Coursera 3000 ta kursni o‘zbek tiliga tarjima qiladi

2025-yil oxirigacha Coursera onlayn ta’lim platformasi kurslari oʻzbek tiliga tarjima qilinishi rejalashtirilmoqda. Bu haqda Raqamali texnologiyalar vazirligi xabar berdi.
Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov AQShga xizmat safari davomida dunyodagi eng yirik onlayn ta’lim platformalaridan biri Coursera kompaniyasi rahbariyati bilan uchrashuv o‘tkazdi. Unda yagona milliy AT-ta'lim reyting tizimini yaratish, sertifikatlash jarayonlarini takomillashtirish va raqamli ta’lim ekotizimini mustahkamlash bo‘yicha qo‘shma tashabbuslar ham muhokama qilingan.
Shuningdek, Coursera tomonidan 2025-yil oxirigacha 3000 ta kursni o‘zbek tiliga tarjima qilish rejalashtirilgani ta’kidlangan. Bu tashabbus barcha uchun xalqaro sifatli ta’lim resurslaridan foydalana olishga kengroq imkoniyatini yaratadi.
Ma’lumot uchun, hozirda 1,5 milliondan ortiq o‘zbekistonlik foydalanuvchi Coursera platformasida onlayn ta’lim olmoqda. Platforma Google, AWS, Nvidia, Meta va Microsoft kabi yetakchi texnologiya kompaniyalari bilan hamkorlikda o‘quv dasturlarini ishlab chiqadi.