Trello, Notion, Todoist: Talabalar uchun top 5 ta planner ilova

Oʻqish, ish, dam — bularni barchasiga atigi 24 soat xolos. Hammasiga ulgurishning iloji bo‘lmasa-da, zarur va muhimlarini uddalash imkoni bor. Bunday paytlarda elektron planner yoki organayzerlar ayni muddao. Ish unumdorligini oshirishda vaqtni toʻgʻri taqsimlash muhim shartlardan biri, ikkinchisi esa barcha vazifalarning aniq koʻrinib turishida. Afisha.uz sizga aynan shunday vazifalarni taqsimlash hamda tartiblashga yordam beruvchi ilovalarni jamladi.
Todoist
O‘qish, ish va shaxsiy hayotni bir vaqtda boshqarish qiyin tuyulishi mumkin, ammo Todoist buni osonlashtiradi. U sizning shaxsiy yordamchingiz kabi ishlaydi: barcha vazifalaringizni yozib oladi va ularni tartibli saqlashga yordam beradi. Siz o‘qish, ish yoki shaxsiy hayot uchun alohida boʻlimlar yarata olasiz, so‘ng ularni mayda bosqichlarga bo‘lib, hech narsani yoddan chiqarmaysiz. Vaqt belgilash ham juda oddiy — shunchaki “ertaga soat 15:00” deb yozing, Todoist uni avtomatik ravishda jadvalga qo‘shadi. Doimiy takrorlanadigan vazifalarni ham, masalan, “har dushanba soat 9:00” kabi, bir marta kiritib qo‘ysangiz kifoya.
Muhim topshiriqlarni ustuvorlik belgilari bilan ajratib ko‘rsatish mumkin, eslatmalar esa muddati yaqinlashganda sizni ogohlantirib turadi. Eng qulay tomoni — Todoist barcha qurilmalarda (telefon, noutbuk, planshet) avtomatik sinxronlashadi. Ilovaning bepul va pullik tariflari mavjud. Beginner bepul tarif boʻlib, shaxsiy loyihalarni yuritish uchun qulay hamda bir haftalik aktivlik tarixini koʻrish imkoni bor. Pro va Bussines tariflari oylik toʻlov evaziga katta jamoaviy loyihalar yuritishga yordm beradi. Jamoaviy loyihalari uchun esa topshiriqlarni guruhdoshlaringiz bilan bo‘lishib, ularga vazifalarni topshira olasiz. Bundan tashqari, Todoist Google Calendar, Gmail kabi xizmatlarga ulangan holda sizning ish markazingizga aylanadi.
Yuklab olish uchun: IOS | Android/ MacOS | Windows
Notion
Notion — bu nafaqat vazifalarni rejalashtiruvchi, balki haqiqiy raqamli ish makoni ham hisoblanadi. Unda dars konspektlari, kundalik vazifalar, imtihon jadvali hatto loyiha rejasini yaratish mumkin. Notion’ning eng katta afzalligi — uning moslashuvchanligi: istaganchaha sahifa yarata olish, tayyor shablonlardan foydalanish yoki shaxsiy dizayndan foydalanish mumkin. Biroz qiyin ekanini hisobga olmasa, Notion barcha kerak boʻlgan “tool"larni bir yerga jamlagan va istalgan katta loyihalar boshqarish imkoni mavjudligi bu ilovani mukammal oʻrganish uchun ragʻbat boʻla oladi.
Ma’lumotlar bazalari va filtrlash tizimi yordamida topshiriqlarni tartiblash, bir-biriga bog‘lash yoki taqdimotlarga tayyorlanish jarayonini boshqarish oson. Masalan, jadval yaratib, unga vazifalar va topshiriqlarni bog‘lab qo‘yishingiz mumkin. Shuningdek, Notion guruh ishlari uchun ham juda qulay — bir nechta odam bir vaqtda sahifaga kirib, tahrir qilishi mumkin.
Bu ilova faqat talabalar uchun, balki ijodkorlar, frilanserlar va jamoalar uchun ham foydali: unda portfel, blog loyihasi, budjet jadvallari yoki hatto shaxsiy maqsadlar rejasini yuritish mumkin. Eng asosiysi, barcha qurilmalarda sinxron ishlaydi va siz istalgan joyda o‘z “ikkinchi miyangiz"ga ega bo‘lasiz.
Yuklab olish uchun: IOS | Android / MacOS | Windows
Ticktick
Navbatdagi ilova ham vazifalarni rejalashtiradi hamda kundalik ish unumdorligini oshirishga yordam beradi. Unda topshiriqlarni yozib borish, ularni tartiblash va eslatmalar qo‘yish juda qulay. Shunchaki “ertaga soat 19:00” deb yozsangiz kifoya — TickTick uni avtomatik jadvalga qo‘shadi. Vazifalarni alohida boʻlimlarga ajratib qo‘yish mumkin, masalan: o‘qish, ish, oila yoki shunchaki “me time”.
