Parol emas, oʻron: 40 ta xorijiy atama o‘zbekcha muqobillariga almashtirildi

O‘zbek tilida qo‘llanib kelayotgan 40 ta xorijiy atama o‘zbekcha muqobillariga almashtirildi. Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Atamalar komissiyasi yangi atamalarni tasdiqladi, deya xabar bermoqda O‘zbekiston Fanlar akademiyasi.
Xususan, chet tilaridan kirib kelgan “aysberg” atamasi “muztog‘” so‘zi bilan, “karving” — “o‘ymabezak”, “navigator” — “yo‘llagich”, “otvyortka” — “buragich”, “svetofor” — “yo‘lchiroq”, “chellenj” — “chorlov” so‘zi bilan almashtiriladi.
To‘liq ro‘yxat bilan quyida tanishish mumkin:
- avans – bo‘nak;
- avtopilot – avtoboshqaruv;
- aysberg – muztog‘;
- bodikamera – yonkamera;
- brizgovik – loyto‘skich;
- vnedorojnik – yo‘ltanlamas;
- diskussiya – bahs, munozara;
- dostavka – yetkazish;
- zona – hudud;
- karving – o‘ymabezak;
- konfidensial – maxfiy;
- klaster – klaster;
- kovorking – ish markazi;
- kolovorot – qo‘lparma;
- koridor – yo‘lak;
- kotlovan – xandaq;
- lebyodka – chig‘ir;
- lider – yo‘lboshlovchi, yetakchi;
- link – havola;
- markirovka – tamg‘alash;
- marshrut – yo‘nalish;
- master-klass – mahorat darsi;
- motivatsiya – ruhlantirish, rag‘bat;
- navigator – yo‘llagich;
- najdak – qumqog‘oz;
- oprava – gardish;
- otvyortka – buragich;
- parol – o‘ron;
- pereplyot – muqovalash;
- polik – to‘shama;
- portfolio – yig‘majild;
- progressiv – ilg‘or;
- rastushyovka – qoshpardoz;
- svetofor – yo‘lchiroq;
- sillabus – ishchi dastur;
- smart – aqlli;
- chellenj – chorlov;
- shurup – buramamix;
- it-park – at parki (axborot texnologiyalari parki);
- it-texnologiyalari – axborot texnologiyalari (AT).
Ta’kidlanishicha, ushbu xorijiy atamalarning milliy muqobillarini aniqlashda O‘zbekiston FA O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti tilshunoslari ushbu atamalar tegishli soha vakillari bilan muntazam muloqotda bo‘lgan. Shuningdek, xorijiy atamalar OAV hamda ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamadan o‘tkazilgan, fuqarolarning takliflari hisobga olingan.
Ushbu jarayonda O‘zbekiston FA O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat tilini rivojlantirish departamenti bilan hamkorlikda ish olib borgan, shuningdek, mazkur departamentning ekspertlar guruhida xorijiy atamalar muhokamadan o‘tkazilgan.