Ong ostiga sayohat: besh mashhur asar

Soʻnggi paytlarda oʻzbek kitobxonlari orasida ongosti oqimi namunalariga qiziqish ortmoqda, nashriyotlarda ham shu yoʻnalishdagi asarlar tarjima qilina boshladi. Xoʻsh, u qanday uslub? Ongosti oqimiga tegishli qaysi asarlar mavjud?
Ongosti oqimi — adabiyotda inson ongida kechadigan fikrlar, his-tuygʻular, xotiralarni tabiiy, tartibsiz oqimda tasvirlashga qaratilgan badiiy uslubdir. Bunda muallif voqealarni tashqi harakatlar orqali emas, balki qahramonning ichki ruhiy dunyosi orqali ochib beradi.
“Ongosti oqimi” atamasi dastlab psixolog Uyilyam Jeyms tomonidan qoʻllangan. U inson shuurini uzluksiz harakatda boʻlgan oqimga qiyoslaydi. Keyinchalik bu tushuncha modernist yozuvchilar tomonidan adabiyotga olib kirildi. Quyida ulardan beshtasi haqida toʻxtalib oʻtamiz.
Jeyms Joys. “Uliss”

Roman XX asr jahon adabiyotida ongosti oqimi uslubini eng yuksak, eng murakkab shaklda namoyon etgan asar hisoblanadi. 1922-yilda nashr etilgan bu roman modernist adabiyotning choʻqqisi sifatida eʼtirof etiladi va anʼanaviy roman tushunchasini tubdan oʻzgartiradi. Joys asarda voqealar yoki dramatik syujetni emas, balki inson ongida kechadigan kundalik fikrlar, his-tuygʻular va ichki harakatlarni markazga qoʻyadi. “Uliss” voqealari 1904-yilning 16-iyun sanasida Dublin shahrida kechadi. Joys til qoidalariga ham qatʼiy amal qilmaydi: jumlalar uziladi, punktuatsiya yoʻqoladi, fikrlar parchalangan holda beriladi. Bu uslub oʻquvchini qahramon ongi ichiga bevosita olib kiradi. Romanning markazida Leopold Blum obrazi turadi. U oddiy inson, anʼanaviy maʼnodagi qahramon emas. Biroq uning ongida kechadigan fikrlar, ikkilanishlar, qoʻrquvlar va orzular butun bir ichki olamni tashkil qiladi. “Uliss” ongosti oqimi uslubini faqat bir texnik vosita sifatida emas, balki insonni anglashning yangi badiiy usuli sifatida namoyon etgan asardir. U roman janrining chegaralarini kengaytirdi, inson ongini adabiyotning asosiy predmetiga aylantirdi va keyingi avlod yozuvchilari uchun yoʻl ochdi. Asar oʻzbek tiliga bir necha yil oldin Ibrohim Gʻofurov tomonidan tarjima qilingan.
Virjiniya Vulf. “Mayoq sari”

“Mayoq sari” romani XX asr modernist adabiyotida ongosti oqimi uslubini nozik, chuqur va estetik jihatdan mukammal tarzda namoyon etgan asarlardan biri hisoblanadi. 1927-yilda nashr etilgan bu roman tashqi voqealardan koʻra inson ongida kechadigan jarayonlarni, ichki his-tuygʻular va vaqtning subyektiv idrokini markazga qoʻyadi. Syujet juda sodda: Remzi oilasi va ularning mehmonlari Shotlandiya sohilidagi uyda dam olishadi, bolalar mayoqqa borishni orzu qiladilar. Ammo bu orzu uzoq vaqt amalga oshmaydi. Asar mazmuni aynan shu kechikkan sayohat atrofida qurilgandek tuyulsa-da, aslida roman inson ongida kechadigan fikrlar va vaqt bilan munosabat haqidadir. “Mayoq sari” ongosti oqimining klassik namunasi boʻlsa-da, u tartibsiz emas. Vulf uslubida muayyan muvozanat, lirik ritm va falsafiy teranlik bor. Asar oʻzbek tiliga Nodira Ibrohimova tomonidan tarjima qilingan va 2026-yilda chiqishi kutilmoqda.
Eduard Dyujardin. “Dafnalar kesildi”

