"Sugʻdiyona", "18-kvadrat", "Sevgi sharbati": Tohir Saidov rol ijro etgan 10 ta film

E’lon qilingan sana· 855
"Sugʻdiyona", "18-kvadrat", "Sevgi sharbati": Tohir Saidov rol ijro etgan 10 ta film

O‘zbek kinosi so‘nggi yillarda yangi nomlar bilan boyimoqda. Lekin uzoq vaqtdan beri ekranda koʻrinish berib kelayotgan va oʻz rollarini maromiga yetkazib ijro etadigan katta aktyorlar ham mavjud. 2025-yilda Oʻzbekiston Xalq artisti mukofoti bilan taqdirlangan Tohir Saidovni ham shunday ta’riflash mumkin.

Afisha.uz quyida Tohir Saidov rol ijro etgan filmlar haqida ma’lumot beradi.

“Sugʻdiyona”

2006-yilda suratga olingan “Sugʻdiyona” filmi rejissyori Bahrom Yoqubov hisoblanadi. Unda Tohir Saidov bosh qahramon Sugʻdiyonaning oʻgay otasi rolini ijro etadi.

Badavlat oilaning oʼgʼli Rustam ruhiy xastalikka chalingan. Badavlat otasi uni davolatish uchun eng yaxshi psixiatrni olib keladi. Ular kasalxonada Rustamda kasallik xuruji tutgan vaqtga yetib kelishadi. Psixiatr Rustam bilan yolgʼiz qolib, suhbatlasha boshlaydi. Suhbat davomida Rustamni oʼz sevgan qizi Sugʼdiyona va uning oʼgay otasini oʼldirganli maʼlum boʼladi.

Filmni tomosha qilish.


“18-kvadrat”

Tohir Saidov keyinchalik yana bir qator filmlarda rol ijro etgan, biroq uning navbatdagi katta roli “18-kvadrat” kinokartinasiga toʻgʻri keladi. Jahongir Qosimov hamda Ahmadjon Unarboyev rejissyorligida, Murod Muhammad Doʻst ssenariysi asosida suratga olingan film oʻz davrida katta mashhurlikka erishgan.

U oʻqituvchi boʻlishni orzu qilardi, lekin armiyaga Afgʻonistonga borishga toʻgʻri keldi. Keyin esa Jazoyirga xizmatga ketdi. Keyin taqdir taqozosi bilan jinoyat qidiruv bo‘limida ishlay boshladi. Nimadandir ko‘ngli to‘lmadi, hayotda o‘z oʻrnini topa olmadi. Kutilmaganda tog‘li joylardan birida terrorchilar paydo bo‘ladi va qahramonimiz Tosh (Said Muxtorov) o‘zi bilan yosh serjant Ziyodovni (Javohir Qosimov) olib o‘sha yerga ketadi.

Filmni tomosha qilish.


“Chavandoz”

Tohir Saidov ba’zi filmlarda salbiy personajlarni maromiga yetkazib gavdalantirgani bilan ham ajralib turadi. Buni 2007-yilda premyera qilingan “Chavandoz” filmida ham koʻrish mumkin.

Oʻgʻil farzand tug‘ilishi sharafiga “ko‘pkari” xalq o‘yinini o‘tkazish an’anasi mavjud. Chavandoz Toshmurod ko‘pkari o‘yini fonida o‘ziga xos insoniy xarakteri bilan namoyon bo‘ladi. Toshmurodning bolalikdagi do‘sti Beshim uloqda dushman va raqib bo‘lib, uni sevimli otidan mahrum qiladi. Razillik va xiyonatga qarshi kurash boshlanadi.

Filmni tomosha qilish.


“Suv yoqalab”

Erkin A’zam qalamiga mansub asar asosida suratga olingan va bir necha xalqaro musobaqalarda gʻolib boʻlgan kinokartinaga Jahongir Qosimov rejissyorlik qilgan. Filmda Tohir Saidov bosh qahramonning (Erkin Komilov) farzandlaridan biri rolini ijro etgan.

Sobiq kolxoz raisi, oliyjanob qariya bogʻini sugʻorishga qaror qiladi. U ikki oʻgʻli bilan daryo suvini burish uchun sugʻoriladigan ariq qurishni boshlaydi. Qariya suvni qishloqdoshlari oʻrtasida adolatli taqsimlashga harakat qiladi, ariq esa yoʻl boʻyidagi qoʻshnilarning bogʻlarini boyitadi. Kun oʻtadi, lekin suv uning bogʻiga yetib bormaydi.

Filmni tomosha qilish.


“Majruh”

2010-yillarda oʻzbek kinosi bir faqat mavzu atrofida aylanib qolgan, degan fikr mavjud. Lekin mana shu klishega aylangan mavzularda ham yaxshi kinokartinalar suratga olingan. Ularning biri rejissyor Bahrom Yoqubovning “Majruh” kinosidir. Tohir Saidov unda bosh qahramon Farruxning togʻasi rolini ijro etgan.

