Ichki xotirjamlik: Ogʻir kundan keyin uyda taskin topishga nimalar yordam beradi?

E’lon qilingan sana· 285
Ichki xotirjamlik: Ogʻir kundan keyin uyda taskin topishga nimalar yordam beradi?

Kundalik tirbandliklar, shahar shovqini, o‘qish va ishdagi topshiriqlar, telefon qo‘ng‘iroqlari va oxiri ko‘rinmaydigan majburiyatlardan charchagan tanamizga uy — yagona panoh. Ammo uning har bir xonasi ham sizga hotirjamlik beravermaydi. Shuning uchun bugunning psixologlari va ayrim interyer dizaynerlarining maslahati bilan uyda stressdan xalos bo‘lish uchun maxsus burchaklar yaratish an’anaga aylanib bormoqda.

Ha, yaqin yillargacha va balki hozir ham bu vazifani bizga hovlilardagi so‘ri (karovot) bajarib kelgan. Unda o‘n daqiqa mizg‘ib olish — 3,4 soatlik energiya olishga teng, go‘yo. Biroq ko‘p qavatli uyda bu muammo bo‘ladi.

Xonadonlarda bunday burchaklarni yaratish uchun uyingizning katta yoki kichikligi muhim emas. Quyida biz siz uchun inson ruhiyatini tetiklashtirishga yordam beruvchi qanday antistress burchaklarini tashkil etish haqida tavsiyalar beramiz.


Tabiatga qaytib

Gullar va o‘simliklar nafaqat vizual tinchlik baxsh etadi, balki havoni ham filtrlaydi. Ularni parvarishlash jarayoni hayollaringizni chalg‘itadigan fikrlardan tozalaydi, hushyorlikni oshiradi va yaxshi kayfiyat beradi. Boshqa tarafdan, gullar — jim suhbatdosh. Ular hech qachon sizni tanqid qilmaydi va savol bermaydi.

Bunday tabiat burchagi tabiiy yorug‘lik tushadigan joyda bo‘lgani ma’qul. Agar balkon yoki kengroq deraza tokchasi bo‘lsa, monstera, sanseviyeriya, aloe vera kabi kam parvarish talab qiladigan gullarni o‘stirish tavsiya qilinadi.

Choydan oling

Ro‘yxatni choysiz davom ettirish mumkinmi? Yo‘q, albatta. O‘zbek xonadonlarida bir piyola choy — hotirjamlik ramzi. Choy ichish jarayonining o‘zi ham o‘ziga hos ritual bo‘lib, ruhiy huzur hissini beradi. Choy asab tizimini sokinlashtirishi, bu esa miyada serotonin va dofamin kabi xushkayfiyat gormonlarini ko‘paytirishi isbotlangan. Bunday joyni atrofida ko‘rpachalar to‘shalgan xontaxta bilan yaratish mumkin.

Keldi ochilur chog‘ing…

Ba’zan sizni tushunishlari, tushuntirishingiz uchun so‘zlar kamlik qiladi. Shunday paytda inson nimadir chizadi, to‘qiydi yoki yasaydi. Ijod burchagi ichingizdagini qo‘llaringiz orqali ayta oladigan joy bo‘la oladi. Bunday burchakda ranglar bilan ishlash kayfiyatni o‘zgartirib, tushkunlikdan olib chiqishi, qo‘llar yordamida tayyorlanadigan ishlar miyani tinchlantirishi mumkin. Joy esa yotoqxonadagi burchak, balkonning bir qismi, hatto stol osti bo‘lishi ham mumkin.

Men — bu men

Kun davomida inson nafaqat jismonan, balki ruhan va hissiy tomonlama ko‘p “yuguradi”, tana har tomonlama charchaydi. Uyingizda bitta burchak bo‘lsinki, u sizni har kuni shovqindan “tozalab”, o‘zingiz bilan “uchrashish” imkonini bersin. Meditatsiya yoki yoga burchagi ana shunday joy.

Uning “ta'mini” yoga bilan shug‘ullanib ko‘rganlar yaxshi biladi. Biroq ushbu mashg‘ulotlar uchun professional bo‘lish yoki maxsus bilim shart emas, chalg‘ituvchi narsalardan xoli va yorug‘lik tushadigan joyda jim o‘tirishning o‘zi ham yetarli. Bu harakat emas, balki insoning lahzada “o‘zi bilan o‘zi qolish” tajribasidir.

Airplane mode

Barcha stresslarni yengish vositasi — bu, shunchaki, yotog‘ingiz bo‘lishi ham mumkin. Unda o‘qiladigan kitob, tanovvul qilinadigan snek va ichimliklar odamga hotirjamlik baxsh etishi bor gap. Yo bo‘lmasa, birgina uyqu hammasidan bir muddat uzilish va yangidan boshlash uchun eng oson yechimligiga qo‘shilmaysizmi? Uxlang, kerak bo‘lsa, yana.

Hayotda ko‘p narsa bizning nazoratimizda emas. Lekin uyimizda, hatto bir kichik burchagida ichki olamimizga qaytib, huzur topish — bu qo‘limizdan keladigan ish. Hotirjamlikni izlamang — uni o‘zingiz yarating.

Ro‘yxatga yana turlicha tavsiyalarni qo‘shish mumkin. Istasangiz, ularni izohlarda yozib qoldiring. Uyda hotirjamlik uchun sizga nima yordam beradi?

Shohruh Haydarov
Muallif
Shohruh Haydarov
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling