"Amir Temur rolini o‘ynash men uchun katta sharaf": aktyor Kristian Mortensen bilan intervyu

2-aprel kuni Oʻzbekiston va yana boshqa koʻplab davlatlarda amerikalik ijodkorlar tomonidan suratga olingan “Amir Temur” filmining namoyishi boshlandi. Unda bosh rolni “NCIS: Los Angeles” serialidagi roli bilan tanilgan Kristian Mortensen ijro etdi.
Afisha.uz Oʻzbekiston va dunyo uchun muhim tarixiy shaxs sanaladigan Amir Temurni ekranda gavdalantirgan aktyordan intervyu oldi. Unda Mortensen rolga qanday tayyorgarlik koʻrgani, suratga olish jarayonlari, Oʻzbekiston haqidagi fikrlari va boshqa mavzularda oʻz fikrlarini bildirdi.

Film haqida qisqacha gapirib bersangiz. Kino ustida ishlar qachon boshlangan?
— Bu film ustida biz 2019-yilda ishlay boshlaganmiz. Mening ijodiy hamkorim Jeykob (film rejissyori) bilan 20 yildan beri tanishmiz. Birga turli loyihalarda ishlaganmiz: qisqa metrajli filmlar, boshqa kinolar va hokazo. U 2019-yilda bu yerga kelgan, rus tilida ravon gapiradi. Operator sifatida landshaftlarni suratga olayotgandi. Keyin menga qo‘ng‘iroq qilib, “Biz O‘zbekistonda suratga olishimiz kerak, u yer juda chiroyli. Biror hikoya top”, — dedi.
Men uchun bu juda oson bo‘ldi. Men avvaldan Amir Temurni bilardim. Shuning uchun ssenariyning dastlabki variantini yozdim va Behruz (Hamzayev, film ijrochi prodyuseri — tahr.) bilan birga moliyalashtirish masalasida ishladik. Bu juda katta sayohat, ajoyib tajriba bo‘ldi. Aslida 2020-yilda suratga olishni boshlamoqchi edik, lekin COVID chiqib qoldi. Amir Temur rolini o‘ynash men uchun katta sharaf. U juda murakkab shaxs: daho, madaniyatli, diplomat, shu bilan birga jangchi. Aktyor sifatida bunday obrazni ijro etish — bu orzu.
Filmda ham aktyor, ham prodyuser sifatida ishlagansiz, shu haqda gapirsangiz.
— Agar bir nechta vazifang bo‘lsa, ularni ajratishni bilishing kerak. Yaʼni qachon qaysi ishni qilayotganingni bilishing kerak. Men suratga olishdan oldin, pre-prodakshn davrida, aktyorlar tanlashda, moliyalashtirishda, ssenariy yozishda yordam berdim.
Lekin suratga olish boshlangach, men faqat aktyorman. Hammasini chetga suraman, faqat asosiy masalalar qoladi. Qanday qilib Temurni haqqoniy ko‘rsataman? Qanday qilib uning hissiyotlarini tuyaman? Va uni hurmat qiladigan odamlar oldida qanday ijro etaman? Shunday ekan, suratga olish boshlanishi bilan boshqa hamma ishlar yo‘q bo‘ladi va faqat aktyorlikka e’tibor qaratasan.

Amir Temurni ochib berish uchun qanday ruhiy va jismoniy tayyorgarliklar kerak bo‘ldi?
— Qo‘ldan kelgancha eng yaxshi tayyorgarlikni ko‘rishga harakat qiladi odam. Jismoniy tomondan, u o‘z davrida ko‘pchilikdan kattaroq, baquvvatroq odam bo‘lgan. Men hozir undan ancha kattaroqman, lekin ayni vaqtda odamlarning o‘zi ham ancha yiriklashgan. Men uchun tryuklarni o‘zim bajarish, sahnalarda jismoniy faol bo‘lish juda muhim edi. Men 43 yoshdaman. Tanam endi avvalgidek harakat qilmaydi.
Shuning uchun mashg‘ulotlar — og‘ir atletika, jangovar tayyorgarlik — juda katta rol o‘ynadi. Men bir oy davomida Olma-otada “Nomad Stunt Team” bilan yashadim. Bundan tashqari, men ot minishni bilardim, shuning uchun bu yangilik boʻlmadi. Men har doim jismoniy faol bo‘lganman: sport bilan shug‘ullanganman — Amerika futboli, basketbol, va sokker (ko‘pchilik bu yerda futbol deb ataydigan sport) o‘ynaganman.
Jismoniy tayyorgarlik juda muhim. Men, shuningdek, AQSh harbiylari bilan ham ancha jangovar mashg‘ulotlar o‘tkazganman. Shu bois jismoniy tayyorgarlik va ot minish — bularning barchasi men butun umrim davomida qilib kelgan ishlarim.

Agar film muvaffaqiyatli chiqsa, sikvel ham suratga olish rejasi bormi?
— Bu biz doim gaplashib kelgan masaladir. Temur deyarli 70 yoshgacha yashagan. U juda katta harbiy yurishlar qilgan — Mo‘g‘ulistongacha, Moskvagacha, Istanbul, Damashq, Bag‘dod, hatto Dehliga qadar borgan. Temur haqida qanday qilib faqat bitta hikoya aytish mumkin? U — afsona. Shuning uchun, menimcha, yana juda ko‘p hikoyalar bor, biz ularni aytishni juda istaymiz. Agar shunday imkoniyat bo‘lsa, men ham, albatta, bu loyihaning bir qismi bo‘lishni xohlayman.
To‘liq intervyuni YouTube sahifamizda tomosha qilishingiz mumkin.
"Amir Temur" filmining oʻzbek tilidagi namoyishi boshlandi
Toshkent kinoteatrlarida amerikalik ijodkorlar tomonidan suratga olingan “Amir Temur” filmi namoyishi davom etmoqda.
Taxtgacha boʻlgan ogʻir yoʻl: amerikalik ijodkorlar ishlagan "Amir Temur" filmiga taqriz
27-mart kuni Cinematica kinoteatrida amerikalik ijodkorlar tomonidan ishlangan “Amir Temur” filmining yopiq premyerasi boʻlib oʻtdi. Film rejissyori sport mavzusidagi “Iron Cowboy” hujjatli filmi bilan taniylgan Jeykob Shvarts hisoblanadi. Bosh rolni “NCIS: Los Angeles” serialida oʻynagan Kristian Mortensen ijro etgan. Shuningdek, u filmning prodyuseri ham hisoblanadi. Qayd etilishicha, suratga olish ishlari Xiva shahrida, Tuproqqal’a shahar xarobalarida, shuningdek, Qozogʻistonda boʻlib oʻtgan.