Qaroqchilikdan shokolad fabrikasigacha: Jonni Depp ijrosidagi gʻayrioddiy qahramonlar

Gollivudning “xamelyon aktyori” deganda birinchi bo‘lib xayolga keladigan ism — bu, albatta, Jonni Depp. U faoliyati davomida shunchalik ko‘p va turli qiyofalarni gavdalantirganki, faqatgina uning personajlaridan iborat kospley festivalini o‘tkazish ham mumkin.
Jonni Deppning kino olamiga kirib kelishida aktyor Nikolas Keyjning hissasi katta bo‘lganini aytsak, mubolag‘a bo‘lmaydi. Aynan Nikolas Keyj unga aktyorlikni sinab ko‘rishni taklif qilgan. O‘sha paytda Jonni telefon qo‘ng‘iroqlari orqali ruchka sotib yurgan edi. Bu haqda u intervyularidan birida so‘zlab bergan.
Shundan keyin Depp o‘zining ilk rolini “Nightmare on Elm Street” filmida ijro etadi. Biroq bu qo‘rqinchli film unga katta mashhurlik olib kelmagan. Oradan ko‘p vaqt o‘tmay, u bir yil ichida ikkita yirik loyihada qatnashadi: Jon Vatersning “Cry-Baby” filmi va Tim Bortonning “Edward Scissorhands” kartinasida bosh qahramon sifatida namoyon bo‘ladi. Aynan shu rollar Deppning haqiqiy yulduzga aylanishiga sabab bo‘lgan. “Edward Scissorhands” filmidagi Edvard roliga Bred Pitt, Jim Kerri va Robert Dauni Junior kabi nomzodlar ham ko‘rilgan, biroq yakunda Depp tasdiqlangan. Bu film nafaqat unga katta mashhurlik olib keladi, balki uning “Golden Globe” mukofotiga nominatsiyasi qoʻyiladi.
Aynan shu film orqali Tim Byorton va Jonni Depp o‘rtasida mustahkam do‘stlik hamda samarali ijodiy hamkorlik yo‘li boshlanadi. Byortonning oʻzgacha uslubi va fentezi janridagi loyihalari Deppning aktyorlik qobiliyati bilan uyg‘unlashib, kino olamida qator yorqin filmlar yaratilgan. Endi ularning eng mashhur hamkorliklarini ko‘rib chiqamiz.
Edward Scissorhands

Tim Byortonning eng mashhur filmlaridan biri bo‘lgan “Edward Scissorhands” Jonni Deppning butun faoliyatida burilish yasagan asardir. Depp bu filmda qo‘llari o‘rniga qaychilar o‘rnatilgan, sokin va juda nozik qalbli Edvard obrazini gavdalantiradi. Uning qiyofasi g‘ayrioddiy bo‘lsa-da, xarakteri nihoyatda samimiy va insoniy.
Edvard jamiyatga moslashishga urinarkan, film tashqi ko‘rinish va ichki dunyo o‘rtasidagi tafovut, qabul qilish va mehr mavzularini nozik tarzda ochib beradi. Deppning ovozsiz mimikaga boy, hissiyotga to‘la ijrosi ushbu obrazni kino tarixidagi eng esda qolarli va ta’sirchan qahramonlardan biriga aylantirgan.
Charlie and Chocolate Factory

Tim Byorton tomonidan suratga olingan ushbu film Villi Vonkaning ushbu talqini hamma davr uchun eng mashhuri va muxlisi eng koʻpi ekanligiga hech qanday shubha boʻlmasa kerak. Britaniyalik yozuvchi Roald Dalning romani asosida ishlangan “Charli va Shokolad Fabrikasi” Tim Byorton va Jonni Depp faoliyatida katta muvaffaqiyat olib kelgan. Filmdagi ranglar, muhit va aktyor ijrosi atrofdagi reallikni unutib filmga shoʻngish imkonini beradi.
Qiziqarli fakt, filmdagi bosh rol Villi Vonka obrazini Dveyn Jonson ijrosida tassavur qilolasizmi? Chunki ushbu rolga nomzodlar orasida u ham boʻlgan.
Alice in Wonderland

