O‘zbekiston FinTech Assotsiatsiyasi AQShda to‘liq grant asosidagi ta’lim dasturiga qabul e’lon qildi

E’lon qilingan sana· 93
O‘zbekiston FinTech Assotsiatsiyasi AQShda to‘liq grant asosidagi ta’lim dasturiga qabul e’lon qildi

O‘zbekiston FinTech Assotsiatsiyasi AQShda to‘liq grant asosida 4 yillik bakalavr ta’limini olish imkonini beruvchi yangi xalqaro ta’lim dasturi boshlanganini e’lon qildi. Dastur doirasida iqtidorli yosh O‘zbekiston fuqarolari moliyaviy texnologiyalar va raqamli iqtisodiyot sohalarida yuqori sifatli ta’lim olish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Dastur bilan hamkorlikda hamda Stirling Foundation ko‘magida amalga oshirilmoqda. Tashabbus fintech, sun’iy intellekt, kiberxavfsizlik, dasturiy injiniring va raqamli kommunikatsiyalar yo‘nalishlarida yangi avlod mutaxassislarini tayyorlashga qaratilgan.

Ta’lim AQShda kunduzgi (offline) shaklda olib boriladi va 4 yil, ya’ni 8 semestrgacha davom etadi. Grant o‘qish va o‘quv materiallari xarajatlarining 100 foizigacha qismini qoplaydi. Bundan tashqari, birinchi yil davomida yashash xarajatlari uchun oylik stipendiya ajratiladi. 2026 yil kuzgi semestr (Fall 2026) uchun O‘zbekiston fuqarolari uchun 2 ta kvota ajratilgan. Arizalar 2026 yil 15 martga qadar qabul qilinadi.

Brigham Young University-Idaho AQShning nufuzli xususiy universitetlaridan biri bo‘lib, kuchli akademik standartlari va amaliyotga yo‘naltirilgan ta’lim modeli bilan tanilgan. Universitet texnologiya va moliya sohalari uchun yetakchi mutaxassislarni tayyorlashga alohida e’tibor qaratadi. The Wall Street Journal ma’lumotlariga ko‘ra, BYU-Idaho ta’lim sifati, diplom qiymati va bitiruvchilarning karyera natijalari bo‘yicha Aydaho va Yuta shtatlaridagi ko‘plab universitetlardan yuqori ko‘rsatkichlarga ega.

Talabalar Computer Science, Software Engineering, Web Design & Development, Financial Economics, Virtual Design & Construction, Graphic Design (UX/UI yoki Branding & Identity yo‘nalishlari) hamda Communication kabi bakalavr dasturlaridan birini tanlashlari mumkin. O‘qish jarayoni loyiha asosidagi ta’lim, amaliyot dasturlari va AQSh ish beruvchilari ishtirokidagi karyera yarmarkalarini o‘z ichiga oladi. STEM yo‘nalishlari bitiruvchilari Optional Practical Training (OPT) dasturi orqali AQShda 3 yilgacha rasmiy ishlash imkoniyatiga ega bo‘ladilar.

Dastur O‘zbekiston uchun strategik ahamiyatga ega. Grant sohiblari ta’limni tamomlagach, kamida 2 yil davomida O‘zbekistonga qaytib, fintech, sun’iy intellekt, kiberxavfsizlik va bank sohasi kabi muhim tarmoqlarda o‘z bilim va xalqaro tajribalarini qo‘llashlari shart. Kutilishicha, bitiruvchilar ilg‘or texnik ko‘nikmalar, yuqori darajadagi ingliz tili bilimi va xalqaro ish tajribasini mamlakat iqtisodiyotiga olib kiradilar.

Dasturda 16 yoshdan 22 yoshgacha bo‘lgan, 11-sinfda tahsil olayotgan yoki unga tenglashtirilgan ma’lumotga ega O‘zbekiston fuqarolari ishtirok etishlari mumkin. Grantni saqlab qolish uchun kamida 3.0 GPA (83−86%) ko‘rsatkichiga ega bo‘lish talab etiladi. Nomzodlar TOEFL imtihonini muvaffaqiyatli topshirishlari kerak bo‘lib, birinchi imtihon xarajatlari fond tomonidan qoplanadi. Tanlov mezonlari orasida akademik motivatsiya, yetakchilik salohiyati va o‘qishni tugatgach O‘zbekistonga qaytish majburiyati mavjud.

Ariza topshirish tartibi va to‘liq shartlar haqida batafsil ma’lumotni quyidagi havola orqali olish mumkin.

Mazkur tashabbus O‘zbekistonning global raqamli iqtisodiyotdagi o‘rnini mustahkamlashga xizmat qiladigan, yuqori malakali mutaxassislar avlodini shakllantirish yo‘lidagi muhim qadam sifatida baholanmoqda.

Reklama huquqlari asosida.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling