Konsertga tayyorgarlik, Yulduz Usmonova va Shakira, daromad solig‘i: Jahongir Otajonov bilan intervyu

E’lon qilingan sana· 789
Konsertga tayyorgarlik, Yulduz Usmonova va Shakira, daromad solig‘i: Jahongir Otajonov bilan intervyu

Taniqli xonanda Jahongir Otajonov 5-may kuni Humo Arena’da “Moda” nomli yakkaxon konsertini taqdim etmoqda. To‘liq jonli ijroda o‘tishi kutilayotgan ushbu dasturdan avval jurnalistlar uchun matbuot anjumani tashkil etildi. Shuningdek, OAV vakillari repititsiya jarayoniga guvoh bo‘ldi. Unda Afisha.uz muxbiri ham qatnashib, eng muhim savol-javoblarni bir joyga jamladi.

Bu yilgi konsertga tayyorgarlik jarayonlari qanday ketyapti? Dasturda nechta qo‘shiq premyera qilish rejalashtirilgan?

— Dastur repertuari to‘liq yangi qo‘shiqlardan iborat emas. Chunki konsertga kelgan muxlislar notanish kuylarni tinglab, zerikib qolmasligini o‘yladik. Ijro etiladigan taronalarning 70 foizi 2006-yildan to hozirgacha ommaga havola qilingan xit qo‘shiqlar, qolgan 30 foizi esa yangi ijod mahsuli hisoblanadi.

Ma’lum muddat konsert bermaganim sababli o‘tgan yilgi dasturga ko‘proq vaqt tayyorgarlik ko‘rgandim. Joriy konsertga hozirlikni Ramazon hayitidan keyin boshladik, bu albatta, qisqa muddat. Ammo ijodiy kechamga kelgan muxlislar uchun kutilmagan sahnaviy holatlar bor. Buni repititsiya qilib ko‘rmaymiz, barchasi o‘sha kuni sahnada bo‘ladi.

Demak, kutilmagan sovg‘alar tayyorlayapsiz?

— Bu bir xonandaning o‘z muxlislarini qiziqtira olish uchun o‘ylagan harakati va barchasini sahnada qilib ko‘rmoqchiman. Rejamdagi bunday ishni hali jahon musiqa olamidagi biror konsertda ko‘rmadim. Buni mo‘jiza demoqchi emasman, ammo har bir san’atkor miyasiga kelgan g‘oyalarni ko‘rsatishi kerak, degan fikrdaman. Kamina qiladigan hatti-harakatlar qiziqarli, ammo o‘zbekchiligimiz, urf-odatlarimizga nomunosib harakat emas, albatta. Hayotga jiddiy qaraganim bilan sahnada biroz sho‘x va pozitivroq bo‘lishga intilaman. Konsert kuni qanday harakat qilishim haqida ochiq aytmayman, o‘sha kuni kelganlar bunga guvoh bo‘ladi.

— Ikki yildan buyon Humo arena`da konsert beryapsiz. Nega aynan bu majmuani tanladingiz? Nima sababdan dastur faqat bir kun bo‘lyapti?

— Konsert kunlari, uni o‘tkazish joyi, sarflanadigan mablag‘ kabi masalalarning hammasini tashkilotchi hal qiladi, men faqat oldindan pulni olib, jonli ijroda qo‘shiq aytib beraman xolos. Humo arena ham tashkilotchilar qarori bilan tanlandi. Ular taklif qilishdi, pullaringiz yetsa, bemalol, dedim.

Bu yil 24 ta tarona ijro etiladi. Konsert paytida soatga qarayman, 1 soat-u 40 minutdan keyin tugatish harakatiga tushaman. Chunki undan ko‘pi menga og‘irlik qiladi. Chunki qo‘shiq kuylayotganda bir joyda turmayman, o‘zim ham esdan chiqib, berilib ketaman. Shu sabab tez charchab qolaman. Oldin u darajada bilinmas edi, hozir charchaganim tez seziladi. Qariyapmiz endi, salkam 50 yoshga kirdim (kuladi).

Konsertingiz orqali qanday chegaralarni buzishni ko‘zlayapsiz?

— Hech qachon konsertlarim qanday o‘tishini oldindan bilmaganman. Lekin o‘sha kuni qo‘limdan kelganicha san’atimni ko‘rsatishga harakat qilaman. Konsertlarim har safar meni qoniqtirgan: muxlislarimning birga qo‘shiq kuylab, energiya olganini his qilaman. To‘g‘ri, bu yangilik emas. Jahon musiqasida necha yillardan beri bor bu an’ana. Mening konsertlarimda ham bunday manzaraning kuzatilishi albatta, quvonarli.

O‘ylab ko‘rsam, shu paytgacha biror konsertim sahnalashtirilmagan, uni olib boradigan boshlovchi ham bo‘lmagan. Har biri non-stop tarzida o‘tadi, qo‘shiqlar orasida ba’zan kutilmagan nimadir bo‘lib qoladi yoki bir necha daqiqa suhbatlashganimiz kulgiga aylanadi. Bu konsertim ham zo‘r o‘tishiga ishonaman.

Shu kungacha umuman duet aytmagansiz. Buning sababi nima? Yangi konsertingizda qaysidir hamkasbingiz bilan duet aytib, kutilmagan tuhfa taqdim etish rejangizda bormi?

— Yo‘q, buni xohlamayman. Duet faqat “Ozodani sevaman men, Ozodani”, degan tushunchada aytilmaydi. Tasavvurimdagi duetni kim bilan ijro etaman? Nomzodlar bormi? Kim hozir o‘zi jonli ijroda ashula aytyapti? Hech kim.

Yulduz Usmonova, Gulsanam Mamazoitova…

— Yulduz Usmonovani har doim yaxshi san’atkor sifatida maqtaganman. Ammo u meni shaxs sifatida qoniqtirmaydi. Shuning uchun u bilan duet aytmayman. U ham kamina bilan aytishga tayyor deya olmayman. Kasbimiz orqali odamlarga ma’naviy ozuqa berishimiz uchun har tomonni hisobga olishimiz kerak. Yulduz Usmonova bilan ashula aytsam, zo‘r bo‘ladi, deb faqat pul topishni o‘ylash kerakmas. Hamkorlikda yaratilgan asar uzoq yillar davomida insonlarga o‘zi sezmagan holda ozuqa berishi zarur. Seni san’atkor sifatidagi hurmating ham o‘shanda uzoq yashaydi. Hozir Yulduz Usmonova bilan birga qo‘shiq aytib, to‘y mavsumida 100 ming dollar pul topaman, deb ijodga kirishsam, bu kasbga xiyonat bo‘ladi. Zotan men ko‘p pul topishga, shon-shuhratga umuman qiziqmayman. Alloh hammaga o‘ziga yarasha rizq-nasiba beradi.

Gulsanam Mamazoitova haqida gapirsam, u haqiqatan zo‘r san’atkor, akasi ham yaxshi kuylaydi. Buni ular ancha yildan beri o‘z ijodi bilan isbotlab kelyapti. Lekin u milliylikni targ‘ib etadi, mening yo‘nalishim esa zamonaviy. Shu bois Gulsanam bilan duet aytishimni hech tasavvur qila olmayman.

Yillar davomida qaysidir o‘zbek yoki jahon yulduzining konsertlarini ko‘rib, ilhomlanish yoki ta’sirlanish holatlarini bo‘lganmi?

— Albatta, bo‘lgan. Masalan, Shakiraning konsertlari yoqadi. U ham emotsional san’atkor. Lekin uning musiqasidan foydalanmaganman. Rey Charlz konsertlarini ham qiziqib ko‘raman. Menga senzurasiz san’atkorlar ijodini kuzatish yoqadi. Ammo bu sahnaga chiqib olib so‘kish yoki o‘zbekchilikka to‘g‘ri kelmaydigan qiliqlar qilish, degani emas. Kimlar uchundir qiliqlarim va sho‘xliklarim bachkana ko‘rinishi mumkin, lekin chegaradan chiqmayman. Tarmoqlar va sahnada qanday ko‘rinsam, hayotda ham shundayman.

-O‘zbekistonda 1-sentyabrdan san’atkorlarning barcha xizmatlarini (to‘ylardan tortib konsertlargacha) Soliq ilovasida majburiy ro‘yxatdan o‘tkazish rejalashtirilmoqda. Bu keng muhokamalarga sabab bo‘lyapti. Siz to‘y va boshqa marosimlardan topgan daromadingizdan soliq to‘lashga tayyormisiz?

— Bir san’atkor fuqaro sifatida shu mamlakat yo‘llarida yuryapmiz, maza qilib yashayapmiz, hayotimdan mamnunman. Bular uchun topgan pulimning bir qismini to‘lashim kerak bo‘lsa, bosh ustiga. Lekin keyin meni hech kim bezovta qilmasin, soliq to‘lovchi sifatida mustaqil inson bo‘lay. Falon konsertga yoki falonchining to‘yiga borib bering, deyishmasin. Men nega kimningdir to‘yiga bepulga borishim kerak? Shu narsaga biz o‘rganganmizki, qaysidir vazir yo tepadan kimdir aytdi, deyishsa, darrov borishimiz kerak. Menga uning kim ekanini farqi yo‘q: pulini bersin, borib qo‘shiq aytaman va solig‘ini olsin, gap bo‘lishi mumkin emas.

Xo‘p, bizga soliq belgilanyapti. “O‘zbekkonsert” nima bo‘ladi? San’atkorlar mustaqil ijodkor sifatida bu tashkilot bilan aloqa qilmasligining iloji bormi? “O‘zbekkonsert"dan qutulishimiz mumkinmi? Bir musiqachi sifatida “O‘zbekkonsert"ning menga keragini his qilmayman, hech qanday. Faqat ba’zan xizmatlarga taklif etishadi. Lekin u bizga xalaqit qilishi mumkin, o‘sha paytda borolmasak, qanaqadir muammo kelib chiqishi mumkin. Buni hammamiz juda yaxshi bilamiz, bunday muammolarni ochiq aytish kerak. Mayli, biz soliq to‘laylik, lekin “O‘zbekkonsert” bilan hamkorlik qilmaylik.

Ushbu tartibni ishlab chiqqan mas’ullar san’atkorlarning topayotgan daromadi va xarajatlarini ham tahlil qilib ko‘rishi kerak. Masalan, Jahongir Otajonov bitta to‘yga 200 mln so‘mga borar ekan. Shu mablag‘ning shuncha qismini sozandalarga berarkan, shunchasini musiqiy anjomlarni yangalish va kliplar olishga sarflarkan, qolgan pulidan esa soliq to‘lasa bo‘ladi, deyishsa boshqa gap. San’atkorlar tekinga to‘yga borish va litsenziyaga pul to‘lashdan tashqari, soliqqa ham tortilishida mantiq qani? Bu masalada ham tartib bo‘lishi kerak, deb o‘ylayman.

Jahon yulduzlari orasida soliq to‘lamagani uchun jinoiy javobgarlikka tortilganlar haqida ko‘p eshitamiz. Biz ham shunaqa bo‘laylik: dunyo yulduzlariga o‘xshab millionlab dollar pul topaylik. Lekin ularni birov bezovta qilmaydi-da. Tushunyapsizmi? Meni ham “O‘zbekkonsert” telefon qilib, bezovta qilmasin. Tepadagi falonchi aytdi, deyishmasin. U tepadagi kim menga? Qo‘shig‘imning biror notasini yozib berganmi? Kim bo‘lishidan qat’i nazar: tepada o‘tirgan odam bo‘ladimi yo boshqasimi, xizmat haqimni bersin, borib qo‘shiq aytaman.

Shu o‘rinda “O‘zbekkonsert” tomonidan olinadigan litsenziya haqida gapirib o‘tsangiz: uning narxlari, muddati va afzalliklari qanday?

— Litsenziya shaxsan menga kerak, deb o‘ylamayman. Litsenziya amal qilish muddati bo‘yicha turlicha bo‘ladi, o‘zim bir yillik olaman va narxi sal qimmatroq: 10 million so‘mdan yuqorida turadi, adashmasam.