TickTick’ni boshqa ilovalardan ajratib turadigan jihati — undagi keng imkoniyatlar. Masalan, u to‘liq kalendarga ega: topshiriqlarning kun yoki soatlarini surib qo‘yish, Google Calendar yoki Outlook bilan sinxronlashtirish mumkin. Bundan tashqari, unda “habit tracker” ham bor: “har kuni 20 sahifa o‘qish” yoki “haftasiga 3 marta yugurish” kabi odatlarni kuzatish imkoni bor va alohida dastur yuklab olishga hojat qolmaydi.
Yana bir katta afzalligi — Pomodoro taymeri. 25 daqiqalik fokus sessiyalari orqali dars qilish yoki ishni bo‘lib bajarish osonlashadi. TickTick sizning qancha vaqt diqqat bilan ishlaganingizni ham hisoblab boradi, bu esa o‘qishga yoki loyiha bajarishga motivatsiya qo‘shadi. Ilova barcha qurilmalarda bir vaqtda sinxron ishlaydi: telefon, noutbuk, planshet yoki hatto smart watch’da ham. Guruh loyihalari uchun ro‘yxatlarni ulashish, vazifalarni bo‘lib olish va birgalikda nazorat qilish imkoniyati ham bor.
Yuklab olish uchun: IOS | Android / MacOS | Windows
Asana
Jamoaviy vazifalarni tashkil qilish uchun eng yaxshi platformalardan biri. Unda katta loyihalarni mayda vazifalarga bo‘lish, ularni guruh a’zolariga topshirish va jarayonni bosqichma-bosqich kuzatish mumkin. Masalan, biror kompaniya yangi mahsulot chiqarmoqchi bo‘lsa, Asana’da barcha bosqichlarni rejalashtirib, mas’ullarni belgilab, jarayonni umumiy “board” yoki “timeline"da ko‘rish oson.
Ilovaning asosiy kuchi — ko‘rinishlar turlicha bo‘lishi. Vazifalarni oddiy ro‘yxatda ko‘rishingiz mumkin, lekin Kanban board, kalendar yoki timeline ko‘rinishiga o‘tkazsangiz, loyiha yanada koʻrish yanada aniqlashadi. Bu ayniqsa kompaniyalar va startaplar uchun foydali: kim nima qilayotgani, qachon yakunlashi kerakligi aniq ko‘rinadi.
Asana’da avtomatlashtirish ham bor. Masalan, bir vazifa tugaganda avtomatik ravishda keyingi bosqich ochilishi yoki kimdadir yangi vazifa paydo bo‘lishi mumkin. Shuningdek, Slack, Google Drive, Zoom, va boshqa yuzlab xizmatlar bilan integratsiya qilinadi. Bu jamoaviy ishni ilovalar o‘rtasida yugurmasdan, yagona joyda yuritishga yordam beradi. Shaxsiy unumdorlik uchun ham ishlatish mumkin, lekin Asana ko‘proq jamoa loyihalari uchun mo‘ljallangan. Agar siz mustaqil ishlayotgan bo‘lsangiz, Todoist yoki TickTick qulayroq; lekin agar katta guruh bilan ishlayotgan bo‘lsangiz, Asana — eng yaxshi variant.
Yuklab olish uchun: IOS | Android / MacOS | Windows
Trello
Trello vazifalarni boshqarishda eng sodda vositalardan biri. U “Kanban board” tamoyiliga asoslangan: barcha ishlar stikerlar ko‘rinishida taxtaga joylanadi va ular jarayon bosqichlariga qarab ustunlarga ko‘chiriladi. Masalan, “To Do” → “In Progress” → “Done” kabi ustunlar yaratsangiz, vazifa qaysi bosqichda ekani vizual tarzda ko‘rinib turadi. Trello ko‘proq kichik jamoalar uchun qulay. Katta kompaniya uchun Asana kabi kengroq funksiyalar kerak bo‘lishi mumkin, lekin Trello kichik guruhlar va shaxsiy ishlarda juda samarali. Masalan, kundalik vazifalarni rejalashtirish, o‘qish jadvalini yuritish, yoki kichik startap loyihasini boshqarishda juda qulay.
Trelloʻning kuchli jihati — oddiylik va tez qoʻllash. Har qanday foydalanuvchi uni dastlabki daqiqalardan tushunib oladi. Biror jamoa yangi loyiha boshlasa, murakkab sozlamalarsiz, shunchaki kartochkalarni yaratadi va ustunlar bo‘yicha joylashtirib, ishlashni boshlayveradi.
Shuningdek, Trelloʻda Power-Ups (kengaytmalar) mavjud. Ular yordamida taxtaga kalendar qo‘shish, avtomatlashtirish, Google Drive, Slack yoki boshqa ilovalar bilan bog‘lash mumkin. Bu uni professional vositaga aylantiradi.
Yuklab olish uchun: IOS | Android / MacOS | Windows
