Xona havosini tozalovchi xona gullari

Xonadagi havo sifati siz o‘ylagandan ham muhimroq. Yaxshi xabar shuki — buni oddiy o‘simliklar bilan yaxshilash mumkin. Nafaqat chiroy, balki salomatlikni ham ta’minlaydigan oʻsimlik turlari bilan tanishing.
Sansevieria
Bu o‘simlik — xonadagi havoni zaharli moddalardan tozalovchi va parvarishi nihoyatda sodda bo‘lgan mashhur xona gullaridan biri. Uning uzun, qattiq va geometrik shakldagi yaproqlari xonaga zamonaviy va chiroyli ko‘rinish bag‘ishlaydi. Sansevieria issiq haroratga ham, suvsizlikka ham yaxshi moslasha oladi — uni haftada bir yoki ikki marta sug‘orish kifoya.
Zamiokulkas
Yana bir boshlang‘ich darajadagilar uchun mos o‘simlik — uning toʻq yashil yaproqlari har bir interyerga mos tushib,xonaga zamonaviy, tozalik va sokinlik baxsh etadi. Uning kamyobligi sababli narxi boshqa gullarga nisbatan biroz yuqoriroq bo‘lishi mumkin, ammo u o‘zini to‘liq oqlaydi va havoda toksinlarni yoʻqotadi. Har 2−3 haftada bir marta sug‘orish yetarli.
Fikus
Ko‘pchilikka tanish bo‘lgan bu xona guli siz o‘ylagandan ko‘ra ko‘proq e’tiborga loyiq. Ushbu o‘simlik havodagi chang va zararli gazlarni yutib, kislorod ishlab chiqaradi. U havoni tozalash bilan birga, xonangizni yorqinroq ko‘rsatadi. Quruq sharoitga chidamli bo‘lib, har 1−2 haftada bir sug‘orishning o‘zi yetarli. Biroq, fikus itlar va mushuklar uchun zaharli bo‘lishi mumkin, shu sababli, ularni uzoqroq tutgan ma’qul.
Shefflera
Shefflera — o‘zining nozik, barmoqqa o‘xshagan barglari bilan tanilgan nafis o‘simlik. U quyosh nurini yaxshi ko‘radi, lekin sun’iy yorug‘likka ham moslasha oladi. Aynan shu xususiyati tufayli, u ofislar, kutubxonalar yoki dam olish xonalari uchun mukammal tanlovdir. Haftada bir marta sug‘orish va doimiy barglarini artib parvarishlash uning uzoq vaqt yashnab tirishini kafolatlaydi.
Monstera
Monstera — so‘nggi yillarda interyer dizaynida trendga aylangan yirik bargli, dekorativ o‘simlik. Uning nafaqat ko‘rinishi tropik, balki tropik muhitdagidek havoni tozalashda ham samarali. Zararli moddalarni yutib, havo sifatini yaxshilaydi. U yorug‘ joyni xush ko‘radi, lekin bevosita quyosh nuridan saqlanishi kerak. Tuproq qurigach sug‘oring, barglarini esa vaqti-vaqti bilan artib turish — ularni sog‘lom va yaxshi saqlanishiga yordam beradi.
Diffenbaxia
Barglarida ajoyib rang uyg‘unligi mujassam bo‘lgan bu o‘simlik — xona havosini tozalaydi va namlantiradi. Yirik barglari xonada markaziy dekor elementi sifatida ajralib turadi. Lekin bu gul suvsizlikka chidamsiz — tuproq har doim biroz nam bo‘lib turishi kerak. Shuningdek, diffenbaxia ham hayvonlar uchun zararli bo‘lishi mumkin, parvarishlaganingizda soʻng qoʻllaringizni yuvishni unutmang.
Ayol baxti
To‘plamimizning “gul toji” sanalmish bu o‘simlik xona havosini toksinlardan tozalab, nafas olish uchun qulay muhit yaratadi. Quyosh nurlari kam bo‘lgan sharoitda ham bemalol o‘sadi. Faqatgina qisqa muddatli suvsizlikka chidamli, doimiy namlik bo‘lmasa, barglari sarg‘ayib to‘kila boshlaydi. Oq gullari esa xonangizga go‘zallik va o‘zgacha kayfiyat bag‘ishlaydi.
