Alisa va Narniya: nega kattalar hamon sehrli eshiklarni izlaydi?

E’lon qilingan sana· 251
Alisa va Narniya: nega kattalar hamon sehrli eshiklarni izlaydi?

Oxirgi marta javonning orqasida nimadir bor-yo‘qligini tekshirib ko‘rgan paytingizni eslaysizmi? Yoki ko‘zguga qarab, “agar undan o‘tib ketsam, narigi tomonda nima bor ekan?”, deb o‘ylaganmisiz? Agar bu savollarga “yo‘q” deb javob bersangiz, demak siz bolalikdagi sehrli dunyoga, Alisa va Narniya olamlariga olib boradigan eshikni allaqachon yopib qo‘ygan kattalardansiz.

Bugungi raqamli dunyomizda, virtual reallik va parallel olamlar haqidagi hikoyalar urfga aylangan bir paytda, nega 150 yil avval yozilgan ikki ingliz ertagi — “Alisa” va “Narniya” hanuz millionlab odamlarning qalbini o‘ziga tortmoqda? Balki Lyuis Kerroll va K. S. Lyuis yaratgan bu sehrli olamlar oddiy bolalar ertagimas-u bundanda chuqurroq ma’noga egadir?

Haqiqat shundaki, Alisa va Narniya shunchaki fantastik hikoyalar emas. Ular insonning ulg‘ayish jarayoni, jamiyatdagi o‘rni, haqiqat va xayol o‘rtasidagi muvozanat haqida chuqur psixologik va falsafiy izlanishdir. Shu bois ular faqat bolalarni emas, biz — kattalarni ham sehrlab kelmoqda. “Qanday qilib axir?” desangiz, ushbu maqola siz uchun.

Ikki olim, ikki dunyo, bitta sir

Kerrollning dunyosi: Mantiqsizlikdagi mantiq

Lyuis Kerroll (1832−1898) aslida matematik va mantiqshunos boʻlgan. Lekin uning yaratgan Alisa dunyosi matematik aniqlikdan mutlaqo uzoq koʻrinadi. Bu holat esa shunchaki tasodif emas. Kerroll Viktoriya davridagi Angliyaning qat’iy ijtimoiy ierarxiyasi, soʻz oʻyinlari va mantiqsiz qonunlariga qarshi turish uchun aynan mantiqsizlikni qurol sifatida ishlatgan.

Alisaning quduqqa yiqilishi — bolalikning tugashi va kattalar dunyosiga kirishning ramziy tasviridir. Ammo bu shunchaki “oʻsish” emas, balki travmatik jarayon. Alisa doimiy ravishda oʻz boʻyini oʻzgartiradi: katta boʻladi, kichik boʻladi, normal oʻlchamini topa olmaydi. Bu oʻsmirlik davrning juda qiziq metaforasi — oʻz tanasini, oʻz “men"ini taniy olmaslik holati.

Moʻjizalar mamlakatidagi har bir qahramon — Tentak Shlyapnik, Ovsar Quyon, Qirolicha — kattalar dunyosidagi muayyan ijtimoiy rollarni koʻrsatadi. Shlyapnikni doimiy choy ichish marosimi orqali absurd ijtimoiy odatlar tanqid qilinadi. Qizil Qirolichaning “Avval hukm, keyin sud!” deb baqirishi esa adolatsiz sud tizimiga ishora. Alisaning bu qahramonlar bilan muloqoti aslida har bir oʻsib kelayotgan bolaning ijtimoiy tizim bilan birinchi toʻqnashuvi hisoblanadi.

Lyuisning dunyosi: Ishonch va mas’uliyat

K. S. Lyuis (1898−1963) butunlay boshqa sharoitda yashab oʻtgan. Ikki jahon urushi, diniy inqiroz, zamonaviy dunyodagi ma’naviy boʻshliq muammosi — uni boshqa yoʻldan borishga majbur qilgan. Agar Kerroll mantiqsizlikni tanqid qilgan boʻlsa, Lyuis ishonchni qayta tiklashga harakat qilgan.

Narniya urush paytida paydo boʻlishi tasodif emas. Pevenslar Londondagi bombardimonlardan qochib, qishloqqa joylashtiriladi. Shkaf orqali boshqa dunyoga oʻtish — bu haqiqiy dunyodagi dahshatlardan psixologik qochish. Ammo bu qochish kuchsizlik alomati emas, balki ichki kuchni topish jarayoni.

Lyusining birinchi boʻlib Narniyaga kirishi ham chuqur ma’noga ega. Eng kichigi, eng zaifi, eng ishonchani birinchi boʻlib topadi eshikni. Bu diniy matnlardagi “birinchi boʻlish uchun oxirgi boʻl” tamoyiliga qaysidir ma’noda ishora. Lyusi Narniyada faqat sehrli dunyoni emas, balki oʻzining ichki kuchini, mas’uliyat tuygʻusini topadi.

Aslan obrazini ham ikki xil talqin qilish mumkin. U nafaqat Iso Masih ramzi, balki har bir bolaning ichidagi adolat va ezgulik tuygʻusining mujassami.

Ikki yondashuvning umumiyligi

Kerroll va Lyuisning asarlarida umumiy narsa — ulgʻayish jarayonining travmatik tabiati. Ikkalasida ham bolalar tanish dunyolarini tark etib, noma’lum, xavfli, ammo shakllantiradigan olamga qadam qoʻyishadi. Farqi shundaki, Kerroll bu jarayonning absurd tomonlarini koʻrsatsa, Lyuis uning ruhiy jihatlarini ta’kidlaydi.

Mifologik ildizlar va umumiy manbalar

Alisa va Narniya hikoyalarining asl mohiyatini chuqurroq tushunish uchun ularning ildizlarini qadimiy mifologiyadan izlash lozim. Aslida, bu ikki asar ham insoniyat tarixidagi eng qadimiy afsonalarning zamonaviy ko‘rinishidir.