Litsenziyalanish nima uchun kerak? Bu hujjat sifatni belgilaydimi? Unda bizda sifatli san’atkorlar qayerda? Mayli, litsenziya tizimi bo‘lsin, ammo xalqimizni sifatli san’atkor bilan ta’minlash ham kerak. Hozirgi kunda Madaniyat vazirligi yo “O‘zbekkonsert"da san’atkorlar xalqning ma’naviy ozuqa olish darajasida ijod qilishi kerak, deya fikr yuritadigan inson bormikin? Yo‘q. Agar san’at tomonlama shu tashkilotlar javobgar bo‘ladigan bo‘lsa, xalqimizni johillikka tushirib qo‘yishgan.

Misol uchun, men bir artistman. Artist sahnada qiziqarli chiqishi kerak. Mol yo qo‘yim bilan chiqsam ham so‘kishadi yoki “Vauuu!” desam, “Jinnimi bu?”, deyishadi. Sen oldin bu jinniga o‘xshagan odam o‘zi kim, deb o‘zingga savol ber. Axir bu artist-ku, u xalqqa qiziqarli bo‘lishi kerak. San’atkor odamlarning kayfiyatini ko‘taruvchi bir shaxs. Men shunaqa qiziqarli bo‘lishga harakat qilaman. Lekin meni ko‘pchilik so‘kadi, bu esa johillik. “Ozodbek Nazarbekov qayoqqa qarayapti, bu Jahongir Otajonovni bir narsa qilib bo‘lmaydimi?”, degan izohlarni o‘qib, achinaman. Ozodbek Nazarbekov ham san’atkor, balki u bu ham bir yo‘nalish, deb qabul qilar meni.

Siz va ijodingizni hurmat qilib, tinglaydiganlar qatorida tanqid qiluvchilar ham bor. Qay biridan ko‘proq kuch olasiz: tanqid yoki maqtovdan?

— Tarmoqlardagi fikrlardan kimdir ilhomlanadi yo kimningdir kayfiyati tushadi. Ammo men tanqidlar va maqtovlardan kuch olish, degan tushunchadan ancha uzoqroqman. Agar ahamiyat qaratsangiz, hayotda aksariyat insonlar o‘z fikri bilan yashamaydi. Men esa o‘z qarashim va dunyoimda yashashni istayman, tashqaridan kelayotgan munosabatlarga e’tibor bermaslikka odatlanganman.

To‘g‘ri, bir paytlar tanqidlardan qattiq ta’sirlangan holatlarim ko‘p bo‘lgan. 20 yillar oldin Sayyod.com, Shov-shuv.uz kabi O‘zbekistondagi shou-biznesga ixtisoslashgan ilk internet saytlari meni ko‘p tanqid qilgan. Esimda, Sayyod.com saytida to‘ydan qaytayotganimizda mashinam yonib ketgani haqida xabar chiqqan. Bu juda tez tarqalgan va izohlarda “o‘zi ham o‘lib ketsa bo‘lardi”, degan har xil gap-so‘zlar menga juda ta’sir qilgan. O‘sha paytlarda yosh yigit edim. San’at sohasiga kirib kelganimga salkam 30 yil bo‘libdi. Bu davr ichida inson baribir pishib, charxlanarkan. Hozir tanqidga ham, maqtovga ham ahamiyat qaratmayman.

Sizga havas qilib san’atga kirib kelayotgan yosh ijodkorlarga qanday maslahatlar berasiz?

— To‘g‘ri bo‘lishsa, har doim yutishadi. Inson tanlagan kasbining iste’molchilarini birinchi o‘ringa qo‘ysa, ishidan baraka topadi, uzoqqa boradi. Shuningdek, odam hech qachon sarflaydigan pulini emas, balki keladiganini o‘ylash kerak. Pul top, yo‘qot, tamom. Qachonki, biz yo‘qotishni o‘ylasak, topa olmaymiz. Shu bois ko‘proq topish kerak. Masalan, men pulni ayamasdan ishlataman, hech qachon qo‘limda katta pul turmaydi. Topgan daromadimni sarflashga odatlanganman. Baribir hamma narsa qolib ketadi, inson o‘zi uchun sarflashi kerak.

Mirolim Isajonov
Muallif va fotosuratchi
Mirolim Isajonov
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Konsertga tayyorgarlik, Yulduz Usmonova va Shakira, daromad solig‘i: Jahongir Otajonov bilan intervyu — Toshkent Afishasi