Uzoq tanaffusdan soʻng "Ummon" guruhi yana konsert beradi

Uzoq tanaffusdan soʻng 2010-yillarda katta mashhurlikka erishgan “Ummon” guruhi yana konsert beradi. Bu haqda Iticket.uz'ning Instagram sahifasida xabar berildi.
Qayd etilishicha, konsert Humo Arenada boʻlib oʻtadi. Ammo uning sanasi haqida ma’lumot berilmagan. Konsert haqidagi postga guruhning “Sogʻinganim mani” qoʻshigʻi biritiktirilgan.
Ma’lumot uchun, guruhning birinchi konserti 2010-yil 18-sentabrda “Turkiston” yozgi saroyida boʻlib oʻtgan. Soʻnggi konsert esa 2016-yilda oʻtkazilgan.
2018-yilning yoziga kelib esa Zohid guruhni tark etdi, ikki kishi Jasur va Shohrux shu nom ostida chiqishni davom ettirdi, ammo bu ham uzoqqa choʻzilmadi — 2019-yilda guruh butunlay parchalandi. Shundan keyin guruh a’zolari yakkaxon ijod qilishni boshladi.
Shuningdek, 2022-yilning 30-sentyabrida solist Zohid Rixsiyev yo‘l transport hodisasiga uchragan. O‘sha paytda Zohid jonlantirish bo‘limiga tushib qolgan. 2025-yilga kelibgina endi-endi ommaviy chiqishlarda qatnashishni boshladi, shunda ham o‘tirgan holda qo‘shiq kuylamoqda. 14-noyabr kuni esa guruhning boshqa bir aʼzosi Jasur Rapikov saraton kasalligi oqibatida vafot etgandi.
Avvalroq Afisha.uz “Hafta artisti” ruknida “Ummon” guruhining ijodiy yoʻli haqida batafsil maqola e’lon qilingandi.