Sevara badavlat xonadonning qizi boʼlib, qayligʼi Tohir uni juda sevardi. Аmmo, u saratonga chalinib, oʼlimi yaqinligi aniq boʼlgach, Tohir unga uylanishdan voz kechadi. Sevara buni bilgach, dard bilan olishib soʼngandan koʼra, oʼz joniga qasd qilmoqchi boʼladi. Shunda uni Farrux bu yoʼldan qaytaradi. Farrux soddaligi tufayli, tushunmovchilik boʼlib, jinoyatga aralashib qolib, qamalib chiqqan, avval bankda ishlagan yigit edi. U kelishuv asosida Sevaraga uylanadi. Chunki, Sevara oʼlimi oldidan oʼz toʼyini koʼrgisi kelayotgandi. Farruxga esa, uni qoʼllab-quvvatlaydigan badavlat qaynota zarur edi.

Filmni tomosha qilish.


“Sehrli qalpoqcha” (1−2 qismlar)

Tohir Saidov bolalar filmlarida ham rol ijro etgan. Sarvar Karimovning “Sehrli qalpoqcha” filmida u bosh qahramon Hoshimjon Roʻziyevning otasi sifatida gavdalanadi.

Film Xudoyberdi Toʻxtaboyevning asari asosida ishlangan boʻlib, sehrli qalpoqcha topib olgan va u bilan orzusidagi ishlarni amalga oshirmoqchi boʻlgan bola haqida hikoya qilinadi.

Filmni tomosha qilish.


“Matonat”

Tohir Saidov ushbu filmda ham Boir Holmirzayev bilan duetda ishlagan. Kinokartina ssenaristi va rejissyori Gʻiyos Shermuhammedov hisoblanadi. Unda bojxonadan noqonuniy yuk olib oʻtishga harakat qilayotgan jinoyatchilar va ularga qarshi turuvchi davlat xodimlari haqida hikoya qilinadi.

Mayor Davron Tangirov oʻz kasbiga, burchiga sodiq inson boʻlib, chegaradan taqiqlangan yukni olib oʻtayotganlarning iziga tushadi. Ulardan biri Sanjar bo‘lib, mayorning shogirdi Oʻrozboy uning kuyovi edi. Oʻrozboy ham burchiga sodiq yigit boʻlib, Sanjarga qarshilik koʻrsatmoqchi boʻladi. Hatto haydovchi ham bunday yukni olib borishga qarshilik qiladi.

Filmni tomosha qilish.


“Ilhaq”

Rejissyor Jahongir Ahmedov tomonidan suratga olingan va 2020-yilda premyera qilingan “Ilhaq” filmi Ikkinchi jahon urushi vaqtida oddiy oʻzbek xonadonida nimalar yuz bergani haqida hikoya qiladi. Tohir Saidov unda asosiy rollardan birini ijro etgan.

Zulfiya barcha o‘g‘illarini urushga jo‘natadi, ammo ularning barchasi halok bo‘ladi. Ularning to‘rt nafaridan keyinchalik turmushga chiqmagan xotinlar qoldi. Ayol umrining oxirigacha qora xat olgan bo‘lsa-da, farzandlari qaytib kelishiga umid qiladi.

Filmni tomosha qilish.


“Amir Bahodir Yalangtoʻsh”

Soʻnggi yillarda oʻzbek kinosida tarixiy filmlar toʻlqini boshlandi. Ularning birinchisi XVI asrda tugʻilgan Bahodir Yalangtoʻsh haqida boʻlgan. Tohir Saidov bu filmda Abdurahmon devonbegi obrazini gavdalantirgan.

Filmda Registon majmuasi bunyodkori, Samarqandga hokimlik qilgan sarkarda Bahodir Yalangtoʻshning hayot yoʻli va faoliyati hikoya qilinadi.

Filmni tomosha qilish.


“Sevgi sharbati”

Aktyorning hozircha soʻnggi ishlaridan biri Sarvar Karimovning “Sevgi sharbati” filmiga toʻgʻri keladi. Unda Tohir Saidov Gulchehra Nosirova bilan tandemda bosh qahramonning otasi rolini ijro etgan.

Yosh kimyogar talaba dunyodagi barcha qizlarning qalbini rom etadigan “sevgi sharbati"ni yaratishni orzu qiladi. Lekin omadsiz tajriba natijasida kutilmagan hodisa yuz berib, uning taqdirini hech qachon tasavvur qilmagan tomonga burib yuboradi.

Afisha.uz'da oldinroq ushbu filmga taqriz e’lon qilingandi.

Filmni tomosha qilish.

Azimbek Xushmamatov
Muallif
Azimbek Xushmamatov

Oʻzbekcha "Substansiya": Sarvar Karimovning yangi "Sevgi sharbati" filmiga sharh

Milliy kino san’ati saroyida 2-oktyabr kuni rejissyor Sarvar Karimovning yangi “Sevgi sharbati” nomli komediya janridagi filmi premyera qilindi. Afisha.uz muxbiri ham ushbu premyerada qatnashdi va quyida shu haqda soʻz boradi.

Saida Rametova, Karim Mirhodiyev va Tohir Saidov "O‘zbekiston Respublikasi xalq artisti" unvoni bilan taqdirlandi

Prezident mustaqillikning 34 yilligi munosabati bilan bir qator ijodkorlarni taqdirladi. Unga koʻra, aktrisa Saida Rametova, Karim Mirhodiyev va Tohir Saidovlar "O‘zbekiston Respublikasi xalq artisti" faxriy unvoni bilan taqdirlandi. Shuningdek, sohaning boshqa taniqli vakillari ham turli mukofotlar qabul qilib oladigan boʻldi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
"Sugʻdiyona", "18-kvadrat", "Sevgi sharbati": Tohir Saidov rol ijro etgan 10 ta film — Toshkent Afishasi