Alisadagi “boshqa dunyoga tushib qolish” motivi eng qadimiy mifologik naqshlardan biri. Masalan, qadimgi yunonlarda Persefonaning yer osti dunyosiga tushishi, nemis afsonalaridagi Nibelungen qo‘shig‘i, yoki hattoki Yunus payg‘ambarning katta baliq qornidagi sayohati — bularning barchasida bir-biriga oʻxshab ketadigan arxetip bordek: noma’lum olamga kirish, sinovdan o‘tish va yangilanib qaytish.

Frank Boumning “Oz mamlakati sehrgari” asari ham aynan shu yo‘ldan boradi. Doroti bo‘ron paytida sehrli mamlakatga tushib qoladi xuddi Alisa quduqqa yiqilgani yoki Pevenslar shkaf orqali Narniyaga o‘tganidek. Bu uchala hikoya bir xil yo‘lni ko‘rsatadi: “uy"dan uzoqlashish, sinovdan o‘tish va o‘zgargan holda qaytish. Bu jarayon mifologiyada “initsiatsiya”, ya’ni ruhiy yetilish, o‘sish davri sifatida qaraladi.

Narniya esa “tanlangan qahramon” mifining klassik namunasidir. Pevenslar xuddi yunon afsonalaridagi qahramonlar kabi, Artur Pentragon afsonasi yoki hatto “Yulduzlar jangi” (Star Wars) qahramonlariga oʻxshab maxsus topshiriq uchun oldindan tanlangan boʻlishadi. Bu naqshni deyarli barcha madaniyatlardan topish mumkin, qadimgi Gilgameshdan tortib zamonaviy superqahramonlargacha.

Urush va fantaziya: Qochish yoki kurashish?

Garchi Kerroll birinchi jahon urushini koʻrmagan boʻlsa-da, uning asari urush avlodiga alohida ta’sir koʻrsatdi. 1920 yillarda front chizigʻidan qaytgan yosh erkaklar Alisaning absurd dunyosida oʻzlariga tanish narsalarni topdilar. Urush dahshatlari ularni Alisaning his qilgan narsasiga yetkazdi: dunyoda mantiq yoʻq, qoidalar oʻzgaruvchan, haqiqat nisbiy.

Lyuisning esa “Narniya solnomasi"ni yozishni boshlashi toʻgʻridan-toʻg'ri ikkinchi jahon urushi bilan bogʻliq. 1940-yildan boshlab Lyuis Oksford yaqinidagi uyida Londondagi bombardimon qurboni boʻlgan bolalarni himoya qilishni boshlaydi. Aynan shu bolalar bilan muloqoti unda Narniya gʻoyasini tugʻdiradi.

Urush paytida fantaziya nafaqat qochish, balki tirik qolish vositasi boʻladi. Narniya — bu haqiqiy dunyoning muqobili emas, balki unga tayyorgarlik koʻrish joyi. Pevenslar Narniyada oʻrgangan jasorat, samimiylik, mas’uliyat tuygʻusini keyinchalik haqiqiy dunyoda qoʻllaydilar.

Reallikdan qochish psixologik zaruratmi?

Zamonaviy psixologiya fantaziyaga ikki xil qaraydi. Bir tomondan, bu qochish mexanizmi — stress, depressiya, ijtimoiylashuvga moslasholmaslik belgilari. Boshqa tomondan, bu ijodkorlik, muammolarni hal qilish, emotsional rivojlanish vositasi.

Alisa va Narniya ikkala funksiyani bajaradi. Ular bir vaqtning oʻzida:

  • Haqiqiy dunyodagi qiyinchiliklardan vaqtincha qochish imkonini beradi;
  • Haqiqiy dunyoni yangicha koʻrish, uni oʻzgartirish kuchini beradi.

Kerroll Alisaning sarguzashtlarini har doim haqiqiy dunyoga qaytish bilan yakunlaydi. Narniya qahramonlari ham oxir-oqibat oʻz dunyolariga qaytib, u yerda oʻrgangan fazilatlarni qoʻllaydilar.

Har birimizning ichimizdagi Alisa va Narniya

Har bir insonning ichida bir “ichki bola” yashaydi. Bu bola dunyoga hayrat bilan qaraydi, savollar beradi, oddiy narsalardan moʻjiza izlaydi. Alisa va Narniya aynan shu bolani uygʻotadi, unutgan his-tuygʻularimizni eslatadi.

Kattalar dunyosida biz koʻpincha mantiq, hisob-kitob va real hayotning “qafasi"ga tushib qolamiz. Lekin ba’zida bizga kerak boʻladigani aynan Alisa kabi savollar berish, Lyusi kabi ishona olish va ertakona koʻzlar bilan atrofga qarashdir.

Bu haqiqatdan qochish kerak degani emas. Aksincha, haqiqatga boshqa nigoh bilan qaytish lozim. Alisa moʻjizalar mamlakatidan qaytgach, oʻz dunyosiga boshqacha nigoh bilan qaray boshlaydi. Narniya qahramonlari ham oʻz tanish hayotiga qaytib, u yerda orttirgan tajribasini hayotda qoʻllaydilar.

Sehrli shkaf tashqarida emas, balki ichimizda. Uni ochish uchun sehrli kalit emas, jasoratli yurak va xayolotga ishonadigan ong kerak.

Va ehtimol, aynan shu sababli biz hanuz sehrli eshiklar izlab yashaymiz — chunki ular bizni faqat boshqa joyga olib bormaydi, balki oʻzimizga qaytaradi.

Samandar Erkinjonov
Muallif
Samandar Erkinjonov
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling