Samarqandda Beruniy nomidagi YUNESKO – O‘zbekiston xalqaro mukofoti g‘oliblari e’lon qilindi

6-noyabr kuni Samarqandda sun’iy idrok odob-axloqi sohasidagi tadqiqotlar bo‘yicha Beruniy nomidagi YUNESKO-O‘zbekiston xalqaro mukofoti sovrindorlari e’lon qilindi.
Mukofot O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan 2023-yilda ta’sis etilgan. Uning maqsadi — sun’iy intellektga axloqiy, inklyuziv va insonga yoʻnaltirilgan yondashuvlarni ishlab chiqishga qaratilgan ilmiy tadqiqotlarni qoʻllab-quvvatlashdir.

Birinchi laureatlar professor Virjilio Augusto Fernandes de Almeyda (Braziliya), professorlar Syuzan Perri va Klaudiya Roda (Fransiya), Sinhuauniversiteti (Xitoy) qoshidagi Xalqaro boshqaruv va sun’iy intellekt instituti olimlari Lan Xue, Zheng Liang va Qian Xiao bo‘ldilar.

Taqdirlash marosimi YUNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi doirasida bo‘lib o‘tdi. Tadbir munosabati bilan “The UNESCO Courier” jurnalining ingliz va o‘zbek tillarida buyuk olim Abu Rayhon Beruniy ilmiy merosiga bag‘ishlangan maxsus soni ham chop etildi. Nashr YUNESKO raqamli kutubxonasining bir qismiga aylanadi.