Oq, Pushti, Jigarrang – bular oddiy ranglar emas, balki shovqin turlari, va ular sizga yordam berishi mumkin

Kun davomida doimiy ravishda turli tovushlar qurshovida bo‘lamiz. Printerdan chiqadigan tovushlardan tortib, yomg‘ir tomchilarining yoqimli ohangigacha, har bir tovush o‘zining maqsadiga ega. Ko‘pchilik odamlar o‘zlarining kundalik ishlarini, masalan, dars, o‘qish yoki biror ish qilish jarayonida, tinchlantiruvchi orqa fon tovushlari ostida ishlashni afzal ko‘radilar. Bular orasida yomg‘ir tomchilari, dengiz to‘lqinlari, kitlarning ovozi yoki gulxanlar ovozi bo‘lishi mumkin. Bu tovushlar, asosan, fon tovushlari sifatida, dam olishga yordam beradi.
Ammo, ba’zi tovushlar nafaqat tinchlantiradi, balki insonning ruhiy holati, uyqu va kognitiv faoliyatiga ta’sir qiladi. Oq, pushti va jigarrang shovqinlar, aynan shu turdagi tovushlardir va har biri o‘ziga xos xususiyatlarga ega.
Shovqin va uning ranglari
Shovqin ranglari — bu tovushning chastotalari va ularning qanday taqsimlanishiga qarab farqlanadigan tovush turilaridir. Oq shovqin, pushti shovqin, jigarrang shovqin kabi ranglar turli xususiyatlarga ega bo‘lib, insonning ruhiyatiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi va turli vaziyatlarda qo‘llaniladi.
Oq shovqin
Oq shovqin, ehtimol eng koʻp qoʻllaniladigan shovqin turi boʻlib, unda barcha chastotalar bir xil ovoz balandligida boʻladi. Bu, uning boshqa tovushlarni cheklash xususiyatini yanada kuchaytiradi. Barcha chastotalar mavjud bo‘lgani uchun, oq shovqin noxush yoki bezovta qiluvchi tovushlarni eshitilmaydigan holatga olib kelishi mumkin, bu esa turli vaziyatlarda foydali bo‘ladi. Masalan, u uyquni yaxshilashga yordam beradi, chunki u ko‘chadan eshitilayotgan mashinalar tovushi yoki qo‘shninikida boʻlayotgan toʻy ovozlari kabi shovqinlarni sezilarli darajada yashirishi mumkin. Bundan tashqari, oq shovqin tezroq yozish va o‘qishga, ko‘proq ma’lumotni xotirada saqlashga, diqqatni yaxshiroq jamlashga ham yordam beradi.
Pushti shovqin
Pushti shovqin oq shovqinga o‘xshaydi, ammo unda past chastotalarga ko‘proq urg‘u beriladi. Bu tovushning chuqur va sokinligi bilan odamni tinchlantiradi. Ko‘plab tabiiy tovushlar — yomg‘ir, shamol yoki okean to‘lqinlari — pushti shovqinga turiga kiradii. Pushti shovqin uyqusizlikdan azob chekayotganlar uchun uyqu sifatini yaxshilashga yordam beradi, shuningdek, diqqatni jamlashda foydali hisoblanadi. bundan tashqari, kognitiv faoliyat va xotira tiklanishiga juda yaxshi ta’sir koʻrsatadi.
Jigarrang shovqin
Jigarrang shovqin, pushti shovqindan ham past chastotalarga ega va ko‘pincha momaqaldiroq yoki sharshara tovushiga o‘xshaydi. Bu tovush insonni chuqurroq dam olishga undaydi, ayniqsa, stressli kunlardan keyin. Jigarrang shovqin, stress va xavotirni kamaytirishda samarali hisoblanadi. Past chastotalar odamni tinchlantiradi, xotirjamlikni oshiradi va diqqat buzilmasligini ta’minlaydi. Bu shovqin turi mutolaa bilan shugʻillanishni istaganlar uchun eng qulay tanlov.
Shovqin ranglari haqida bilib olganingizdan soʻng, har birini sinab koʻring. Har kimning tajribasi farq qiladi, shuning uchun oʻzingizga mos boʻlgan tovushni topish uchun tajriba oʻtkazish muhimdir. Shovqinlar sizning ruhiy va jismoniy holatingizni yaxshilashga yordam berishi mumkin, shuning uchun ularni turli vaziyatlarda qoʻllab, samarali natijalarga erisha olasiz. Bu shovqinlarning ta’sirini tushunib, ularni qoʻllash sizga koʻproq dam olish, toʻyib uxlash va kundalik ishlaringizni samarali bajarish imkonini beradi.
