydi va shunday deydi: “Vestminster universitetida o‘qiyotganimda ko‘plab foydali aloqalar o‘rnatdim, mustaqil bo‘lishni o‘rgandim, shuningdek, yetakchilik qobiliyatlarini rivojlantirdim. Bugun esa bularning barchasini kasbiy hayotimda qo‘llayman va iqtisodiyot, statistika, marketing sohasidagi bilimlarimdan foydalanib, zamonaviy O‘zbekiston rivojiga o‘z hissamni qo‘shayotganimga ishonaman”, — dedi Azizbek Qurbonov.
“Ijtimoiy faollik” nominatsiyasida Jahon bankida ta’lim bo‘yicha mutaxassis va Toshkent xalqaro ta’lim universitetining xalqaro aloqalar bo‘yicha prorektori lavozimlarida ishlagan Viktoriya Babaxadjayeva g‘olib bo‘ldi. Ijtimoiy faollik mukofoti g‘oliblari ijobiy ijtimoiy o‘zgarishlar va boshqalarning hayotini yaxshilash uchun shart-sharoitlarni yaratishga alohida hissa qo‘shgan bitiruvchilarga beriladi.
“Mening Uels universitetida bank va moliya boʻyicha magistrlik darajasi maʼlumotli va foydali boʻldi. Britaniya universitetida olgan bilim, ko‘nikma va tajribam meni Buyuk Britaniya ta’lim standartlarini O‘zbekiston ta’lim tizimiga integratsiyalashgan holda imkon qadar ko‘proq odamlarga yuqori sifatli ta’lim olish imkoniyatini taqdim etishga undaydi”, — dedi Viktoriya.
“Madaniyat va ijod” nominatsiyasida g‘oliblik O‘zbekistonning aloqa sohasidagi yetakchi mutaxassislaridan biri Dinara Dultayevaga nasib etdi. Dinara O‘zbekistondagi ko‘plab kompaniyalarga o‘z kommunikativ maqsadlariga erishishda yordam bergan Dinara&Co. agentligi va nashriyotining asoschisi hisoblanadi. Shuningdek, g‘olib faoliyatining ajralmas qismi O‘zbekiston milliy brendini ham mamlakat ichida, ham xorijda targ‘ib qilishdan iborat. Ushbu mukofot o‘z mamlakatlari madaniy merosini rivojlantirishga, ijtimoiy va ijodiy loyihalarni yaratishga faol hissa qo‘shayotgan bitiruvchilarga beriladi.
“O‘zbekistonga qaytib, Kardiff universitetida olgan bilimlarimni O‘zbekistonni keyingi bosqichga olib chiqish uchun ishlatganman. 5 yil muqaddam „O‘zbekistonga tashrif buyurish uchun 10 ta sabab“ nomli birinchi kitobimni nashr etganman, unga Buyuk Britaniya qirolichasi Yelizaveta II dan minnatdorchilik maktubi yo‘llangan. Bu mening yosh kompaniyam Dinara & Co ga nafaqat O‘zbekistonda, balki boshqa mamlakatlarda ham obro‘sini oshirishga yordam berdi. O‘shandan buyon biz ajoyib yurtimiz haqida korporativ nashrlar, kitoblar va Visit Uzbekistan jurnalini nashr etib kelmoqdamiz”, — deb o‘rtoqlashdi Dinara Dultaeva.
To‘rtа nominatsiya g‘oliblarini taqdirlagandan so‘ng, Britaniya elchisi Tim Torlot beshinchi g‘olib — “Elchining Tanlovi” nominatsiyasi uchun shaxsan tanlangan Denis Romanni e’lon qildi. Denis Roman Vestminster universiteti bitiruvchisi va We Digital aloqa agentligining bosh direktori va hammuassisi. Denis va uning jamoasi har kuni O’zbekistonda biznes industriyasini rivojlantirishga hissa qo’shib, o’z mijozlariga biznes muammolarini hal qilishda yordam berishadi, mavjud resurslar doirasida eng samarali yechimlarni taklif qilishadi.
Bu yil Bitiruvchilar milliy mukofotining to‘rt nafar g‘olibi o‘zlarining kasbiy rivojlanishi uchun imkoniyatlarga ega bo‘lishadi. Keyingi bosqichda O‘zbekiston finalchilari 100 ta davlatdan boshqa nomzodlar bilan birgalikda xalqaro mukofotda ishtirok etishda davom etadi va faqat eng kuchlilari bosh sovrin — Buyuk Britaniyaga professional tarmoq sayohatini qo‘lga kiritadilar.
Britaniya Kengashi 9 yildan buyon butun dunyo bo‘ylab Buyuk Britaniya universitetlarining muvaffaqiyatli bitiruvchilarini qo‘llab-quvvatlash uchun mo‘ljallangan “Study UK: Alumni Awards” xalqaro mukofotini o‘tkazib keladi. Mukofot g‘oliblari Buyuk Britaniyaga tashrif buyurish, milliy va xalqaro miqyosda tajriba va malaka almashish, shuningdek, tanishlar doirasini kengaytirish va xalqaro obro‘sini oshirish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.