"Ongim past bo'lganda do'stlarim ko'p edi. Hozir esa do'stlarim yo'q" — "Eljernonga atalgan gullar" kitobiga taqriz

E’lon qilingan sana· 1 068
"Ongim past bo'lganda do'stlarim ko'p edi. Hozir esa do'stlarim yo'q" — "Eljernonga atalgan gullar" kitobiga taqriz

Afisha.uz`dagi kitoblar haqidagi maqolalar turkumini amerikalik yozuvchi Deniel Kizning "Eljernonga atalgan gullar" nomli romani bilan davom ettirishga qaror qildik. Ishonavering, bu asardagi fikrlar, kechinmalar ham idrokingizning, ham qalbingizning tub-tubigacha yetib boradi.

Amerikalik yozuvchi Deniel Kizning “Eljernonga atalgan gullar” romani avvaliga hikoya ko’rinishida bo’lgan va ilmiy-ommabop jurnalda chop etilgan. Keyinchalik yozuvchi ushbu asarni to’ldirib, roman holiga keltirgan va ko’plab sovrinlarni qo’lga kiritgan. Roman ilmiy-fantastika janriga xos bo’lsa-da, unda turli boshqa janrlar elementlarini ham ko’rish mumkin. Va bu asar Deniel Kizning yagona “shedevri” emas, bu yozuvchining har bir asari alohida e’tiborga loyiq. Lekin, ehtimol “Eljernonga atalgan gullar” uning eng mashhur asaridir. Buning ustiga, ushbu roman hozircha yozuvchining o’zbek tiliga tarjima qilingan yagona asari bo’lib turibdi.

Charli Gordon va biotexnologiya

Asar o’rta yoshlardagi aqli zaif inson Charli Gordonning tilidan hikoya qilinadi. Aniqrog’i, kundalik tarzida, Charlining qaydlari va hisobotlari ko’rinishida bayon etilgan. Matnlarni o’qir ekansiz, Charlining aqlida sodir bo’layotgan o’zgarishlar yaqqol ko’zga tashlanadi, uning rivojlanishi, boshqalardan ham aqlliroq bo’la boshlashidan tortib… Sal qolsa, berilib ketib, spoyler qilib qo’yardim. Xullas, siz mutolaa davomida Charlining idrokida, qalbida kechayotgan barcha o’zgarishlarni birga his qilasiz.

Charlining atrofdagilar haqidagi fikrlari alohida e’tiborni tortadi, o’ylantiradi, o’zingizga chetdan qarashga undaydi. U doim aqli butun bo’lishini, boshqalar kabi fikrlay olishni orzu qilgan. Professorlarning yangi kashfiyoti sababli unda o’z orzusini amalga oshirishga imkon paydo bo’ladi. Ishonavering, bu yozganlarim spoyler emas va shunchaki asarning boshlanishi. Jarrohlikdan keyin Charli birdan hammasini tushuna boshlaydi. Shu paytgacha odamlar unga qanday munosabatda bo’lgani, yaqinlarining undan uyalganini anglay boshlaydi… Ayniqsa Charlining ikkala holatdagi fikrlari, ikki xil ong holatidagi kuzatuvlarini o’qish juda qiziq.

Asardan oladigan xulosangiz sizni aqliy qobiliyat oshgani sayin muammolar ko’paya boshlashi haqidagi o’ylarga yetaklaydi. Buni Charlining misolida ko’rib chiqasiz. Bir qarashda bu mantiqsizdek ko’rinadi, ammo o’ylab qarasak, chindan ham aqlimiz yuksalgani sayin biz ko’proq narsalar haqida o’ylay boshlaymiz, yanada ko’proq o’rganishni, yanada ko’prog’iga erishishni istab qolamiz. Bu esa o’z o’rnida muammolarni keltirib chiqaradi…

“Eljernonga atalgan gullar” haqida ko’p gapirish mumkin, syujetidagi ayrim jabhalarni muhokama qilish juda qiziq. Ammo, qadrli kitobxon, agar bu asarni o’qimagan bo’lsangiz siz uchun spoyler qilib qo’yishdan va “qarg'ishingizni olishdan” qo’rqaman. Shuning uchun ham asar nega bunday atalishi haqida birorta jumla kletirmadim. Chunki buni siz romanning ma’lum bir joyiga yetganda tushunasiz.

Bu asar chinakam “must-read”. Bu fikrimni kitobni o’qiganlar tasdiqlashi mumkin. Aksincha bo’lganida, men ham bu roman haqida hech narsa yozmagan bo’lar edim.

Kitobdan iqtiboslar:

  • “Shubhasiz, televizorga bo‘lgan muhabbat, o‘ylashni xohlamaslik natijasida paydo bo‘ladi”.
  • “Yakkalanib qolgan aql atrofdagilarga dard va zulmdan ortig’ini berolmaydi”.
  • “Idrokning o’zi hech nimaga yaroqsiz. Universitetimizda aql, ta’lim, bilim ulug’lanadi. Lekin men siz bilmagan narsani bilaman: insoniy tuyg’ularsiz bilim bir tiyinga qimmat”.
  • “Ongim past bo’lganda do’stlarim ko’p edi. Hozir esa do’stlarim yo’q. Mening rosa ko’p tanishlarim bor, lekin ularning ichida hech biri menga qadrli emas va men ham ularni ortiq qiziqtirmayman”.
Nazarbek Nazarov
Muallif
Nazarbek Nazarov