Asar XIX asr oxirida yaratilgan boʻlsa-da, ongosti oqimi uslubining ilk va eng muhim manbalaridan biri sifatida eʼtirof etiladi. 1887-yilda nashr etilgan bu qisqa roman adabiyot tarixida uzoq vaqt kam eʼtibor berilgan, ammo keyinchalik modernist yozuvchilar, ayniqsa Jeyms Joys tomonidan yuqori baholangan. “Dafnalar kesildi” asarida voqealar tashqi jihatdan juda oddiy. Roman Parijda bir kecha davomida kechadi va qahramonning sevgan ayoli bilan uchrashuvi atrofida qurilgan. Biroq asarning asosiy mazmuni voqeada emas, balki qahramon ongida kechadigan fikrlar, kutilmalar, ikkilanishlar va his-tuygʻulardadir. Asar nomidagi “dafna” ramziy maʼnoga ega. Dafna gʻalaba va shon-sharaf timsoli boʻlsa, “kesilish” inson orzulari, muhabbat va umidlarining parchalanishini anglatadi. U XX asr modernist prozasi uchun yoʻl ochdi. Kitob oʻzbek tiliga Alisher Fayzullayev tomonidan tarjima qilingan va “Alp” nashriyotida kuni kecha nashrdan chiqdi.
Uyilyam Folkner. “Shovqin va gʻazab”

Roman XX asr modernist adabiyotida ongosti oqimi uslubini eng murakkab va fojiaviy shaklda ifoda etgan asarlardan biri hisoblanadi. 1929-yilda nashr etilgan. Muallif Komsonlar oilasining tanazzulini tasvirlaydi. Asar toʻrt qismdan iborat boʻlib, har bir qismi turli nuqtai nazardan berilgan. Folkner romanda vaqtni chiziqli emas, balki parchalangan holda tasvirlaydi. Asarning nomi Shekspirning “Makbet” asaridagi mashhur iboraga ishora qiladi va hayotning maʼnosizligi, shovqin va gʻazabdan iborat ekanini ramziy tarzda anglatadi. “Shovqin va gʻazab” ongosti oqimi uslubini inson tanazzuli, xotira va vaqt muammolarini ochib berishda qudratli vositaga aylantirgan asardir. Uyilyam Folkner bu roman orqali inson ongining parchalangan tabiatini fojiaviy kuch bilan ifodaladi va modernist adabiyotning eng murakkab, eng chuqur asarlaridan birini yaratdi. Asar hali oʻzbek tiliga tarjima qilinmagan.
Marsel Prust. “Yoʻqotilgan vaqtni izlab”

Koʻp jildli roman XX asr adabiyotida inson ongi, xotira va vaqt muammosini eng chuqur va nozik tarzda tadqiq etgan asarlardan biri hisoblanadi. 1913−1927-yillar oraligʻida yaratilgan bu ulkan epik asar toza maʼnoda ongosti oqimi emas, ammo u mazkur uslubning falsafiy va psixologik ildizlarini eng teran shaklda ochib bergan. Shu bois Prust koʻpincha ongosti oqimining eng muhim peshqadamlaridan biri sifatida tilga olinadi. Prust romanida tashqi voqealar ikkinchi darajali ahamiyatga ega. Asarning markazida inson ongida kechadigan xotiralar, his-tuygʻular, oʻtmish tajribasining hozirgi onga qaytib kirishi turadi. Prust uchun vaqt yoʻqotiladigan, ammo xotira orqali qayta topiladigan hodisadir. Asar oʻzbek tiliga oʻgirilganicha yoʻq.
Ongosti oqimi uslubining namunalari oʻzbek kitob doʻkonlariga kirib kelishi nafaqat zamonaviy asarlarning mazmuniy va uslubiy xilma-xilligini oshiradi, balki oʻquvchini inson ongi va uning ichki harakatlari haqida fikr yuritishga chorlaydi. Ushbu uslubning rivojlanishi kelgusida oʻzbek romanchiligida ham yangi tajribalar va uslubiy imkoniyatlarni ochishi shubhasiz.