Byortonning navbatdagi gotik uslubdagi fentezi filmi Lyuis Kerrolning klassik asariga zamonaviy hamda jonli talqinni yaratadi. Film yorqin ranglar va g‘aroyib vizual obyektlar bilan to‘la. Unda Jonni Depp, Miya Vashikovska bosh rollarni ijro etishgan. Alisa obraziga Jenifer Lourens va Kara Delevin kabi nomzodlar ham bo‘lgan. Ammo telba shlyapadoʻz roliga Jonni Deppdan boshqa hech kim mos kelmasligini rejissyorning oʻzi ta’kidlagan. Bu filmdagi Deppning obrazi ham gʻayrioddiy va bir vaqtning oʻzida insonda quvonch hamda gʻamginlik hissini uygʻota oladi.
Sleppy Hollow

Bu film tepadagilardan faqrli ravishda ancha qoʻrqinchli, Byortonning oʻz uslubida desak ham boʻladi. Bu yerda Depp tanib boʻlmas koʻrinishda emas ammo oʻzi xos tomonlari mavjud. Fildagi muhit, ranglar va qahramonlar kiyimlari tomoshabinni oʻziga jalb qilib oʻzga bir olamga olib kiradi.
Syujet Ikabod Kreyn (Jonni Depp) ismli Nyu-York politsiya detektiviga qaratiladi. Zamonaviy ilm-fanni qadrlaydigan, mantiqqa tayanadigan Kreyn kichik “Sleepy Hollow” qishlog‘ida sodir bo‘lgan g‘ayritabiiy boshsiz qotilliklarni tergov qilish uchun yuboriladi. Qishloq aholisi bu jinoyatlarning ortida afsonaviy “Boshsiz Chavandoz” turibdi, deb hisoblaydi. U tergov davomida Katrina Van Tassel bilan tanishadi va qishloqning sirli, zulmatga botgan o‘tmishi bilan yuzlashadi. Hodisalar chuqurlashgan sari, mantiq izlashga urinayotgan Ikabod ham afsonalarning haqiqatga yaqinligini tan olishga majbur bo‘ladi.
Corpse Bride

Tim Byorton “Charlie and the Chocolate Factory” ustida ishlayotgan chog‘ida, ayni paytda “Corpse Bride” animatsion filmini ham suratga olgan. Stop-motion texnikasida yaratilgan bu kartinada Jonni Dep Viktorian davrida yashovchi, uylanish arafasidagi yigit Viktor rolini ovozlantiradi. Uning kelini — Viktoriya obraziga Emili Uotson ovoz bergan. Rejissyorlikni Tim Borton Mayk Jonson bilan birgalikda olib borgan.
To‘y mashg‘ulotlari chog‘ida yuzaga kelgan noqulay vaziyatlar ketma-ketligidan so‘ng Viktor o‘rmon tomon qochadi va ertangi marosimga tayyorlanish maqsadida nikoh qasamyodini mashq qila boshlaydi. U uzukni bir ildizga taqadi, biroq bu oddiy daraxt ildizi emas — balki marhuma qiz Emiliyning barmog‘i ekani ma’lum bo‘ladi. Shu tariqa Viktor o‘zini g‘ayritabiiy olam boʻlgan marhumlar dunyosida topadi. U Emili bilan bu olamning qonun-qoidalariga moslashishga majbur bo‘ladi, shu bilan birga, tirik dunyoda Viktoriya o‘zga birovga majburan uzatilmasligi uchun vaqtga qarshi kurashadi.
Animatsion filmni tomosha qilish.
Jonni Deppni boshqa rejissyorlar ham eng gʻayrioddiy va rang-barang obrazlarda koʻrishgan. Aktyorning takrorlanmas va oʻziga xos obrazlari haqida gaplashamiz.
Pirates of The Carribean

Jonni Depni butun dunyoga tanitgan Jek Chittak obrazi uning karyerasidagi xazinaga aylangan. U o‘zining g‘alati ohangi, o‘ziga xos yurishlari, keskin hazillari bilan zamonaviy kino tarixidagi eng tanilgan qahramonlardan biriga aylandi. Film Walt Disney tomonidan ishlab chiqarilgan bo‘lib, aslida tematik attraksion bog' asosida yaratilgan.
Gor Verbinskiy rejissorligidagi film jahon kino olamida sarguzasht, komediya va fantastika elementlarining mutanosib uyg‘unligi millionlab tomoshabinlarni o‘ziga jalb qildi. Jonni Depning Jek Chittak obrazi tanqidchilar tomonidan yuqori baholanib, hatto unga “Oskar” nominatsiyasini olib kelgan. Film muvaffaqiyatga erishgandan soʻng uni davomiy qismlari ham chiqarilgan. Barcha filmlar: Pirates of the Caribbean: The Curse of the Black Pearl (2003), Pirates of the Caribbean: Dead Man’s Chest (2006), Pirates of the Caribbean: At World’s End (2007), Pirates of the Caribbean: On Stranger Tides (2011), Pirates of the Caribbean: Dead Men Tell No Tales (2017). “Karib dengizi qarochilari” filmining oltinchi qismi suratga olinishi va Jonni Depning oʻzining afsonaviy roliga qaytishi haqida avvalroq xabar bergan edik.
Rango

“Oskar” mukofotiga sazovor bo‘lgan ushbu animatsion filmda Jonni Dep Rango ismli buqalamunga ovoz beradi. Chang bosgan cho‘l shaharchasida kutilmagan tarzda qahramonga aylangan Rango Deppning jonli, quvnoq va xarakterga boy ovoz ijrosi bilan tomoshabinni o‘ziga rom etadi. Uning ovozlantirishdagi nozik o‘yinlari Rango obrazini nafaqat kulgili, balki nihoyatda yoqimli qilgan.
Fantastic Beasts and Where to Find Them

J.K. Rowling yaratgan sehrli olamga qaytish bo‘lgan ushbu film “Harry Potter” voqealaridan oldin sodir bo‘ladi. Film vizual effektlari, jonzotlar dizayni va o‘ziga xos sehrli atmosferasi bilan tanqidchilar va tomoshabinlar tomonidan ijobiy kutib olingan. Filmning kulminatsion sahnasida esa katta syurpriz sifatida Gellert Grindelvaldning asl qiyofasi ochiladi. Aynan shu yerda Jonni Dep ilk bor ko‘rinish beradi. Uning qisqa paydo bo‘lishi ham kelgusi filmlar uchun muhim burilish nuqtasiga aylanadi. “Fantastic Beasts and Where to Find Them” dunyo bo‘ylab 814 million dollar daromad qilib, yangi franchayzaning muvaffaqiyatli boshlanishiga aylandi. Film 2017-yilda “Eng yaxshi kostyumlar” nominatsiyasida Oskar mukofotini ham qo‘lga kiritgan.
The Art of the Deal: The Movie

Funny or Die tomonidan yaratilgan ushbu parodiya filmi mashhur biznesman va hozirgi AQSH prezidenti Donald Trampning hayotiga hazilomuz nazar tashlaydi. Film televizion biografiya ko‘rinishida tasvirlanib, go‘yoki 1980-yillarda suratga olingan “yo‘qolgan” TV-maxsus dasturi sifatida taqdim etiladi. Jonni Depp filmda Donald Tramp obraziga kirib, uning ohangini, nutq uslubini, hatto tana harakatlarini ham ajoyib darajada parodiya qiladi. Deppning transformatsiyasi shu qadar mukammalki, ko‘plab tomoshabinlar uni dastlab tanimagan ham. Grim, bo‘yanish va xarakterning chuqur talqini filmning asosiy kulminatsiyaga aylangan.
Filmning syujeti “The Art of the Deal” kitobidan ilhomlanib, Trampning o‘sha davrdagi biznes bitimlari, o‘ziga xos xarakteri va dabdabali hayotini kulgili bo‘rttirishlar orqali ko‘rsatadi. Rejissyor Jeren Xess animatsion segmentlar, 80-yillarga xos vizuallar va qasddan arzonroq ko‘ringan sahna bezaklari orqali komediyaning parodiya ruhini yanada kuchaytirgan.
Jonni Deppning eng yaxshi filmlarini ko‘zdan kechirar ekanmiz, uning aktyorlik doirasi cheksiz ekaniga ishonch hosil qilamiz. Drama, fantaziya, kriminal, sarguzasht — qaysi janrda bo‘lmasin, u har safar o‘ziga xos, unutilmas obrazlar yarata olgan. Har bir filmi Deppning ijodiy jasorati, o‘ziga xosligi va betakror ijrosining yana bir dalili hisoblanadi. Ana shu sababdan ham Jonni Depp filmlari ko‘p yillardan beri tomoshabinlar qalbida o‘chmas iz qoldirib kelmoqda.